O‘zbekiston musulmonlari idorasi rahbariyatining aholi bilan samimiy muloqoti ko‘plab muammolarni hal etishda muhim omil bo‘lmoqda. Jumladan, fuqarolar qabuli davomida har bir murojaat e’tiborga olinib, o‘z yechimini topayotgani quvonarli hol.
Ana shunday qabullardan biri bugun, 22 yanvar kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari fuqarolarni qabul qilib, murojaat, arz va takliflarini eshitdilar. Qabul chog‘ida ular tomonidan ko‘tarilgan masjidlar holati, imom-xatib faoliyati, haj va umra, oilaviy masalalar, diniy ta’lim hamda moddiy yordam olish singari masalalarning aksariyati ijobiy hal etildi.
Jumladan, oilaviy munosabatlarda kelganlarga muammolar yechimi bo‘yicha maslahatlar, shar’iy masalalar yechimi yuzasidan tavsiyalar va moddiy yordam so‘raganlarga belgilangan tartibda ko‘mak berildi.
Mana shunday samimiy qabul va g‘amxo‘rlikdan mamnun bo‘lgan fuqarolardan ko‘rsatilgan e’tibordan ko‘ngillari shod bo‘lishib, xayrli duolar qilishdi.
Bu kabi qabul jarayonlari O‘zbekiston musulmonlari idorasining hududlardagi vakilliklari va barcha jome masjidlarida ham haftaning har chorshanba kuni imom-domlalar tomonidan amalga oshirilmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Inson nafsi doimo o‘zgarib turadi. Nafs Allohga yaqin yoki uzoqligiga qarab beshta darajaga ajraladi.
Birinchi daraja – nafsi ammora (yomonlikka buyuruvchi nafs)dir. U har doim egasini gunohga, loqaydlikka undaydi. Bunday nafs haqida so‘fiylar janobi va imomi Junayd Bag‘dodiy quddisa sirrahu hazratlari marhamat etadilar: “Nafsi ammora ruhiy halokatga chaqiradi va insonning dushmanlariga xizmat qiladi”.
Bu yerda Junayd Bag‘dodiy quddisa sirrahu dushman deganda Odam farzandlariga dunyoviy hayot va gunoh ishlarni jozibali qilib ko‘rsatuvchi shaytonni nazarda tutganlar.
Ikkinchi daraja – nafsi lavvoma (malomat etuvchi nafs)dir. Bu darajadagi nafs o‘z sohibini sodir etgan gunohlari uchun yomonlab, ta’na-malomat qiladi.
Uchinchi daraja – nafsi mulhima (ruhlantiruvchi, ilhomlantiruvchi)dir. Bu darajadagi nafs o‘z sohibini xayrga ishontirib, yaxshilik qilishga chaqiradi.
To‘rtinchi daraja – nafsi roziya (rozi bo‘lgan nafs)dir. Bu darajadagi nafs Allohning hokimiyati va Uning hukmlaridan rozi bo‘lgan nafsdir. Bu nafs Allohga batamom itoat etuvchi, Alloh u uchun nimani ixtiyor etgan bo‘lsa, barchasini qabul qilguvchidir.
Beshinchi daraja – nafsi marziya (Alloh rozi bo‘lgan, maqbul nafs)dir. Bu barchadan kuchli va qudrati cheksiz Allohning lutfi va rizosiga sazovor bo‘lgan nafsdir. Murid bu darajalarga erishish bilan Buyuk Qudrat sohibi Allohni haqiqiy anglash yo‘liga birinchi qadamni qo‘yishga muyassar bo‘ladi.
“Axloqus solihiyn” (Yaxshilar axloqi) kitobidan
Yo‘ldosh Eshbek, Davron Nurmuhammad
tarjimasi.