Boshqalarga qalbingiz, aqlingiz, molingiz ila yordam bering. Yordamingiz, amalingiz faqat Alloh taoloning rizoligi uchun bo‘lsin. Qilgan yaxshiligingizni eslab yurishdan saqlaning. Aksincha, birov sizga yaxshilik qilsa, uni doim yodingizda tuting. Zero, Alloh taolo Baqara surasining 264-oyati karimasida: «Ey iymon keltirganlar! Molini odamlar ko‘rsin deb beradigan, Allohga va oxirat kuniga ishonmaydigan kimsaga o‘xshab, (bergan) sadaqalaringizni minnat va ozor bilan yo‘qqa chiqarmang!..» deb marhamat qildi.
Qarshingizdan chiqadigan har qanday ko‘ngilsizlikni muvaffaqiyat keltiradigan hayot tajribalaridan biri deb biling. Zero, tun naqadar uzun bo‘lmasin, albatta, quyosh chiqishi bordir. Aytishadi-ku, muvaffaqiyat narvondir, ikki qo‘ling cho‘ntakda bo‘la turib, unga ko‘tarila olmaysan, deb.
Bir burda nonga ham Allohga hamd ayting, shukr qiling. Doim ham to‘kin-sochinlik bo‘lavermaydi. O‘tayotgan kuningizdan noliyvermang, qanoatli bo‘ling. Hasad qilishdan saqlaning. Zero, Alloh taolo bandalarini O‘zi siylagan ne’matlar bilan xoslab qo‘ygan. Boshqalarning o‘sha ne’matlardan mahrum bo‘lishlariga orzumand bo‘lmang, aksincha, Alloh sizni ham ne’matlantirishini, barakotini so‘rang.
Har kuni Alloh azza va jalladan afv va ofiyat so‘rashni unutmang. Imom Termiziy rivoyat qilgan hadisda Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Allohdan afv va ofiyat so‘ranglar. Chunki biror kishiga iymondan keyin ofiyatdan-da yaxshirog‘i berilmagan”[1], deya marhamat qilganlar.
Alloh taolodan foydali ilm va keng rizq so‘rang. Boisi, ilm o‘zgalar tortib ololmaydigan xazinadir. Johilning qo‘lidagi ming dinor bir hovuch tuproqqa aylanadi, ilm talabidagi kimsaning qo‘lidagi bir siqim tuproq esa, ming dinorga.
Aliy ibn Abu Tolib roziyallohu anhu ilmning fazli borasida: “Ey Kumayl, ilm mol-dunyodan yaxshiroqdir. Ilm seni muhofaza qiladi, molni esa sen qo‘riqlaysan. Ilm – hokim, mol esa mahkumdir. Molni berganing sari kamayaveradi. Ilm esa tarqatish orqali ko‘payib boradi”, deganlar.
Ilm mag‘rurlikni so‘ndiradi. G‘urur go‘yo bananning po‘stlog‘iga o‘xshaydi. Muvaffaqiyat cho‘qqisiga ko‘tarilayotganingizda, u sabab toyib ketasiz. Foydali ilm so‘rash borasida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Alloh taolodan manfaatli ilm so‘ranglar va foyda bermaydigan ilmdan panoh tilanglar”, deganlar.
O‘zingiz va atrofingizdagilar birdek baxtli bo‘lishi uchun ularning har birini baxtiyor qilishga harakat qiling. Yig‘i orasida kula olmaganingizdek, atrofingizdagilar zulmat qa’rida bo‘lgan bir holda, siz tong yog‘dusi ichra tura olmaysiz. Axir, insonning baxti uning ko‘magi sabab muvaffaqiyatga erishganlarning adadi bilan belgilanadi. O‘ziga to‘q kishilardan bo‘lsangiz davlatingizdan ozroq berish ila boshqalarning saodatiga hissangizni qo‘shing. Bordi-yu, qo‘lingiz kaltalik qilsa, bir og‘iz shirin so‘z bilan bo‘lsa-da, bu jarayonda ishtirok eting.
Qora kuningizda sizga yordam qo‘lini cho‘zgan, dunyo to‘nini teskari kiyganida siz bilan birga yelkadosh bo‘lgan, ba’zan yaqinlaringiz tashlab ketib yolg‘iz qolganingizda sizni jarlikdan olib chiqqan kishilarni unutmang...
Nabiy sollallohu alayhi vasallam ham minnatdorchilik bildirish mo‘minlarning sifati ekanini ta’kidlab: “Odamlarga tashakkur aytmagan kishi, Alloh azza va jallaga ham shukr qilmaydi”, deganlar va yana boshqa bir hadislarida yaxshilikni mukofotlashni o‘rgatib, shunday deya marhamat qilganlar: “Kim sizlarga bir yaxshilik qilsa, uni mukofotlab qo‘yinglar. Taqdirlashga arzirli biror narsa topa olmasangiz, haqqi ado bo‘ldi deb o‘ylaguningizgacha uning haqqiga duo qilib qo‘ying” (Imom Abu Dovud rivoyati).
Siz bilmay xafa qilgan insonlaringizni ismini yodingizda tuting va, albatta, uzringizni ayting. Odamlarni hisob-kitob qilmang, odamlarni muhokama qilish vaqtni behuda ketkazishdan boshqa narsa emas.
Hasson Shamsiy Poshoning "Jannat bo‘stonidagi oilaviy oqshomlar" nomli kitobidan
G‘iyosiddin Habibulloh, Ilhom Ohund, Abdulbosit Abdulvohid tarjimasi.
[1] Imom Termiziy rivoyati.
Alloh taolo aytadi: “Odamlarga (kibrlanib) yuzingni burishtirmagin va yerda kerilib yurmagin! Chunki Alloh barcha kibrli, maqtanchoq kimsalarni suymas” (Luqmon surasi, 18-oyat).
Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Sizlardan ilgari yashab o‘tgan bir kishini takabburlik bilan izorini sudrab yurganida yer yutdi. U qiyomat kunigacha yer (qa’ri)ga kirib ketaveradi” (Imom Buxoriy rivoyati).
Yoshligimizda ustozlar kishining kibrli yo unday emasligini donga to‘la boshoqning egilishi, donsiz boshoqning esa xuddi kibrlanganday tik turishi misolida tushuntirishgandi. Katta bo‘lib angladikki, ustozlarning maqsadi boshoq misolida kibrlanmaslikni ko‘z oldimizda qoldirish bo‘lgan ekan. Negaki, mutakabbirlikning oqibati juda ayanchli bo‘larkan.
Amr ibn Shuaybning bobosidan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Qiyomat kunida mutakabbir kimsalar odam suratidagi chumolilarga o‘xshash holda qayta tiriladi. Ularni har tomondan xorlik o‘rab oladi. Ular jahannamdagi “Bulus” deb nomlanadigan zindonga haydaladi” (Imom Termiziy rivoyati).
Kibrning sabablari turlichadir. Masalan, biror sohani o‘zlashtirgan, kerakli mutaxassisga aylangan odam o‘zini olim, boshqalarni johil sanab, nasihatni qabul qilmay qolishi, kimdir ota-bobolarining oliy nasabi bilan faxrlanib, o‘zgalarni nasabi past, deb bilishi, kimdir esa mol-dunyo tufayli g‘ururga ketishi mumkin. Yana chiroy, quvvat kabi ne’matlar ham shular jumlasidan. Ko‘plar shu sabablar tufayli “Boshqalardan ustunman”, deb o‘ylashadi. Vaholanki, Alloh bandaning chiroyiga, nasabiga, boyligiga emas, qalbiga, qilayotgan niyati va amaliga qaraydi.
Ibn Sinoning ustozi Kushyorning huzuriga bir kishi ilm o‘rganish maqsadida kelibdi. 2-3 oy o‘tsa hamki, ustozi ilm berishni boshlamagach:
– Hazrat, endi menga javob bersangiz. Uch oy bo‘ldi, dars bermadingiz. Vaqtingiz yo‘q shekilli, – debdi. Shunda ustoz:
– Men senga bajonidil dars berardim. Lekin huzurimga kelgan paytingda "bu ilmdan mening uncha-muncha xabarim bor", deya kibrlanding. O‘sha qarashing haliyam ketmadi. Men bo‘sh idishni to‘ldiraman, deb javob qilibdi.
Mol-davlatga kibrlansangiz, demak faqirsiz. O‘zingizni boshqalardan ustun ko‘radigan bo‘lsangiz, har qancha ilmingiz bo‘lmasin, johilsiz. Kishini zulmga, tug‘yonga soladigan kuch-quvvat aslida zaiflikdir. Haqiqiy boylik, martaba va ilmni tavozeli insonlardan topasiz!
Ja’farxon So‘fiyev,
To‘raqo‘rg‘on tumanidagi
“Is'hoqxon to‘ra” jome masjidi imom-xatibi