Sayt test holatida ishlamoqda!
14 Sentabr, 2026   |   3 Rabi`us soni, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:42
Quyosh
06:02
Peshin
12:19
Asr
16:44
Shom
18:39
Xufton
19:54
Bismillah
14 Sentabr, 2026, 3 Rabi`us soni, 1448

Me’roj kechasi qachon?

24.01.2025   44627   5 min.
Me’roj kechasi qachon?

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Isro nima degani?

“Isro” (الإسراء) Alloh taolo Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamni kechaning bir bo‘lagida Makkadagi Masjidul Haromdan Quddusdagi Masjidul Aqsoga sayr qildirishidir.


Me’roj nima degani?

“Me’roj” (المعراج) esa, Alloh taolo Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamni Quddusi sharifdan yuqoriga, ya’ni, O‘zining Huzuriga ko‘tarishidir.


Isro va me’roj kechasi qachon bo‘lgan?

Isro va Me’roj hodisasi yuz bergani haqida Islom ummatida mutlaqo ixtilof yo‘q. Bu haqda Qur’oni karimda: «(O‘z) bandasi (Muhammad)ni, unga mo‘jizalarimizdan ko‘rsatish uchun (Makkadagi) Masjidul Haromdan (Qudsdagi) Biz atrofini barakotli qilgan Masjidul Aqsoga tunda sayr qildirgan Zotga tasbeh aytilur. Darhaqiqat, U eshituvchi va ko‘ruvchidir» (Isro surasi, 1-oyat), deyilgan.

Ammo qachon sodir bo‘lgani haqida turlicha qarashlar bor. Alloma Muborakfuriy rahimahulloh “Ar-Rahiyqul maxtum” kitobida “Isro va Me’roj” voqeasi qachon sodir bo‘lgani to‘g‘risida aytilgan quyidagi olti xil qarashni keltirgan:

  1. Isro Alloh taolo u zotni nubuvvatga musharraf etgan yili bo‘lgan.
  2. Payg‘ambar bo‘lganlaridan besh yil keyin bo‘lgan.
  3. Nubuvvatning o‘ninchi yili rajab oyining 27-kechasida bo‘lgan.
  4. Hijratdan o‘n olti oy oldin nubuvvatning 12-yili ramazon oyida bo‘lgan.
  5. Hijratdan bir yilu ikki oy oldin nubuvvatning 13-yilida muharram oyida bo‘lgan.
  6. Hijratdan bir yil oldin nubuvvatning 13-yilida robi’ul avval oyida bo‘lgan.
     

Bu kechaning hikmatlari ko‘p. Ulardan biri –

Isro hodisasi Islom da’vatining eng og‘ir va mashaqqatli davrida sodir bo‘ldi. Bu vaqtda mushriklar Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga kuchli tazyiq o‘tkazishardi. Ularning zulmidan himoya qiluvchi Abu Tolib, Xadiyja binti Xuvaylid onamiz ham vafot etgandi.

Shunday qiyin va mahzunli bir damda Isro va Me’roj kechasi sodir bo‘ldi. Bu narsa u zotdagi g‘am-tashvishni ketkazish, da’vat yo‘lida sobitqadam bo‘lish, qalbga surur bag‘ishlash uchun tasalli berish edi.


Rasululloh sollallohu alayhi vasallam osmonga qanday qilib ko‘tarildilar?

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytadilar: “Menga Buroq keltirildi. U eshakdan balandroq, xachirdan esa pastroq hayvon bo‘lib, yugurganda tuyog‘ini ko‘zi yetgan joyga tashlab sakrar edi. Unga minib bir lahzada Baytul Muqaddasga yetdim. Masjidga kirib, ikki rakat namoz o‘qib chiqdim. Menga Jabroil bir idishda sharob, ikkinchi idishda sut keltirib tutdi. Men sutni olgan edim, Jabroil: (Sof) fitratni tanladingiz”, dedi. Keyin biz osmonga ko‘tarildik...” (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyati).
 

Nabiy alayhissalom samoda qaysi payg‘ambarlar bilan uchrashdilar?

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytadilar: “...Birinchi osmonda men Odam alayhissalom bilan ko‘rishdim.
Ikkinchi osmonda Iso va Yahyo alayhimassalom bilan uchrashdim.
Uchinchi osmonda Yusuf alayhissalomni ko‘rdim.
To‘rtinchi osmonda Idris alayhissalomni,
beshinchisida Horun alayhissalomni,
oltinchisida esa Muso alayhissalomni ziyorat qilib, duolarini oldim.
Yettinchi osmonda Ibrohim alayhissalomni Baytul Ma’murga suyanib turganlarini ko‘rdim”.
 

“Baytul Ma’mur”dan “Sidratul muntaho”ga

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytadilar: “Baytul Ma’murga har kuni yetmish ming farishta kirib, ziyorat qiladib ketar ekan. So‘ng “Sidratul muntaho” daraxti yoniga keldim. Allohning amri bilan bu daraxt shunday go‘zal holga kelgan edi, uni ta’riflashdan inson tili ojiz edi”.


5 mahal namozda 50 mahal namozning savobi bor...

Nabiy alayhissalom: “Alloh shu yerda mening ummatimga ellik vaqt namozni farz qildi. Men Muso alayhissalomning yoniga tushdim va ummatimga buyurilgan farz amalni aytdim.

Muso alayhissalom: “Ummatingiz bu amalni bajarolmaydi, Allohdan yengillatishini so‘rang”, deb qaytardi. Men Muso alayhissalom bilan Alloh o‘rtasida bir necha marta qatnadim, nihoyat Alloh: “Ey Muhammad, sizning ummatingiz uchun har kecha-kunduzda besh vaqt namozni farz qildim va uni ellik vaqt o‘rnida qabul qilaman”, deb marhamat qildi.

Muso alayhissalom yana meni qaytardi. Men endi Allohdan hayo qilaman, deb besh vaqt namozning farzligiga rozi bo‘ldim”.


Bu kecha yana Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga nimalar berildi?

Bu kecha – besh vaqt namoz farz bo‘ldi, Allohga sherik qilmay, gunohlariga tavba qilganlarning kechirilishi haqidagi xushxabar berildi va “Baqara” surasining so‘nggi uch oyati nozil bo‘ldi...

Davron NURMUHAMMAD

Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Saudiya matbuoti: O‘zbekiston madaniy-gumanitar, turizm sohalarida xalqaro hamkorlikni kengaytirmoqda

24.08.2026   70889   1 min.
Saudiya matbuoti: O‘zbekiston madaniy-gumanitar, turizm sohalarida xalqaro hamkorlikni kengaytirmoqda

Saudiya Arabistonining nufuzli OAVda O‘zbekistonning madaniy-gumanitar, turizm va sport sohalaridagi xalqaro hamkorligi hamda mamlakatda bo‘lib o‘tadigan yirik tadbirlarga bag‘ishlangan tahliliy maqolalar e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Xususan, Saudiya Arabistonining “Amwaj” nashrida joriy yilning 24–29 avgust kunlari Toshkentda “Islom sivilizatsiyasi: yangicha nigoh, yangi kashfiyotlar” mavzusida xalqaro mediaforum o‘tkazilishi keng yoritildi.

O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida bo‘lib o‘tadigan ushbu yirik tadbirga yetakchi xorijiy jurnalistlar va xalqaro ekspertlar to‘planishi qayd etilgan. Forum dasturi yalpi majlislar, talabalar uchun mahorat darslari, mediaturlar va Samarqandning tarixiy obidalarini ziyorat qilishni o‘z ichiga oladi hamda O‘zbekiston davlat mustaqilligining 35 yilligini nishonlashga bag‘ishlanadi.

Shuningdek, nashrda Samarqandda O‘zbekiston Turizm qo‘mitasi tomonidan tashkil etilgan birinchi O‘zbekiston–Gruziya turizm forumi ham yoritilgan. Ta’kidlanishicha, tadbir O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Gruziyaga davlat tashrifi chog‘ida erishilgan kelishuvlarning amaliy ifodasi bo‘ldi.

Tomonlar qo‘shma sayyohlik mahsulotlarini yaratish, to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlarni kengaytirish va turizmning yangi turlarini rivojlantirish masalalarini muhokama qilgan. Gruziyadan kelayotgan sayyohlar oqimining sezilarli darajada oshgani va O‘zbekiston turizm sohasining umumiy ko‘rsatkichlari yuqori ekani qayd etilgan.

“Saudi Press Agency” axborot agentligi Jidda shahrida Saudiya Arabistoni Islom ishlari, da’vat va irshod vazirligi hamda O‘zbekiston Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi o‘rtasidagi Anglashuv memorandumiga doir ijro dasturi imzolangani haqida xabar berdi.

Ushbu hujjat mo‘tadillik tamoyillarini mustahkamlash, ekstremizmga qarshi kurashish, voiz va imomlar uchun o‘quv kurslarini tashkil etish, Qur’oni Karim ma’nolarini o‘rganish va yoyish sohasidagi hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari