Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Bilim har bir inson uchun birdek zarurdir. Biroq u to‘g‘ri va tartibli olinmasa, ko‘zlangan natijaga erishib bo‘lmaydi. Keyingi vaqtda har kim o‘ziga kerakli ma’lumotlarni internet va ijtimoiy tarmoqlardan olgan holda o‘zi bilganicha ilm o‘rganish, tasdiqlanmagan xulosalarga rioya qilish holatlari ko‘payib ketdi. Bu illatlar esa o‘z navbatida haqiqiy bilimlar qadr-qiymatiga putur yetkazib qo‘ymoqda. Quyida ilmni ustozdan olish haqiqatiga oid ba’zi dalillarni keltirib o‘tdik.
Qur’oniy dalillar
1. Alloh taolo Qur’oni Karimda bilmaydiganlarga biladiganlardan so‘rashni buyurdi: «Agar bilmaydigan bo‘lsangiz, zikr ahllaridan so‘ranglar» (Anbiyo surasi, 7-oyat).
2. Qur’oni Karim Alloh taolo tomonidan ummatning hidoyati va ilmi uchun nozil qilingan. Ammo Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning tushuntirishlarisiz Qur’on ma’nolarini to‘liq va bexato anglab bo‘lmas edi. Alloh taolo Qur’oni Karimda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga bunday marhamat qiladi: «(Biz payg‘ambarlarni) hujjatlar va kitoblar bilan (yuborganmiz). Sizga esa odamlarga nozil qilingan (ma’lumotlar)ni bayon (tafsir) qilib berishingiz uchun va tafakkur qilsinlar, deb bu zikrni (Qur’onni) nozil qildik» (Nahl surasi, 44-oyat).
Hadisiy dalillar
3. Muoviya roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Alloh kimga yaxshilikni iroda qilsa, uni dinda faqih qilib qo‘yadi. Albatta, men taqsimlovchiman, xolos, Alloh beradi. Albatta, bu ummat Allohning ishi (qiyomat) kelguncha Allohning amrida qoim bo‘ladi. Ularga xilof qilganlar zarar yetkaza olmaydi», dedilar (Buxoriy, Muslim, Abu Dovud va Termiziy rivoyati).
«Sahihu Buxoriy»ga sharh yozgan mashhur muhaddis Hofiz ibn Hajar Asqaloniy rahimahulloh mazkur hadisni bunday izohlaydi: «Demak, ishonchli ilm faqat payg‘ambarlar (anbiyo) va ularning vorislaridan (ulamolardan) olingan ilmdir». Alloma Ayniy rahimahulloh ham ushbu hadisni shunday sharhlagan.
4. Alloma Shotibiy rahimahulloh bu fikrga urg‘u berib yozadi: «Buning dalili yana bir hadisdir: «Abdulloh ibn Amr ibn Os roziyallohu anhumo aytadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning: «Albatta, Alloh taolo bandalaridan ilmni birdaniga sug‘urib olmaydi. Balki ilmni ulamolarning jonini olish bilan tortib oladi. Nihoyat, birorta olim qolmagach, odamlar johillarni boshliq qilib olishadi. Keyin ular so‘ralganlarida, johillarga xos ravishda fatvo berishadi. Natijada ular adashadilar va adashtiradilar», deganlarini eshitdim» (Buxoriy rivoyati).
Yana bunday yozadi: «Shunday ekan, ilm kaliti – uning ko‘tarib yuruvchilari ekaniga shubha yo‘q» («Adab al-ixtilaf», 174-bet).
5. Hofiz Ibn Hajar rahimahulloh ushbu hadisning sharhida Imom Ahmadning «Musnadi»dan bir parcha keltiradi, unda bunday deyiladi: «Albatta, ilm ahlining tark etishi – aynan ilmning ketishidir» («Fathul-boriy»).
Payg‘ambarlar alayhimussalomdan misolar
6. Aytilishicha, Dovud alayhissalom payg‘ambar bo‘lgunlariga qadar Luqmon Hakimdan ko‘p ilmlar o‘rganganlar («Tafsir al-Qurtubiy»).
7. Luqmon Hakim o‘g‘liga bunday nasihat bergan: «O‘g‘lim, olimlarga yaqin va doimo ular bilan birga bo‘l. Albatta, Alloh taolo yerni yomg‘ir bilan tiriltirganidek, qalblarni hikmat bilan tiriltiradi» («Jomi’u bayonil ilm»; «Ma’olim irshodiya», 164-bet).
8. Muso alayhissalomning Hizr alayhissalomdan ilm olganlari ma’lum.
9. Yusha’ ibn Nun alayhissalom payg‘ambarlik kelishidan oldin uzoq vaqt Muso alayhissalomning yordamchisi vazifasini bajarganlar, ularning xizmatida bo‘lganlar.
Salafi solihlarning so‘zlari
10. Shuningdek, tobeinlar davrida kim biror ilmi borligini da’vo qilsa, undan bu ilmni kimdan olgani so‘ralgan (Muslimning «Sahih» asari kirish qismi).
11. Mashhur muhaddis Xatib Bag‘dodiy rahimahulloh «Taqyidul ilm» asarida bunday yozadi: «Ko‘plab olimlar vafot etishlaridan oldin o‘zlarining ayrim kitoblarini yo‘q qilishdi va boshqalarga ham shunday qilishni buyurishdi. Ular bu kitoblar hukmlarni tushunmaydigan va kitobdan faqat tashqi ma’nolarni oladigan johillar qo‘liga tushib qolishidan qo‘rqib shunday qildilar».
Keyin bu ishni Imom Obid Salmoniy, Imom Sho‘ba ibn Hajjoj, Imom Abu Qiloba va Imom Iso ibn Yunus rahimahulloh kabilar qilganini aytib o‘tdi (61–62 betlar).
12. Imom Abu Hanifa rahimahullohga masjidda ilm majlisida o‘tirib, fiqhiy masalalar haqida bahslashayotgan bir guruh odamlar haqida xabar berilganida, u kishi: «Ularning ustozi bormi?» degan savollariga «yo‘q» degan javob bo‘lganda: «Bu odamlar hech qachon fiqhni egallamaydilar» deganlar (Shayx Muhammad Avvoma. «Adab al-ixtilaf», 164-bet va «Ma’olim irshodiya», 163-bet; «Al-Faqih val Mutafaqqih», 2-jild, 83-bet).
13. Bir kuni Imom Molik rahimahullohdan «Kishi ilm olishda olimlar bilan suhbatlashmasdan, faqat kitob o‘qib qanoatlansa ilm oladi-mi?» deb so‘rashdi. Imom Molik rad javob berdi va bunday dedi: «Ilm faqat uni yod olgan, olimlarga hamroh bo‘lgan, o‘z ilmiga amal qilgan va to‘g‘riso‘z halol kishidangina olinadi» («Adab al-ixtilaf», 165-bet; «Ma’olim Irshodiya», 163-bet).
14. Ibn Rushd rahimahulloh yozadi: «Qadim zamonlarda bilim odamlarning qalbida bo‘lgan. Keyin u kitoblarga o‘tkazildi, ammo kalitlar hali hamon odamlarning qalbida qolmoqda. Shu sababli, talaba, albatta, unga munozaralar va tushunish yo‘llarini ochadigan murabbiyga muhtoj» («Adab al-ixtilof», 174-bet; «Ma’olim irshodiya», 174-bet).
15. Xatib Bag‘dodiy rahimahulloh yozadi: «Har bir talabaning qiyin savollarga javob olish uchun murojaat qilishi mumkin bo‘lgan ustozi bo‘lishi kerak» («Al-Faqih val-mutafakkih», 2-jild, 83-bet; «An-Nasiha yoki Ahlil-Hadis», 259-bet).
16. Imom Shotibiy rahimahulloh aytadilar: «Agar o‘quvchiga ilm sirlarini ochib (tushuntirib) beradigan olim bo‘lmasa, kitoblarning o‘zi hech qanday foyda keltirmaydi. Bu hammaga ma’lum haqiqat» («Adab al-ixtilaf», 178-bet).
Salafi solihlarning tutgan yo‘li
17. Imom Molik rahimahulloh aytadilar: «Ba’zi shogirdlar o‘ttiz yil davomida o‘qituvchilarining darslarida qatnashgan» («Adab al-ixtilaf», 171-bet).
18. Shunchaki bir necha darslarga qatnashish (bugungi kunda odatiy holga aylangan) «mulozama» – qat’iyatlilik hisoblanmaydi («Maolim irshodiya»dagi izohlar, 177-bet).
19. Hanafiy faqihi Ibn Nujaym rahimahulloh bayon qiladi: «Ilmga muntazam murojaat qilmasdan, doimiy izlanish va ustozsiz erishib bo‘lmaydi» («Adab al-ixtilaf», 172-bet).
20. Imom Shotibiy rahimahulloh aytadilar: «O‘z davrida mashhur bo‘lgan va omma tomonidan qabul qilingan har bir taniqli olimning o‘z davrida murojaat qiladigan ustozlari bo‘lgan» («Adab al-ixtilaf», 176-bet).
21. Ilm yo‘lidagi safarlar.
Bu yerda muhokama qilinadigan asosiy jihat, salaflarning ilm yo‘lida sarson-sargardonlikda o‘tkazgan uzoq muddatlaridir:
1). Imom Boqiy ibn Mahlad rahimahulloh ilm izlab ikki marta safarga chiqdilar. Ularning birinchisi 14 yil, ikkinchisi esa 20 yil davom etdi («Safohat min sabril ulama», 60-bet).
2). Imom Ibn Manda rahimahulloh 45 yilni uylaridan uzoqda o‘tkazdilar («Safohat min sabril ulama», 65-bet).
3). Imom Ya’qub ibn Sufyon Fasavi rahimahulloh: «Men 35 yildan beri safardaman», deganlar («Safohat», 61-bet).
22. Dunyo kezib ilm izlagan olimlar
Tolibi ilmlar safarlari chog‘ida birorta olim bo‘lgan hech bir shahar, qishloq yoki shaharchani e’tibordan chetda qoldirishmagan.
1). Ibn Javziy rahimahulloh Imom Ahmad rahimahulloh haqida bunday yozadilar: «Musnad»ini tuzishdan oldin butun (Islom) dunyosini uch marta kezgan («Said al-Kasir»; «Safahat min sabril ulama», 54-bet) .
2). Ibn Muqriy rahimahulloh aytdilar: «Sharqdan g‘arbga to‘rt marta safar qildim va o‘n marta Baytul Maqdisni ziyorat qildim» («Safohat min sabril ulama», 64-bet).
23. Faqat bitta ustoz emas!
Salaflar hech qachon bir-ikki ustoz bilan cheklanishmagan. Ularning muallimlari ba’zan minglab adadni tashkil qilgan.
1). Imom Buxoriy rahimahulloh: «Men 1080 ustozdan hadis yozdim», deganlar («Hadyu as-sariy», 670-bet).
2). Imom Ibn Hibbon rahimahulloh dedilar: «Taxminan 2 mingdan ortiq ustozdan hadis yozib oldim» («Tazkiratul-xuffoz», 3-jild, 921-bet).
3). Ibn Manda rahimahullohning 1700 nafar ustozi bor edi («Tazkiratul-xuffoz», 3-jild, 1032-bet).
4). Abdulloh ibn Muborak rahimahulloh 4 ming ustozdan ilm olgan («Tazkiratul-huffoz», 1-jild, 276-bet).
5). Imom Abu Hanifa rahimahullohning birgina tobe’inlardan 4 ming nafar ustozi borligi xabarlarda kelgan (Ibn Hajar Haysamiy «Al-Xayratul-hison»; «Asorul-hadis», 176-bet).
6). Hofiz Iroqiy rahimahulloh Imom Qosim ibn Dovud Bag‘dodiy rahimahulloh haqida yozadi: «U zot: «6 ming shayxdan hadis yozdim», dedilar («Safohat»ga izoh, 64-bet).
24. Zamonamizning beqiyos muhaddisi Shayx Muhammad Avvoma hafizahulloh «Adabul ixtilof» kitobida alohida ta’kidlab bunday yozadi: «Ular (ulamolar) ustozi bo‘lmagan kishiga hech qachon e’tibor bermaganlar va bunday kishini hatto u bilan gaplashishga ham loyiq ko‘rmaganlar, chunki u xato qilishga moyil edi».
25. Abu Ja’far Dovudiy o‘z davrining nufuzli ulamolarining fikriga e’tiroz bildirganda, ular bunday javob berdilar: «Ovozingizni o‘chiring! Sizing ustozing yo‘q!» («Adab al-ixtilaf», 164-bet).
26. Shayx Avvoma rahimahulloh aytadilar: «Har bir insonning nasl-nasabi bor. Talaba o‘z bilimi uchun o‘qituvchilaridan olinadigan nasl-nasabga ham muhtoj. O‘qituvchisi bo‘lmagan kishi, kimligi betayin va nasl-nasabi noma’lum odam kabidir. Uning hech qanday qadri ham, vazni ham yo‘q» («Oltin qo‘llanma», Angliya, 8-bet; «Ma’olim irshodiya», 160-bet va «Adab al-ixtilaf», 164-bet).
Xatolarning kelib chiqish sababi
27. Muhammad ibn Sirin, Hakam ibn Atiyya va Voqiy ibn al-Jarroh rahimahulloh singari imomlar Bani Isroilning adashib ketishlariga asosiy sabab ota-bobolaridan qolgan kitoblardir, deganlar («Taqyid al-ilm», 61-bet).
28. Darhaqiqat, ilmlarning jamlanishi ham odamlarning ulamolar darslariga kam qatnasha boshlagani sabab bo‘lgani uchun Imom Avzoiy rahimahulloh aytdilar: «Ilm ilmli kishilarning og‘zidan chiqqanida ulug‘ edi. Lekin u kitoblarga ko‘chganida nuri (ilohiy nuri) yo‘qoldi» («Taqyid ul-ilm», 64-bet).
Boshqa rivoyatda bunday deyiladi: «...kitoblarga kirganida, unga huquqi bo‘lmaganlar unga yo‘l olishdi!» («Sunani Dorimiy», 467-hadis).
Eslatma! Yuqorida kelitirilgan ikki iqtibosdan maqsad kitoblarni o‘zboshimcha o‘rganish noto‘g‘ri ekanini isbotlash va kitoblarni bilimdon ustoz hamrohligida o‘rganish kerakligini tushuntirishdir.
29. Shayx Muhammad Avvoma aytadi: «Olimlardan ilm olmagan, ularning huzurida uzoq vaqt bo‘lmagan, odatlarini o‘zlashtira olmaydigan odamdan qanday hurmat kutish mumkin? Bunday odam olimlarning qadrini qanday tan oladi? Shuning uchun, bunday odamlarning olimlarni tanqid qilishi ajablanarli holat emas! Kimki ulamolar majlislariga qatnashsa, haqiqatdan ham ularni hurmat qila boshlashi kafolatlanadi» («Adab al-ixtilof», 172-bet; «Ma’olim irshodiya», 172-bet).
30. Alloma Ibn Hajar al-Haytamiy rahimahulloh aytadilar: «Kimki ilmni faqat kitobdan olgan bo‘lsa, o‘zgalarni yo‘ldan ozdiruvchilardan bo‘libdi» («Fatvo Hadisiya»; «Adab al-ixtilaf», 165-bet).
31. Imom ash-Shotibiy rahimahulloh yozadi: «Sunnatga qarshi bo‘lgan aksariyat buzuq toifa va guruhlarning hech qachon tayinli ustozi bo‘lmagan («Adab al-ixtilaf», 176-bet).
32. Imom Shofe’iy rahimahulloh aytadilar: «Ey birodarim! Ushbu oltita asossiz hargiz bilimga ega bo‘lmaysiz: Sabab, istak, qashshoqlik, sargardonlik, muallim va uzoq muddat ustoz nazorati ostida o‘tkazilgan mashg‘ulotlar» («Adab al-ixtilof», 162-bet; «Ma’olim Irshodiya», 174-bet).
Xulosa
33. Bugungi kunda ayrim odamlarning diniy ilmlarni mustaqil ravishda o‘rganishi urf bo‘lmoqda. Eng yomoni, ba’zilar hech qanday ustoz yoki sohadagi malakali mutaxassisning nazoratisiz «fatvo» yoki «maqola»larini o‘qib olib, o‘zicha ilm tarqatmoqda.
Alloh taolo muhtaram ustozlarimizning umrini ziyoda qilsin, ularning ilmidan foydalanishimizga tavfiq ato etsin.
Davron Nurmuhammad
«Hilol» jurnali 5 (62) son
Hijriy 3-yil, rabi’us-soniy oyi (mil. 624 yil sentyabr-oktyabr) – Banu Sulaym qabilasi Madinaga hujum qilish uchun katta qo‘shin to‘playotgani haqida Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga xabar yetib kelgani zahoti (yoki Quraysh karvonini ko‘zlab), u zot 300 jangchidan tashkil topgan lashkar bilan Madinaning janubiy tarafidagi Buhron degan joyga bordilar. Lekin jangsiz keyingi oyda Madinaga qaytib keldilar. Bu yurish tarixga “Buhron g‘azoti” nomi bilan kirgan.
Hijriy 4-yil, rabi’us-soniy oyi (mil. 625 yil sentyabr-oktyabr) – G‘atafon qabilasining Banu Muhorib va Banu Sa’laba urug‘laridan tashkil topgan sahroyi arablar bir joyga yig‘ilishayotgani haqida Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga xabar kelganida, bu toshbag‘ir va to‘pori badaviylarning dillariga qo‘rquv solish maqsadida Najd dashtlari osha ular ustiga tezlik bilan yurish qildilar. Qaroqchilik va bosqinchilikni o‘zlariga kasb qilib olgan bu badaviylar musulmonlarning kelayotgani xabarini eshitib, qo‘rqib, tog‘ning tepasiga chiqib ketishdi. Shunday qilib, musulmonlar bu bosqinchi qabilalarning popuklarini pasaytirib, dillariga qo‘rquv solib qo‘ydi va jumodul avval oyida Madinaga sog‘-omon qaytib kelishdi. Bu yurishga “Najd g‘azoti” deyiladi.
Hijriy 6-yil, rabi’us-soniy oyi (yoki rabi’ul avval oyi / mil. 627 yil iyul-avgust yoki avgust-sentyabr) – Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Ukkosha ibn Mihsan roziyallohu anhu boshchiligida 40 nafar sahobani G‘amr suvi atrofida joylashgan Banu Asad qabilasiga yubordilar. Bu yurishga “Ukkosha ibn Mihsan sariyasi” deyiladi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Muhammad ibn Maslama roziyallohu anhu boshchiligida o‘n kishilik sariyani Banu Sa’laba diyoridagi Zulqassa degan joyga yubordilar. U yerga yetib borganlarida dushman ular uchun 100 kishilik pistirma tayyorlab qo‘ygan ekan. Musulmonlar uyquga ketganda pistirmadagilar to‘satdan hamla qilib, ularni o‘ldirib ketishdi, faqat bitta Muhammad ibn Maslama yaralangan holda tirik qoldi. Bu yurishga “Muhammad ibn Maslama sariyasi” deyiladi.
Hijriy 6-yil, rabi’us-soniy oyi (mil. 627 yil avgust-sentyabr) – Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Muhammad ibn Maslama sariyasida o‘ldirilgan sahobalarning qasosini olish uchun Abu Ubayda ibn Jarroh roziyallohu anhu boshchiligida 40 nafar sahobani yana Zulqassaga yubordilar. Ular tunlari piyoda yo‘l yurib, tong payti Banu Sa’laba qabilasiga hujum qildilar. Dushman toqqa qochib chiqib ketdi. Musulmonlar faqat bir kishini qo‘lga oldi va u musulmon bo‘ldi. Bu yurishga “Abu Ubayda ibn Jarroh sariyasi” deyiladi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Zayd ibn Horisa roziyallohu anhu boshchiligida bir sariyani Marruz-Zahrondagi Jamum suvi atrofida joylashgan Banu Sulaym qabilasi ustiga yubordilar. Bu yurishga “Zayd ibn Horisa sariyasi” deyiladi.
Hijriy 9-yil, rabi’us-soniy oyi (mil. 630 yil iyul-avgust) – Rum shohi Qaysar Mu’ta jangidan bir yil ham o‘tmay, musulmonlar yengib bo‘lmas katta qudratga aylanmaslaridan turib, ularni batamom tor-mor qilishga ahd qildi hamda rumliklar, ularga tobe bo‘lgan G‘asson va boshqa arab qabilalari ishtirokida juda katta qo‘shin hozirlab, katta urushga tayyorlana boshladi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bo‘lajak urushga tayyorgarlik qilish maqsadida ayollaridan bir oy davomida iylo qildilar, ya’ni ularga yaqinlashmaslikka qasam ichdilar va ulardan chetlanib, bir hujrani maskan tutdilar.
O‘sha kunlarda munofiqlar o‘z fitna va makr-hiylalariga o‘choq bo‘lishi uchun masjid suratida bir markaz barpo qildilar. U masjidning nomi “Ziror” ya’ni, musulmonlarga zarar yetkazish masjidi edi. So‘ng ular Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan ushbu masjidlarida namoz o‘qib berishlarini so‘rashdi, lekin Rasululloh sollallohu alayhi vasallam urushga tayyorgarlik qilish bilan band bo‘lganlari uchun u yerda namoz o‘qishni keyinga surdilar.
Hijriy 18-yil, rabi’us-soniy oyi (mil. 639 yil aprel) – hazrati Umar roziyallohu anhu xalifalik davrida Shom mamlakatidagi musulmonlarning ahvolidan xabar olib kelish maqsadida Madinadan sahobalar bilan yo‘lga chiqdilar. Shom chegarasidagi Sarg‘ qishlog‘iga yetganida, Shomda o‘lat tarqagani haqida xabar yetib keldi va Shomga kirmasdan ortlariga qaytishdi. O‘sha o‘lat sababli, Shomda 25-30 ming musulmon vafot etgan. O‘lganlar ichida Abu Ubayda ibn Jarroh, Muoz ibn Jabal, Yazid ibn Abu Sufyon va Suhayl ibn Amr singari mashhur sahobalar ham bor edi. Shunda hazrati Umar roziyallohu anhu Amr ibn Os roziyallohu anhuga maktub yozib, shahar aholisini tog‘li hududlarga ko‘chirishni buyuradi. Chunki o‘lat tog‘ aholisi orasida tarqalmas ekan. Shu sabab, qolgan xalq o‘limdan saqlanib qolgan. Alloh barchalaridan rozi bo‘lsin.
Hijriy 368-yil, rabi’us-soniy oyi (mil. 978 yil noyabr) – sahobalar haqida yozilgan «Al-istiy’ob fi ma’rifatil as'hob» kitobi muallifi Abu Umar ibn Abdul Barr rohimahulloh juma kuni imom minbarda xutba o‘qiyotganida tug‘ildi.
Hijriy 491-yil, rabi’us-soniy oyi (mil. 1098 yil mart) – salb urushlari boshlandi.
Hijriy 1252-yil, 21-rabi’us-soniy (mil. 1836 yil 4 avgust) – mashhur «Raddul muxtor» kitobi muallifi, hanafiy ulamolarining oxirgi muhaqqiqlaridan Ibn Obidin rohimahulloh vafot etgan.
Hijriy 1375-yil, rabi’us-soniy oyi (mil. 1955 yil noyabr-dekabr) – Saudiya davlati o‘z tarixida Masjidul Haromni ilk bor kengaytirish ishlarini boshladi.
Hijriy 1420-yil, rabi’us-soniy oyi (mil. 1999 yil iyul-avgust) – mashhur «Mabohis fi ulumil Qur’on» kitobi muallifi shayx Manno’ Qatton vafot etdi…
Abdul Azim Ziyouddin,
Toshkent Islom instituti katta o‘qituvchisi.