Banda olamdan o‘tsa, uni yuvib kafanlash, janoza o‘qib dafn etish ortda qolgan musulmonlar zimmasiga tushadi. Odamlar mayyit hurmatini joyiga qo‘yib, janoza o‘qib dafn etishlari, Qur’on tilovat qilib savobini bag‘ishlashlari mumkin. Biroq ular marhum zimmasidagi farz ibodatlarni to‘kis bajarolmaydilar. Hamma gap shunda.
Boshqa tarafdan olib qaraganda, ko‘pchilik Qur’on o‘qimay yurgani uchun ham ruhiy tushkunlikka, depressiyaga tushib qolyapti. Har qadamda stress (ruhiy zo‘riqish, asabbuzarlik) kuzatiladi. Ba’zi odamlar asabi chatoq, sal narsaga lovullab yonib ketadi, sirkasi suv ko‘tarmaydi. Buning sababini surishtirsangiz, Qur’on o‘qimasligi, Islomdan bexabarligidan ekani bilinib qoladi. Hatto Qur’on tarjimasini olib o‘qishga ham qunt qilmaydi. Allohning Kalomini o‘qimasdan qanday qilib xotirjam yashash mumkin?!
Xullas, ayni damda yechimi qiyin bo‘lib turgan global ruhiy muammoning oddiy davosi – Qur’on o‘qish, oxiratni eslash.
Unutmaylik: Qalb zangini, ko‘z shirasini zeb-ziynatlar, boylik, obro‘-e’tibor bilan ketkazib bo‘lmaydi. Qalbi zilol suvdek musaffo, ikki dunyosi obod bo‘lishini istagan inson oxiratni unutmaydi, Allohning Kalomini qunt bilan o‘qib-o‘rganadi.
Hozirgi paytda har xil kasalliklar ko‘paygan, avvallari ma’lum bo‘lmagan illatlar paydo bo‘lgan. Odamlar ulardan qutulish uchun pullarini, oltindan qimmat vaqtlarini sarflayaptilar. Shunga qaramay, shifoxonalar kasallar bilan to‘la, bemorlar safi kamayishidan darak yo‘q. Buning boisi nimada?
Sababi, ko‘p odamlar mukammal shifo nimadaligiga ahamiyat bermaydilar. Tibbiyot xodimlari bor e’tiborlarini moddiy muolajalarga qaratib, ruhiy jihatlarga unchalik parvo qilishmaydi. Shuning uchun bemorlar darddan to‘liq sog‘ayib ketishlari qiyin kechadi.
Tanadagi darddan butunlay xalos bo‘lishda Qur’onning ahamiyati beqiyos. Zero, Qur’on tushkunlik, parishonxotirlik, g‘am-anduh, sehr, ko‘z tegishi kabi illatlarga tengi yo‘q shifodir. Zamonaviy tibbiyot bunday kasalliklarni tag tomiri bilan davolashga ko‘p hollarda ojizlik qiladi.
Ulamolar aytishicha, tabobat ikkiga bo‘linadi: badan tabobati, qalb tabobati.
Badan tabobatida inson tanasining holati, kasallikni davolash yo‘l-yo‘riqlari o‘rganiladi. Qalb tabobatida esa inson qalbini kasal qiluvchi illatlar, ularning davosi o‘rganiladi.
Dinimiz, islomda har ikki jihatga e’tibor beriladi. Ayniqsa, qalb tabobatiga – ruhiy tarbiyaga alohida ahamiyat qaratiladi.
Qur’on har qanday kasallikni tuzatadi, ruhiy yoki tanadagi kasallikmi, sehrmi, jin tegishimi, teri kasalliklarimi, barchasiga shifo bo‘ladi. Buning uchun bemorning e’tiqodi to‘g‘ri bo‘lsa, kifoya. Zotan, sog‘lom aqida shifoning yarmidir.
T.Xursanmurodov,
Hadis ilmi maktabi o‘qituvchisi.
O‘zbekiston Respublikasi Davlat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan Buxoro viloyatida faoliyat olib borayotgan imom-xatib va imom-noiblar o‘rtasida “Qur’on tinchlikka buyuradi” shiori ostida Qur’on musobaqasi o‘tkazildi.
Ochilish marosimida Buxoro viloyati bosh imom-xatibi Jobir domla Elov so‘zga chiqib, mazkur ma’rifiy tadbirning ahamiyati haqida so‘zlab, ishtirokchilarga muvaffaqiyat tiladi.
Musobaqani o‘tkazishdan ko‘zlangan maqsad diniy soha xodimlarining Qur’oni karim bo‘yicha bilim va mahoratini yanada oshirish, ular o‘rtasida o‘zaro hamjihatlik muhitini shakllantirishdir.
Bellashuvda viloyatning tuman va shaharlarida faoliyat yuritayotgan 10 nafar imom-xatib va imom-noib ishtirok etib, Qur’oni karimni o‘qish va yoddan bilish borasidagi bilim va mahoratini namoyish etishdi.
Birinchi o‘ringa Peshku tumani “Chiqirchi” jome masjidi imom-noibi Afzal Shavkatov sazovor bo‘ldi. Ikkinchi o‘rin Buxoro shahridagi “Volidi Abdulazizxon” jome masjidi imom-noibi Abduvohid Akramovga, uchinchi o‘rin Jondor tumani “Raboto‘g‘lon” jome masjidi imom-xatibi Shuhrat Sherovga nasib etdi.
G‘oliblarga diplom va qimmatbaho sovg‘alar topshirildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati