Sayt test holatida ishlamoqda!
10 Avgust, 2026   |   27 Safar, 1448

Toshkent shahri
Tong
03:57
Quyosh
05:27
Peshin
12:30
Asr
17:25
Shom
19:33
Xufton
21:02
Bismillah
10 Avgust, 2026, 27 Safar, 1448

Har kimning Alloh sari o‘z eshigi bor…

22.01.2025   10058   7 min.
Har kimning Alloh sari o‘z eshigi bor…

عن أبي هريرة رضي الله عنه: عن النبي صلي الله عليه وسلم قال: مَن أنْفَقَ زَوْجَيْنِ في سَبيلِ اللَّهِ، دَعاهُ خَزَنَةُ الجَنَّةِ، كُلُّ خَزَنَةِ بابٍ: أيْ فُلُ هَلُمَّ، قالَ أبو بَكْرٍ: يا رَسولَ اللَّهِ، ذاكَ الذي لا تَوَى عليه، فقالَ النبيُّ صَلَّى اللهُ عليه وسلَّمَ: إنِّي لَأَرْجُو أنْ تَكُونَ منهمْ. رواه البخاري.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim Allohning yo‘lida bir juft (narsa) nafaqa qilsa, uni jannat xozinlari chaqiradi. Har bir eshik xozini: “Ey falonchi, kel bu yoqqa”, (deydi)”, dedilar. Abu Bakr: “Yo Allohning Rasuli, zoye bo‘lmaydigan o‘sha ekan-ku”, dedi. Shunda Nabiy alayhissalom: “Sen ulardan bo‘lishingni umid qilaman”, dedilar.

Ushbu hadisi sharifda rahmat payg‘ambari Sayyidimiz Nabiy alayhissalom biz ummatni oson, ammo Alloh taoloning huzurida katta darajalarga, ajr-mukofotga yetkazadigan amalga buyuryaptilar. E’tibor bilan qaraladigan bo‘linsa, hadisi sharifda aytilayotgan amalni hammamiz har kuni qila olishimiz mumkin bo‘lgan amalki, hech birimiz Alloh taoloning fazl-u marhamatidan umidimizni so‘ndirmasak ham bo‘ladi.

Hadisi sharifda “bir juft”, deyildi. Bunda har qanday narsadan bir juftni tushunishgan ushbu hadisni sharhlagan ulamolarimiz. Bir juft kiyim, bir juft dirham, bir juft dinor, bir juft non, bir juft taom va hokazo. Insonga yordami tegishi mumkin bo‘lgan, unga foyda berishi mumkin bo‘lgan har qanday narsa tushuniladi. Demak, aynan qaysidir narsaning qanday turini infoq qilish shart emas. Kishi topganini musulmon birodariga ilinib uni sadaqa qilsa hadisi sharifda aytilayotgan va’daga yetishi aniq ekan. Qarang, ushbu hadisi sharifda zikr qilingan amalni ixlos bilan, yolg‘iz Alloh taoloning roziligini ko‘zlab amalga oshiradigan bo‘lsak, jannatni hayotimizda doim uchraydigan, hamma ham qila oladigan, oddiy amal bilan qo‘lga kiritishimiz aniq ekan.

Savol tug‘iladiki, bu amalni bir marotaba qilsa kifoyami yoki doimiy shunday amalda bardavom bo‘lish kerakmi? Hadisi sharifdan shu narsa ma’lum bo‘ladiki, bu amalni bir marotaba yoki doim qilgan odamga ushbu va’da yetishi mumkinligini tushunamiz. Mana shunday amalda chin ixlos-la, Alloh taoloning roziligini maqsad qilib sobit bo‘lgan odamga qiyomat kuni har bir Jannat darvozasida turgan farishtalar uni ey, falonchi, bu yoqqa, kel, deya chaqirar ekan.

Boshqa hadisi sharifda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam shunday dedilar: “Kim Alloh yo‘lida ikki bor infoq qilsa-biror narsa sarflasa (yoki ma’nosi: Alloh yo‘lida ikki juft ot, tuya, eshak, dinor va hokazo sarflasa), jannat eshiklaridan biridan chaqiriladi: kim namoz ahlidan bo‘lsa, namoz eshigidan, kim jihod ahlidan bo‘lsa, jihod eshigidan, kim ro‘za ahlidan bo‘lsa, rayyon eshigidan, kim sadaqa ahlidan bo‘lsa, sadaqa eshigidan chaqiriladi”. Hazrat Abu Bakr roziyallohu anhu shunda: “Yo Alloh payg‘ambari, ota-onam sizga fido bo‘lsin, barcha eshiklardan kirish fazilati ham bo‘larmikan, biror kishi barcha eshiklardan ham chaqirilib qoladimi?” deb so‘radilar. Payg‘ambar alayhissalom: “Ha. Siz o‘shalardan bo‘lsangiz kerak”, deb javob berdilar.

Ulamolardan Ibn Abdul Barr rahimahulloh “At-Tamhid” nomli asarlarida (7/184-185 betlar) quyidagilarni aytadilar:

“Ushbu hadisdan olinadigan foydalardan biri shuki, Islom targ‘ib etgan amallarni bajarishda har kim ham hamma sohada ilg‘or bo‘lolmaydi, birida jonbozlik ko‘rsatsa, aksar hollarda boshqasidan mahrum qolishi mumkin, juda kam holatlarda bularning barchasi bir kishida to‘planadi, Abu Bakr roziyallohu anhu ana shunday nodir kishilardan edilar. Bu hadisda yana shunga dalolat borki, bir narsaga ko‘proq odatlangan kishi o‘shanga mansub etib qayd etiladi (albatta, bu yerda farzi ayndan tashqari bo‘lgan ibodatlar haqida gap ketmoqda). “Kim namoz ahlidan bo‘lsa”, degan so‘zlariga e’tibor bering, ya’ni, “kim namozdan ko‘paytirgan, ko‘p o‘qigan bo‘lsa” degani. Negaki, hamma ham namoz ahlidan ekani ma’lum. “Kim jihod ahlidan bo‘lsa”, “kim ro‘za ahlidan bo‘lsa” deganlari ham shu ma’noda.

Imom Molikning Abdulloh ibn Abdulaziz Umariy nomli zohid, obid kishiga aytgan so‘zlari ham shunga o‘xshab ketadi. Mazkur zohid bir kuni imom Molikni ko‘proq uzlatga da’vat etib, zikru namoz, amalni ko‘paytirishga, odamlar bilan hadeb o‘tiravermaslikka chaqirib xat yozadi. Imom Molikning unga javobi quyidagicha bo‘lgan edi: (Alloh taolo xuddi rizqlarni bo‘lib berganidek, amallarni ham taqsimlab qo‘ydi; ba’zilarga namozda g‘ayrat berilib, ro‘zada uncha berilmagan bo‘lsa, ayrimlar ro‘zada peshqadam bo‘lib, namozda bunday bo‘lmagan, yana boshqalar sadaqada jonbozlik ko‘rsatib, ro‘zada ilg‘or bo‘la olmagan, tag‘in birlar jihodda o‘rnak bo‘lib, namozda o‘rtahol bo‘lgan. Ilmni yoyib, undan ta’lim berish eng afzal ezgu amallardan hisoblanadi. Bu borada Alloh taolo menga berib qo‘yganiga roziman. Men qilayotgan ish siz qilayotgan amaldan quyi bo‘lmasa kerak, ikkimiz ham yaxshilik ustidamiz, deb umid qilaman)”.  Ibn Abdul Barrdan keltirilgan iqtibos tugadi.

Demak, hayotimizning jabhalari turlicha. Insonlar ham turli xil tabiat, turli xil qarash, turfa xillik bilan yaratilgan. Ularning dunyo qarashi, qiziqishi, biror bir narsaga bo‘lgan rag‘bati ham turli xil. Mana shularni juda yaxshi bilgan Robbimiz Alloh taolo barchamizni O‘zining rahmat nabiysi sayyidimiz Muhammad alayhissalomning muborak tillari bilan bizga ta’lim berib aytyaptiki, barchangiz hayotning turli xil jabhalaridan yurib mening roziligimni istanglar, har kim o‘ziga muyassar qilingan amal ila mening roziligimni topishga harakat qilsin! Zero, sizlarning qay biringizni qay bir amali qabul qilinishini Mendan o‘zga hech kim bilmaydi. Sizlarni ko‘zingizga katta ko‘ringan amalni qabul qilmasligim, sizlarning nazdingizda kichik, haqir ko‘ringan amalni qabul qilib, undan rozi bo‘lishim hamda uni amalga oshirgan bandamni jannatimga kiritishim ham mumkin.

Azizlar! Dinimiz barchamizni amalga buyuradi. U katta bo‘lsin, kichik bo‘lsin, har qanday amalni ixlos, muhabbat va asosiysi Robbimiz azza va jallaning roziligini istagan holda amal qilishga  harakat qilishimiz lozimki, zero, Alloh taolo pokdir, pokni qabul qiladi. Alloh taolo barchamizni solih amallarda sobit qilsin! O‘zining roziligiga yetkazsin! Bizlarni nabiylar, siddiqlar, shahidlar va solihlarga qovushtirsin! Omin!

Abdulloh Abdulg‘ofir,
TII “Aqoid va fiqhiy fanlar” kafedrasi o‘qituvchisi.

Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Saudiya Arabistonida o‘tkazilayotgan xalqaro Qur’on tanlovida 133 davlat vakillari ishtirok etmoqda

10.08.2026   2813   2 min.
Saudiya Arabistonida o‘tkazilayotgan xalqaro Qur’on tanlovida 133 davlat vakillari ishtirok etmoqda

Qirol Abdulaziz nomidagi Qur’oni karimni yod olish, o‘qish va sharhlash bo‘yicha qirq oltinchi xalqaro tanlovning saralash bosqichi 7 avgust kuni Makka shahridagi musobaqalar o‘tkaziladigan joyda 133 davlatdan 334 nafar ishtirokchi (erkak va ayollar) ishtirokida boshlandi.

IQNA "Minbar" gazetasiga tayanib xabar berishicha, Qirol Abdulaziz nomidagi Qur’oni karimni yod olish, o‘qish va sharhlash bo‘yicha qirq oltinchi xalqaro tanlovning saralash bosqichi bir kun avval Makkadagi musobaqalar o‘tkaziladigan joyda boshlangan va final bosqichini Masjidul Haromda o‘tkazish uchun zamin tayyorlagan.

Saudiya Arabistoni Islom ishlari, da’vat va hidoyat vazirligi tomonidan tashkil etilgan ushbu tadbirning saralash bosqichida hakamlar hay’atlari eng yuqori aniqlik va shaffoflik standartlariga rioya qilgan holda, Qur’on tilovati uslublari va qoidalariga ixtisoslashgan taniqli xalqaro hakamlar guruhi nazorati ostida erkak va ayol ishtirokchilarning chiqishlarini tinglab, final bosqichiga kimlar o‘tishini aniqladi.

Tanlovning joriy bosqichi 133 mamlakatdan 334 nafar ishtirokchi (erkak va ayollar) ishtirokida o‘tkazilmoqda, ular besh toifa: "Shatibiya" usuli bo‘yicha yetti xil qiroat asosida Qur’oni Karimni to‘liq yodlash (qiroat va nazariy bilimlarni, shuningdek, tajvid qoidalarini a’lo darajada bajarish va rioya qilishni o‘z ichiga oladi); a’lo darajada ijro etish, tajvidga rioya qilish va so‘zlarni sharhlash bilan Qur’oni Karimni to‘liq yodlash; a’lo darajada ijro etish va tajvidga rioya qilish bilan Qur’oni Karimni to‘liq yodlash; a’lo darajada ijro etish va tajvidga rioya qilish bilan ketma-ket o‘n beshta juzni yodlash; a’lo darajada ijro etish va tajvidga rioya qilish bilan ketma-ket beshta juzni yodlash bo‘yicha bellashmoqda.

Vazirlik ushbu global qur’oniy tadbirning muvaffaqiyatini ta’minlash uchun elektron hakamlik tizimini joriy etish, ishtirokchilarni baholashda adolat va aniqlikni ta’minlash uchun tashkiliy va keng qamrovli platformani yaratish, shuningdek, ularga turli xil xizmatlarni taqdim etish kabi barcha imkoniyatlarini ishga solishda davom etadi.

Qirol Abdulaziz nomidagi xalqaro musobaqa dunyodagi eng yirik Qur’on musobaqalaridan biri hisoblanib, uning umumiy pul mukofotlari miqdori 10 million saudiya rialidan oshadi.

Mazkur musobaqada O‘zbekiston sharafini "Mir Arab" o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi, "Sayyid Muhiddin maxdum" o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi, Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti hamda "Xadichai Kubro" qizlar o‘rta maxsus islom bilim yurti talabalari himoya qilishi haqida avval xabar berilgan edi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

Dunyo yangiliklari