Sayt test holatida ishlamoqda!
28 Avgust, 2026   |   15 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:21
Quyosh
05:45
Peshin
12:24
Asr
17:06
Shom
19:07
Xufton
20:26
Bismillah
28 Avgust, 2026, 15 Rabi`ul avval, 1448
Maqolalar

Qur’on o‘qimasdan xotirjam yashash mumkinmi?!

14.01.2025   11090   2 min.
Qur’on o‘qimasdan xotirjam yashash mumkinmi?!

Banda olamdan o‘tsa, uni yuvib kafanlash, janoza o‘qib dafn etish ortda qolgan musulmonlar zimmasiga tushadi. Odamlar mayyit hurmatini joyiga qo‘yib, janoza o‘qib dafn etishlari, Qur’on tilovat qilib savobini bag‘ishlashlari mumkin. Biroq ular marhum zimmasidagi farz ibodatlarni to‘kis bajarolmaydilar. Hamma gap shunda. 
Boshqa tarafdan olib qaraganda, ko‘pchilik Qur’on o‘qimay yurgani uchun ham ruhiy tushkunlikka, depressiyaga tushib qolyapti. Har qadamda stress (ruhiy zo‘riqish, asabbuzarlik) kuzatiladi. Ba’zi odamlar asabi chatoq, sal narsaga lovullab yonib ketadi, sirkasi suv ko‘tarmaydi. Buning sababini surishtirsangiz, Qur’on o‘qimasligi, Islomdan bexabarligidan ekani bilinib qoladi. Hatto Qur’on tarjimasini olib o‘qishga ham qunt qilmaydi. Allohning Kalomini o‘qimasdan qanday qilib xotirjam yashash mumkin?! 

Xullas, ayni damda yechimi qiyin bo‘lib turgan global ruhiy muammoning oddiy davosi – Qur’on o‘qish, oxiratni eslash. 
Unutmaylik: Qalb zangini, ko‘z shirasini zeb-ziynatlar, boylik, obro‘-e’tibor bilan ketkazib bo‘lmaydi. Qalbi zilol suvdek musaffo, ikki dunyosi obod bo‘lishini istagan inson oxiratni unutmaydi, Allohning Kalomini qunt bilan o‘qib-o‘rganadi. 
Hozirgi paytda har xil kasalliklar ko‘paygan, avvallari ma’lum bo‘lmagan illatlar paydo bo‘lgan. Odamlar ulardan qutulish uchun pullarini, oltindan qimmat vaqtlarini sarflayaptilar. Shunga qaramay, shifoxonalar kasallar bilan to‘la, bemorlar safi kamayishidan darak yo‘q. Buning boisi nimada? 

Sababi, ko‘p odamlar mukammal shifo nimadaligiga ahamiyat bermaydilar. Tibbiyot xodimlari bor e’tiborlarini moddiy muolajalarga qaratib, ruhiy jihatlarga unchalik parvo qilishmaydi. Shuning uchun bemorlar darddan to‘liq sog‘ayib ketishlari qiyin kechadi. 
Tanadagi darddan butunlay xalos bo‘lishda Qur’onning ahamiyati beqiyos. Zero, Qur’on tushkunlik, parishonxotirlik, g‘am-anduh, sehr, ko‘z tegishi kabi illatlarga tengi yo‘q shifodir. Zamonaviy tibbiyot bunday kasalliklarni tag tomiri bilan davolashga ko‘p hollarda ojizlik qiladi. 

Ulamolar aytishicha, tabobat ikkiga bo‘linadi: badan tabobati, qalb tabobati. 
Badan tabobatida inson tanasining holati, kasallikni davolash yo‘l-yo‘riqlari o‘rganiladi. Qalb tabobatida esa inson qalbini kasal qiluvchi illatlar, ularning davosi o‘rganiladi. 
Dinimiz, islomda har ikki jihatga e’tibor beriladi. Ayniqsa, qalb tabobatiga – ruhiy tarbiyaga alohida ahamiyat qaratiladi. 
Qur’on har qanday kasallikni tuzatadi, ruhiy yoki tanadagi kasallikmi, sehrmi, jin tegishimi, teri kasalliklarimi, barchasiga shifo bo‘ladi. Buning uchun bemorning e’tiqodi to‘g‘ri bo‘lsa, kifoya. Zotan, sog‘lom aqida shifoning yarmidir.  

 T.Xursanmurodov,
Hadis ilmi maktabi o‘qituvchisi.

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Erhan Afyonju: O‘zbekiston – turkiy sivilizatsiyaning eng go‘zal shaharlari joylashgan zamin

18.08.2026   71225   1 min.
Erhan Afyonju: O‘zbekiston – turkiy sivilizatsiyaning eng go‘zal shaharlari joylashgan zamin

Turkiyaning “CNN-Türk” telekanalida efirga uzatilgan “Tafakkur doirasi” dasturida so‘zga chiqqan taniqli olim, Milliy mudofaa universiteti rektori, professor Erhan Afyonju O‘zbekistonning boy tarixiy merosi va sayyohlik salohiyati haqida fikr yuritdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.

Ko‘rsatuvda qatnashgan turk tarixchisi Erhan Afyonju O‘zbekistonni turkiy sivilizatsiyaning eng go‘zal shaharlari joylashgan alohida geografik hudud sifatida ta’riflagan.

Olimning fikricha, juda ko‘pchilik sayyohlar O‘zbekistonni o‘z ko‘zi bilan ko‘rishni istaydi. Chunki dunyoga mashhur Samarqand, Buxoro, Xiva, Toshkent kabi shaharlar ana shu zaminda joylashgan.

Turk tarixchisi yoshlarga murojaat qilib, xorijga sayohat qilishni, avvalo, Turkiy dunyo mamlakatlarini kashf etish, ajdodlar yurti bilan yaqindan tanishishdan boshlash lozim ekanini ta’kidladi.

“Yoshlarga tavsiyam shuki, hozir xorijga sayohat qilmoqchi bo‘lsangiz, avvalo Turkiy zaminni aylaning. Masalan, O‘zbekistonga borib, tarixiy shaharlarni ko‘rib keling, ajdodlaringiz yurti bilan tanishing. So‘ng Saljuqiylar davlati barpo etilgan zaminlarni ko‘ring”, – dedi professor.

Erhan Afyonjuning ta’kidlashicha, bunday sayohatlar yoshlar uchun har tomonlama foydali va qiziqarli bo‘lib, ularning tarixiy xotirasi va dunyoqarashini boyitadi.

“Masalan, Samarqandning go‘zalligini dunyoning ko‘p joylarida topa olmaysiz. Ayniqsa, turk yoshlari o‘z ajdodlari yashagan zaminni borib ko‘rishlari lozim”, – dedi olim.

Professor O‘zbekistonni turkiy sivilizatsiyaning asosiy beshiklaridan biri, ilm-fan markazi sifatida ham alohida e’tirof etgan.

Shuningdek, turk tarixchisi O‘zbekistonning nafaqat tarixiy va madaniy, balki geografik jihatdan ham yashash uchun qulay hudud ekanini ta’kidlagan.

Dastur davomida professor bildirgan fikr-mulohazalar Turkiya jamoatchiligi orasida O‘zbekistonning tarixiy shaharlari, boy madaniy merosi va turizm salohiyatiga bo‘lgan qiziqishni yanada oshirishga xizmat qiladi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

 

O'zbekiston yangiliklari