Sayt test holatida ishlamoqda!
12 Yanvar, 2026   |   23 Rajab, 1447

Toshkent shahri
Tong
06:24
Quyosh
07:48
Peshin
12:36
Asr
15:34
Shom
17:19
Xufton
18:37
Bismillah
12 Yanvar, 2026, 23 Rajab, 1447

15.01.2025   91377   1 min.
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Shayx Yusufxon to‘ra Shokirov: Ilm va ma’rifat fidoyisi

12.01.2026   148   3 min.
Shayx Yusufxon to‘ra Shokirov: Ilm va ma’rifat fidoyisi

 

Shayx Yusufxon to‘ra Shokirov nafaqat O‘zbekiston, balki butun Markaziy Osiyo musulmonlari ma’naviy hayotida, islom dini rivoji yo‘lida o‘ziga xos iz qoldirgan yirik olim va zabardast mudarrisdir.

Tavalludi va yoshlik yillari

Yusufxon to‘ra Shokirov 1926 yili Qirg‘izistonning To‘qmoq shahrida ziyoli oilada dunyoga keldi. Uning yoshlik yillari insoniyat tarixidagi eng og‘ir davrlardan biri — Ikkinchi jahon urushi yillariga to‘g‘ri keldi. Urushning so‘nggi pallalarida va undan keyingi tiklanish davrida jamoa xo‘jaligida traktorchi bo‘lib ishlab, mehnat qildi. Biroq oiladagi ilmiy muhit va otasi, taniqli diniy arbob Olimxon to‘radan olgan boshlang‘ich saboqlari uning qalbida ilmga bo‘lgan kuchli ishtiyoqni uyg‘otdi.

Ilm olish yo‘lida

Yusufxon to‘raning bilim olish maqsadida bosib o‘tgan yo‘li — Buxorodan Qohiragacha, madrasadan universitetgacha bo‘lgan safari yuksak iroda va matonat namunasidir.

  • 1948–1955 yillar: Buxorodagi mashhur Mir Arab madrasasida tahsil oldi;

  • 1955–1961 yillar: Misr Arab Respublikasidagi dunyoga mashhur Al-Azhar universitetida o‘qib, zamonaviy va islom ilmlarini egalladi;

  • 1962–1967 yillar: Toshkent Davlat universiteti (hozirgi O‘zMU) Sharq filologiyasi fakultetida tahsil olib, ilmiy salohiyatini kengaytirdi;

  • 1975 yil: Moskva shahrida Arab filologiyasi yo‘nalishida nomzodlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qildi;

  • O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik ilmiy tekshirish institutida tadqiqot olib bordi.

Ko‘p qirrali faoliyat

Shayx Yusufxon to‘ra Shokirov o‘z faoliyati davomida din-ma’rifiy soha va ta’limida samarali mehnat qildi:

  • Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom institutining ilk rektori (1971-1972) sifatida diniy kadrlar tayyorlashga boshchilik qildi.

  • 1975 yildan boshlab 20 yildan ziyod vaqt davomida O‘rta Osiyo va Qozog‘iston musulmonlari diniy nazoratida Ziyouddinxon ibn Eshon Boboxon va Shamsiddinxon Boboxonov kabi muftiylar bilan birga ishlab, rais o‘ribosari lavozimida faoliyat yuritdi.

  • Shuningdek, Buxorodagi Mir Arab madrasasi va Toshkent islom institutida arab adabiyoti, tafsir, hadis va balog‘at fanlaridan talabalarga saboq berdi.

Ilmiy ishlari

  • 4 jildli "Alisher Navoiy asarlari tilining izohli lug‘ati" kitobining "Xazoyinul ma’oniy" asari. – Toshkent: "Fan", 1983.;
  • "Qissai Rabg‘uziy" kitobidagi oyat va hadislarning o‘zbek tilidagi tadqiqi. – Toshkent, 1992.;
  • "Islom – iymon, e’tiqod va hayot tarzi". – Toshkent, 1993.;
  • "Al-Azhar – ming yil davomidagi arab filologiyasi markazi" monografiya, – Moskva, 1975.

Shogirdlar ehtiromidagi siymo

Shayx Yusufxon to‘ra Shokirov 2000 yilning 28 sentyabrida 74 yoshda Toshkent shahrida vafot etdi. Janoza namozini muftiy Abdurashid qori Bahromov o‘qigan. “Minor” qabristoniga dafn etilgan.

2026 yilning yanvar oyida ulug‘ olim tavalludining 100 yillik yubileyi keng nishonlanadi. Bu sana nafaqat bir inson xotirasiga ehtirom, balki murakkab davrlarda ham islom dinining sofligini saqlab qolgan va xalqimizga ziyo ulashgan butun bir avlod xizmatlarini e’tirof etishdir. Yusufxon to‘ra kabi fidoyi zotlarning hayot yo‘li bugungi yosh avlod uchun ilmga intilish va vatanparvarlikning yuksak namunasi hisoblanadi.

Maqolalar