O‘zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi Fatvo markazi xodimi Furqatjon To‘xtasinovning volidai muhtaramalari vafoti munosabati bilan u kishining oila a’zolari va yaqinlariga chuqur ta’ziya izhor etadi.
Alloh taolo marhuma onaxonni O‘z mag‘firatiga olsin, iymonlari va solih amallarini o‘zlariga hamroh aylasin. Oxiratlarini obod etib, joylarini Firdavs jannatlaridan qilsin!
Oxirat safariga kuzatilgan onaxon el-yurt koriga yaraydigan, dinu diyonat yo‘lida xizmat qiladigan farzand va nevaralarni o‘stirdilar, chiroyli tarbiya qildilar.
Haq taolo marhuma onaxonning ahli oilasi, farzandu arjumandlari va yaqinlariga chiroyli sabr berib, bu musibatlarini yaxshiliklar ila to‘ldirsin.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi, ulamolari, imom-domlalari va o‘qituvchi-mudarrislari nomidan marhuma onaxonning yaqinlariga, xususan, Furqatjon To‘xtasinovga hamdardlik bildiramiz.
Innaa lillaahi va innaa ilayhi roji’uun.
«Musibat yetganda “Albatta, biz Allohnikimiz va albatta, biz Unga qaytuvchimiz”, degan sabrlilarga xushxabar bering».
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Namangan viloyati bosh imom-xatibi, Ulamolar kengashi a’zosi Abdulloh domla Samatov Pop tumanidagi «Yakka tut» hamda Mingbuloq tumanidagi «Gulbog‘» jome masjidlarida bo‘ldi.
Tashrif davomida bosh imom-xatib mazkur masjidlarda namozxonlar uchun qulay sharoitlar yaratish maqsadida qayta qurilayotgan tahoratxonalar holati bilan yaqindan tanishdi.
Qurilish jarayonlari ko‘zdan kechirilib, barpo etilayotgan zamonaviy tahoratxonalarning sifatli, milliy me’morchilik an’analari va barcha sanitariya-gigiyena talablariga to‘liq javob beradigan tarzda amalga oshirilishi bo‘yicha tegishli tavsiyalar berildi.
Shuningdek, ushbu xayrli ishlarda fidoyilik ko‘rsatayotgan quruvchilar va hissa qo‘shayotgan yurtdoshlarimiz haqqiga duo qilindi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati