Sayt test holatida ishlamoqda!
14 Noyabr, 2026   |   4 Jumadul soni, 1448

Toshkent shahri
Tong
05:48
Quyosh
07:10
Peshin
12:12
Asr
15:24
Shom
17:08
Xufton
18:24
Bismillah
14 Noyabr, 2026, 4 Jumadul soni, 1448

Allohdan ilm va ofiyat so‘ranglar

22.01.2025   29332   4 min.
Allohdan ilm va ofiyat so‘ranglar

Boshqalarga qalbingiz, aqlingiz, molingiz ila yordam bering. Yordamingiz, amalingiz faqat Alloh taoloning rizoligi uchun bo‘lsin. Qilgan yaxshiligingizni eslab yurishdan saqlaning. Aksincha, birov sizga yaxshilik qilsa, uni doim yodingizda tuting. Zero, Alloh taolo Baqara surasining 264-oyati karimasida: «Ey iymon keltirganlar! Molini odamlar ko‘rsin deb beradigan, Allohga va oxirat kuniga ishonmaydigan kimsaga o‘xshab, (bergan) sadaqalaringizni minnat va ozor bilan yo‘qqa chiqarmang!..» deb marhamat qildi. 

Qarshingizdan chiqadigan har qanday ko‘ngilsizlikni muvaffaqiyat keltiradigan hayot tajribalaridan biri deb biling. Zero, tun naqadar uzun bo‘lmasin, albatta, quyosh chiqishi bordir. Aytishadi-ku, muvaffaqiyat narvondir, ikki qo‘ling cho‘ntakda bo‘la turib, unga ko‘tarila olmaysan, deb.

Bir burda nonga ham Allohga hamd ayting, shukr qiling. Doim ham to‘kin-sochinlik bo‘lavermaydi. O‘tayotgan kuningizdan noliyvermang, qanoatli bo‘ling. Hasad qilishdan saqlaning. Zero, Alloh taolo bandalarini O‘zi siylagan ne’matlar bilan xoslab qo‘ygan. Boshqalarning o‘sha ne’matlardan mahrum bo‘lishlariga orzumand bo‘lmang, aksincha, Alloh sizni ham ne’matlantirishini, barakotini so‘rang.

Har kuni Alloh azza va jalladan afv va ofiyat so‘rashni unutmang. Imom Termiziy rivoyat qilgan hadisda Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Allohdan afv va ofiyat so‘ranglar. Chunki biror kishiga iymondan keyin ofiyatdan-da yaxshirog‘i berilmagan”[1], deya marhamat qilganlar.

Alloh taolodan foydali ilm va keng rizq so‘rang. Boisi, ilm o‘zgalar tortib ololmaydigan xazinadir. Johilning qo‘lidagi ming dinor bir hovuch tuproqqa aylanadi, ilm talabidagi kimsaning qo‘lidagi bir siqim tuproq esa, ming dinorga.

Aliy ibn Abu Tolib roziyallohu anhu ilmning fazli borasida: “Ey Kumayl, ilm mol-dunyodan yaxshiroqdir. Ilm seni muhofaza qiladi, molni esa sen qo‘riqlaysan. Ilm – hokim, mol esa mahkumdir. Molni berganing sari kamayaveradi. Ilm esa tarqatish orqali ko‘payib boradi”, deganlar.

Ilm mag‘rurlikni so‘ndiradi. G‘urur go‘yo bananning po‘stlog‘iga o‘xshaydi. Muvaffaqiyat cho‘qqisiga ko‘tarilayotganingizda, u sabab toyib ketasiz. Foydali ilm so‘rash borasida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Alloh taolodan manfaatli ilm so‘ranglar va foyda bermaydigan ilmdan panoh tilanglar”, deganlar.

O‘zingiz va atrofingizdagilar birdek baxtli bo‘lishi uchun ularning har birini baxtiyor qilishga harakat qiling. Yig‘i orasida kula olmaganingizdek, atrofingizdagilar zulmat qa’rida bo‘lgan bir holda, siz tong yog‘dusi ichra tura olmaysiz. Axir, insonning baxti uning ko‘magi sabab muvaffaqiyatga erishganlarning adadi bilan belgilanadi. O‘ziga to‘q kishilardan bo‘lsangiz davlatingizdan ozroq berish ila boshqalarning saodatiga hissangizni qo‘shing. Bordi-yu, qo‘lingiz kaltalik qilsa, bir og‘iz shirin so‘z bilan bo‘lsa-da, bu jarayonda ishtirok eting.

Qora kuningizda sizga yordam qo‘lini cho‘zgan, dunyo to‘nini teskari kiyganida siz bilan birga yelkadosh bo‘lgan, ba’zan yaqinlaringiz tashlab ketib yolg‘iz qolganingizda sizni jarlikdan olib chiqqan kishilarni unutmang...

Nabiy sollallohu alayhi vasallam ham minnatdorchilik bildirish mo‘minlarning sifati ekanini ta’kidlab: “Odamlarga tashakkur aytmagan kishi, Alloh azza va jallaga ham shukr qilmaydi”, deganlar va yana boshqa bir hadislarida yaxshilikni mukofotlashni o‘rgatib, shunday deya marhamat qilganlar: “Kim sizlarga bir yaxshilik qilsa, uni mukofotlab qo‘yinglar. Taqdirlashga arzirli biror narsa topa olmasangiz,  haqqi ado bo‘ldi deb o‘ylaguningizgacha uning haqqiga duo qilib qo‘ying” (Imom Abu Dovud rivoyati).

Siz bilmay xafa qilgan insonlaringizni ismini yodingizda tuting va, albatta, uzringizni ayting. Odamlarni hisob-kitob qilmang, odamlarni muhokama qilish vaqtni behuda ketkazishdan boshqa narsa emas.

Hasson Shamsiy Poshoning "Jannat bo‘stonidagi oilaviy oqshomlar" nomli kitobidan
G‘iyosiddin Habibulloh, Ilhom Ohund, Abdulbosit Abdulvohid tarjimasi.


[1] Imom Termiziy rivoyati.

 

 

Boshqa maqolalar
Yangiliklar

O‘zbekiston xalqiga bayram tabrigi

21.10.2026   67954   7 min.
O‘zbekiston xalqiga bayram tabrigi

Qadrli yurtdoshlar!

Siz, azizlarni, butun xalqimizni, xorijdagi vatandoshlarimiz va o‘zbek tilining barcha do‘stlarini 21 oktyabr – O‘zbek tili bayrami kuni bilan samimiy muborakbod etaman.

Dunyodagi eng qadimiy va boy tillardan biri bo‘lgan ona tilimiz olis ajdodlarimizdan bizga buyuk meros bo‘lib kelayotgan o‘z tilimizdir.

Biz “O‘z” degan ezgu g‘oyani tilga munosabatimizda ham ana shunday tushunamiz va joriy etamiz. Ayni shu g‘oya o‘zak tomirlarimizdan oziqlanib kelgan ona tilimizga dunyo bilan erkin muloqot qilish, zamonaviy bilimlarni o‘zlashtirish, xalqimiz ma’naviyatini yuksaltirishda yangi kuch-quvvat beradi, deb ishonamiz.

Albatta, inson aynan til orqali o‘zini anglaydi, oilasi va el-yurtiga mehr tuyg‘usini ifoda etadi. Xalqning xotirasi, bilim va tajribasi, orzu-umidlari ham tilda mujassam bo‘ladi. Davlat tilining qadri va ahamiyati haqida gapirganda, biz, avvalo, ana shu jihatlarni yetakchi o‘ringa qo‘yamiz.

Bizning buyuk ajdodlarimiz aynan ona tilimiz boyliklaridan ilhom olib, ilm va adabiyot olamida durdona asarlar yaratganlar, inson qalbi va jamiyat hayoti haqida teran fikrlar yozib qoldirganlar. Ana shu an’analarni davom ettirgan holda, o‘z tilimizning imkoniyatlarini yangi ilm, texnologiya va ijod namunalari bilan boyitish – bizning mas’uliyatli vazifamizdir.

O‘zbekiston – turli millat va elat vakillari yagona oila bo‘lib, birgalikda yangi hayot va kelajak barpo etayotgan umumiy Vatanimizdir.

O‘z tilimiz davlat tili sifatida fuqarolarimizning muloqot tiliga aylanib, ularning jamiyat hayotida faol ishtirok etishlariga xizmat qilayotgani barchamizni albatta quvontiradi.

Ayni paytda har bir insonning ona tili va madaniy qadriyatlariga hurmat va e’tibor – jamiyatdagi do‘stlik va hamjihatlikning muhim asosi ekanini ham biz yaxshi tushunamiz. Shu bois yurtimizda qoraqalpoq tili va boshqa tillarning rivojini qo‘llab-quvvatlash, o‘zbek tilini o‘rganish uchun qulay sharoitlar yaratish borasidagi ishlar o‘zaro uyg‘un va bir-birini to‘ldiradigan holda olib borilmoqda.

Davlat tilini bilish, hech shubhasiz, insonga yangi bilim va imkoniyatlar eshigini ochadi, ularda umumiy hayotimiz, istiqbolimiz uchun daxldorlik hissini kuchaytiradi. Bu borada o‘zbek tilini endigina o‘rgana boshlagan insonga samimiy munosabatda bo‘lish, uning intilishini qo‘llab-quvvatlash ayniqsa muhimdir.

Biz yoshlarimizning o‘zbek tilida teran fikrlashi, chet tillarini puxta egallashi va jahondagi ijobiy o‘zgarishlarga hamnafas bo‘lishi uchun yanada qulay sharoitlar yaratishimiz zarur. Bu borada tarjima san’ati ham alohida o‘rin tutadi. Biz tarjima orqali insoniyatning tafakkur xazinasidan eng yaxshi asarlarni o‘z tilimizga olib kiramiz, davlat tilidagi g‘oya va asarlarni esa boshqa xalqlarga yetkazamiz.

Ayniqsa, Oksford universitetidagi “O‘zbekshunoslik dasturi” kabi hamkorlik yo‘nalishlari tarjima asosidagi ana shunday muloqotning namunasi bo‘lib xizmat qilishi mumkin. Chet ellardagi o‘zbek tili o‘qituvchilari, tadqiqotchi va talabalarning qiziqishini rag‘batlantirish, ularni sifatli adabiyotlar, ta’lim resurslari bilan ta’minlashga ham alohida e’tibor qaratishimiz lozim.

Muhtaram vatandoshlar!

Tilning hayotimizdagi o‘rni, avvalo, undan qanchalik samarali foydalanish darajasi bilan bog‘liq. Bola o‘z fikrini ravon bayon eta olsa, talaba murakkab mavzuni tushungan holda o‘rgansa, fuqaro rasmiy hujjat mazmunini osongina anglasa – til taraqqiyotining natijasi aynan shunda ko‘rinadi.

Shuning uchun ta’lim sohasida asosiy e’tiborni o‘quvchining o‘qish, tushunish, gapirish va savodli yozish ko‘nikmalariga qaratishimiz kerak. O‘zbek tilini ona tili sifatida o‘rganayotgan bola bilan uni davlat tili sifatida egallayotgan o‘quvchining ehtiyojlari o‘rtasida albatta farq bor. Darslik va o‘qitish usullarini yangilashda bu albatta hisobga olinishi lozim.

Hayot tajribasi shuni ko‘rsatmoqdaki, muallimlarning malakasi, bolalar adabiyoti, kutubxonalar va zamonaviy ta’lim vositalari tilga bo‘lgan mehrni mustahkamlaydi. Oiladagi samimiy suhbat, birgalikda kitob o‘qish va bolaning savollariga e’tibor ham shu jarayonning muhim qismi. Shu ma’noda mamlakatimizda kitobxonlikni umummilliy harakatga aylantirib, bu jarayonga katta e’tibor berayotganimiz zamirida ham tilimiz rivoji haqidagi e’tibor mavjud, desak, to‘g‘ri bo‘ladi.

Davlat idoralari bu borada namuna bo‘lishi shart. Qonun, qaror, yo‘riqnoma va murojaatlarga javoblar ravon, aniq va tushunarli tilda yozilishi kerak. Fuqaro o‘zining haq-huquqi yoki majburiyatini anglash uchun ortiqcha qiyinchilikka duch kelmasligi lozim. Davlat tiliga hurmat davlat xizmatining sifatida ham ko‘rinishi kerak.

Oldimizdagi muhim vazifalardan yana biri – o‘zbek tilida zamonaviy ilmiy manbalardan foydalanish va yangi tadqiqot natijalarini bayon etish imkoniyatlarini kengaytirishdan iborat. Tibbiyot, muhandislik, iqtisodiyot va boshqa sohalarda ishonchli adabiyotlar, sifatli tarjima matnlari hamda elektron resurslarga ehtiyoj katta.

Bu borada hurmatli olimlarimiz, tilshunos, tarjimon va mutaxassislarning hamkorligi zarur. Atamalarni tanlashda ma’no aniqligi, ularning tushunarli va xalqaro ilmiy muloqot bilan bog‘liq bo‘lishiga e’tibor qaratishimiz kerak. Lug‘atlarimiz ham tilning jonli taraqqiyoti va yangi bilimlarni izchil aks ettirib borishi lozim.

Yana bir dolzarb vazifa – o‘zbek tilidan bugungi raqamli muhitda ham to‘laqonli foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishimiz zarur. Buning uchun sifatli matnlar va nutq namunalarini jamlash, elektron lug‘atlar, tarjima va tahrir vositalarini rivojlantirish alohida ahamiyatga ega.

Nutqni matnga, matnni ovozga aylantiradigan texnologiyalar ta’limda, mehnat jarayonida va kundalik hayotda odamlarga qulaylik yaratishi kerak. Bunday resurslarni tayyorlashda mualliflik huquqi va shaxsiy ma’lumotlar himoyasiga oid qoidalarga amal qilinishi lozim.

Biz barpo etayotgan inklyuziv jamiyat talablaridan kelib chiqqan holda, ulardan nogironligi bo‘lgan insonlar ham foydalana olishiga alohida e’tibor qaratishimiz zarur.

Sun’iy intellekt vositalarining davlat tilidagi sifati ularning insonga qanchalik aniq va foydali yordam berayotgani bilan baholanadi.

Yozuv va imlo masalalarida ham asosiy mezon odamlarning o‘qishi, yozishi va axborotdan foydalanishi uchun qulaylik bo‘lishi kerak. Bu boradagi yechimlar ilmiy asos, jamoatchilik bilan muloqot va amaliy tayyorgarlikka tayanishi lozim. Ta’lim, nashriyotlar va raqamli tizimlarning o‘zaro muvofiqligi, turli avlodlarning ehtiyojlari puxta hisobga olinishi zarur.

Fursatdan foydalanib, o‘z tilimiz ravnaqi yo‘lida fidokorona mehnat qilayotgan olim va tadqiqotchilarga, muallim va tarjimonlarga, adib va jurnalistlarga, noshirlar va axborot texnologiyalari mutaxassislariga samimiy minnatdorlik bildiraman. O‘zbek tilini mehr bilan o‘rganayotgan yurtdoshlarimiz va xorijlik do‘stlarimizga ham alohida tashakkur aytaman.

Ona tilimizni sevib, ardoqlab, uning shuhratini oshirishga, dunyo bilan muloqotini kengaytirishga har birimiz munosib hissa qo‘shaylik!

Siz, aziz vatandoshlarimni yana bir bor tabriklab, sizlarga sihat-salomatlik, xonadonlaringizga tinchlik va farovonlik, yutuq va omadlar tilayman.

O‘zbek tili bayrami barchamizga muborak bo‘lsin!

 

Shavkat Mirziyoyev,

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Yangiliklar