Sayt test holatida ishlamoqda!
13 Noyabr, 2026   |   3 Jumadul soni, 1448

Toshkent shahri
Tong
05:47
Quyosh
07:08
Peshin
12:12
Asr
15:24
Shom
17:09
Xufton
18:25
Bismillah
13 Noyabr, 2026, 3 Jumadul soni, 1448

Allohdan ilm va ofiyat so‘ranglar

22.01.2025   29283   4 min.
Allohdan ilm va ofiyat so‘ranglar

Boshqalarga qalbingiz, aqlingiz, molingiz ila yordam bering. Yordamingiz, amalingiz faqat Alloh taoloning rizoligi uchun bo‘lsin. Qilgan yaxshiligingizni eslab yurishdan saqlaning. Aksincha, birov sizga yaxshilik qilsa, uni doim yodingizda tuting. Zero, Alloh taolo Baqara surasining 264-oyati karimasida: «Ey iymon keltirganlar! Molini odamlar ko‘rsin deb beradigan, Allohga va oxirat kuniga ishonmaydigan kimsaga o‘xshab, (bergan) sadaqalaringizni minnat va ozor bilan yo‘qqa chiqarmang!..» deb marhamat qildi. 

Qarshingizdan chiqadigan har qanday ko‘ngilsizlikni muvaffaqiyat keltiradigan hayot tajribalaridan biri deb biling. Zero, tun naqadar uzun bo‘lmasin, albatta, quyosh chiqishi bordir. Aytishadi-ku, muvaffaqiyat narvondir, ikki qo‘ling cho‘ntakda bo‘la turib, unga ko‘tarila olmaysan, deb.

Bir burda nonga ham Allohga hamd ayting, shukr qiling. Doim ham to‘kin-sochinlik bo‘lavermaydi. O‘tayotgan kuningizdan noliyvermang, qanoatli bo‘ling. Hasad qilishdan saqlaning. Zero, Alloh taolo bandalarini O‘zi siylagan ne’matlar bilan xoslab qo‘ygan. Boshqalarning o‘sha ne’matlardan mahrum bo‘lishlariga orzumand bo‘lmang, aksincha, Alloh sizni ham ne’matlantirishini, barakotini so‘rang.

Har kuni Alloh azza va jalladan afv va ofiyat so‘rashni unutmang. Imom Termiziy rivoyat qilgan hadisda Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Allohdan afv va ofiyat so‘ranglar. Chunki biror kishiga iymondan keyin ofiyatdan-da yaxshirog‘i berilmagan”[1], deya marhamat qilganlar.

Alloh taolodan foydali ilm va keng rizq so‘rang. Boisi, ilm o‘zgalar tortib ololmaydigan xazinadir. Johilning qo‘lidagi ming dinor bir hovuch tuproqqa aylanadi, ilm talabidagi kimsaning qo‘lidagi bir siqim tuproq esa, ming dinorga.

Aliy ibn Abu Tolib roziyallohu anhu ilmning fazli borasida: “Ey Kumayl, ilm mol-dunyodan yaxshiroqdir. Ilm seni muhofaza qiladi, molni esa sen qo‘riqlaysan. Ilm – hokim, mol esa mahkumdir. Molni berganing sari kamayaveradi. Ilm esa tarqatish orqali ko‘payib boradi”, deganlar.

Ilm mag‘rurlikni so‘ndiradi. G‘urur go‘yo bananning po‘stlog‘iga o‘xshaydi. Muvaffaqiyat cho‘qqisiga ko‘tarilayotganingizda, u sabab toyib ketasiz. Foydali ilm so‘rash borasida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Alloh taolodan manfaatli ilm so‘ranglar va foyda bermaydigan ilmdan panoh tilanglar”, deganlar.

O‘zingiz va atrofingizdagilar birdek baxtli bo‘lishi uchun ularning har birini baxtiyor qilishga harakat qiling. Yig‘i orasida kula olmaganingizdek, atrofingizdagilar zulmat qa’rida bo‘lgan bir holda, siz tong yog‘dusi ichra tura olmaysiz. Axir, insonning baxti uning ko‘magi sabab muvaffaqiyatga erishganlarning adadi bilan belgilanadi. O‘ziga to‘q kishilardan bo‘lsangiz davlatingizdan ozroq berish ila boshqalarning saodatiga hissangizni qo‘shing. Bordi-yu, qo‘lingiz kaltalik qilsa, bir og‘iz shirin so‘z bilan bo‘lsa-da, bu jarayonda ishtirok eting.

Qora kuningizda sizga yordam qo‘lini cho‘zgan, dunyo to‘nini teskari kiyganida siz bilan birga yelkadosh bo‘lgan, ba’zan yaqinlaringiz tashlab ketib yolg‘iz qolganingizda sizni jarlikdan olib chiqqan kishilarni unutmang...

Nabiy sollallohu alayhi vasallam ham minnatdorchilik bildirish mo‘minlarning sifati ekanini ta’kidlab: “Odamlarga tashakkur aytmagan kishi, Alloh azza va jallaga ham shukr qilmaydi”, deganlar va yana boshqa bir hadislarida yaxshilikni mukofotlashni o‘rgatib, shunday deya marhamat qilganlar: “Kim sizlarga bir yaxshilik qilsa, uni mukofotlab qo‘yinglar. Taqdirlashga arzirli biror narsa topa olmasangiz,  haqqi ado bo‘ldi deb o‘ylaguningizgacha uning haqqiga duo qilib qo‘ying” (Imom Abu Dovud rivoyati).

Siz bilmay xafa qilgan insonlaringizni ismini yodingizda tuting va, albatta, uzringizni ayting. Odamlarni hisob-kitob qilmang, odamlarni muhokama qilish vaqtni behuda ketkazishdan boshqa narsa emas.

Hasson Shamsiy Poshoning "Jannat bo‘stonidagi oilaviy oqshomlar" nomli kitobidan
G‘iyosiddin Habibulloh, Ilhom Ohund, Abdulbosit Abdulvohid tarjimasi.


[1] Imom Termiziy rivoyati.

 

 

Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Xushxabar: Qo‘shko‘pir tumanidagi “Xazrati Eshon bobo” masjidiga ilk g‘isht qo‘yildi

22.10.2026   69375   1 min.
Xushxabar: Qo‘shko‘pir tumanidagi “Xazrati Eshon bobo” masjidiga ilk g‘isht qo‘yildi

Ulamolarimiz: "Biror hududda masjid barpo etilsa, shu masjidning barakasi butun aholiga tatiydi. Shu yerga fayz, unum va baraka inadi", deyishgan. 

Qo‘shko‘pir tumanida joylashgan “Xazrati Eshon bobo” jome masjidini qaytadan qurish uchun tamal toshi qo‘yilgan edi. Bugun, mazkur masjidning yangi binosi qurilishiga ilk g‘isht qo‘yish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Unda Xorazm viloyat bosh imom-xatibi Xayrulla domla Abdullayev va tumandagi imom-xatiblar, mutasaddilar, mahalla faollari va nuroniy otaxonlar ishtirok etdi.

Yangi jome tez orada mo‘min-musulmonlar ixtiyoriga topshirilishini Alloh taolo nasib etsin. Bu xayrli ishga hissa qo‘shayotganlardan Robbimiz rozi bo‘lsin!

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot  xizmati

O'zbekiston yangiliklari