Sayt test holatida ishlamoqda!
16 Avgust, 2026   |   3 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:05
Quyosh
05:33
Peshin
12:27
Asr
17:19
Shom
19:25
Xufton
20:49
Bismillah
16 Avgust, 2026, 3 Rabi`ul avval, 1448

Azon va iqomatni eshitgan kishining aytadigan duosi

27.01.2025   10725   2 min.
Azon va iqomatni eshitgan kishining aytadigan duosi

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

Azon va iqomatni eshitgan kishi muazzin nima desa, o‘shani takrorlaydi. Faqat «Hayya ’alal solah, Hayya ’alal falah», deganda:

لاَ حَوْلَ وَلاَ قُوَّةَ إِلاَّ بِاللهِ

«Laa havla va laa quvvata illa billah», deb aytadi.

«Assolatu xoyrum minan navm», desa:

صَدَقْتَ وَبَرَرْتَ

«sodaqta va barorta» yoki

صَدَقَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ، الصَّلاَةُ خَيْرٌ مِنَ النَّوْمِ

«sodaqa Rasululloh assolatu xoyrum minan navm», deydi. Agar «qod qomatis solah», desa:

أَقَامَهَا اللهُ وَأَدَامَهَا

«aqomahallohu va adamaha», deydi. Agar «ashhadu anna Muhammadar Rasululloh», desa, «va ana ashhadu anna Muhammadar rosululloh», deb, ortidan:

رَضِيتُ بِاللهِ رَبًّا وَبِمُحَمَّدٍ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ رَسُولاً وَبِالإِسْلاَمِ دِينًا

«Roziytu billahi Robban va biMuhammadin sollallohu alayhi vasallama rosulan va bil Islami diyna», deydi. Azonning hammasini eshitib bo‘lganidan keyin Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga salavot aytib, ortidan mana bu duoni o‘qiydi:

اللهُمَّ رَبَّ هَذِهِ الدَّعْوَةِ التَّامَّةِ وَالصَّلاَةِ القَائِمَةِ آتِ مُحَمَّدًا الوَسِيلَةَ وَالفَضِيلَةَ وَابْعَثْهُ مَقَامًا مُحْمُودًا الَّذِي وَعَدْتَهُ

«Allohumma robba hazihid da’vatit tammah vassolatil qoimah, ati Muhammadanil vasiylata val faziylah vab’as'hu maqomam mahmudanillaziy va’adtah» (Ey bu komil duoning va qoim bo‘lgan namozning egasi Allohim, Muhammadga vasila va fazilat ber, u zotni va’da qilganing maqtovli maqomda tiriltir). So‘ngra xohlaganicha dunyoviy va uxroviy duolarni qilaveradi.

Abu Said Xudriy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Qachon azonni eshitsanglar muazzin nima desa, o‘shani aytinglar», dedilar (Imom Buxoriy va Muslim rivoyati).

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Imom-xatiblar: «Islom sivilizatsiyasi markazi Uchinchi Renessans g‘oyasining amaliy ifodasi»

13.08.2026   19090   3 min.
Imom-xatiblar: «Islom sivilizatsiyasi markazi Uchinchi Renessans g‘oyasining amaliy ifodasi»

O‘zbekistonda Uchinchi Renessans g‘oyasini hayotga tatbiq etish, milliy va diniy merosni chuqur o‘rganish hamda ma’naviy-ma’rifiy bilimlarni kengaytirishga qaratilgan tashabbuslar doirasida Farg‘ona, Qashqadaryo va boshqa hududlardan kelgan imom-xatiblar O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida bo‘ldilar. Ular Markazdagi muzey ekspozitsiyalari, noyob qo‘lyozmalar, Renessans davrlariga bag‘ishlangan bo‘limlar va zamonaviy interaktiv yechimlar bilan tanishib, ushbu maskanni ilm, ta’lim va ma’naviyatni uyg‘unlashtirgan muhim milliy platforma sifatida baholadilar, xabar bermoqda iccu.uz.

Farg‘ona viloyati Buvayda tumani «Katta mahalla» masjidi imom-xatibi Rahmatulloh G‘oyibnazarov Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan barpo etilgan mazkur Markazni yosh avlod uchun muhim ma’rifat maskani sifatida baholadi.

«Bu yerda Birinchi va Ikkinchi Renessans davrlari, buyuk allomalarimiz qoldirgan ilmiy meros va mamlakatimiz taraqqiyoti haqidagi ekspozitsiyalarni ko‘rib katta taassurot oldik. Bu yerga kelgan har bir inson o‘z tarixini chuqurroq anglaydi, yoshlar esa ilmga va vatanparvarlikka yanada ko‘proq intiladi. Bu yerda olgan bilim va taassurotlarimizni xalqimizga yetkazishni o‘zimizga vazifa deb bilamiz», — dedi u.

Farg‘ona viloyati Qo‘shtepa tumani bosh imom-xatibi, «Muborak» jome masjidi imom-xatibi Otabek Xolmurodov Markaz kutubxonasida ilmiy izlanishlar uchun yaratilgan sharoitlarga e’tibor qaratdi.

Uning ta’kidlashicha, elektron kitoblar fondi, Brayl alifbosidagi adabiyotlar, maxsus tadqiqot xonalari va noyob manbalarning bir joyda jamlangani Markazni nafaqat muzey, balki keng qamrovli ilmiy resurs markaziga aylantirgan.

«Bu kutubxona ilmiy izlanish bilan shug‘ullanuvchilar uchun haqiqiy bilim maskani ekan. Bu yerda yaratilgan sharoitlar ilm ahlini yanada ko‘proq izlanishga undaydi. Biz bu imkoniyatlar haqida yoshlarimizga albatta targ‘ibot olib boramiz», — dedi u.

Farg‘ona viloyati Bag‘dod tumani bosh imom-xatibi Ahmadxon Nizomov esa Markazning ilmiy konsepsiyasiga alohida to‘xtaldi.

Uning fikricha, har bir ekspozitsiya ortida keng ko‘lamli tadqiqotlar va ilmiy izlanishlar mujassam bo‘lib, bu yerdagi interaktiv muhit tashrif buyuruvchilarni faqat tomoshabin emas, balki izlanuvchiga aylantiradi.

«Bu yerga bir marta kelib barchasini to‘liq anglash qiyin. Har bir ekspozitsiya ortida katta ilmiy mehnat mujassam. Ayniqsa, allomalarimiz merosi, tadqiqot markazlari va interaktiv imkoniyatlar insonni yanada chuqur izlanishga chorlaydi. Bu maskan kelajak avlod uchun ulkan ma’naviy boylik va Yangi O‘zbekistonning ilm-fan taraqqiyotiga xizmat qiladigan muhim poydevordir», — dedi u.

Tashrif yakunida ishtirokchilar Markazda jamlangan boy ilmiy va madaniy meros, raqamli ekspozitsiyalar hamda ta’lim imkoniyatlarini keng jamoatchilik, ayniqsa yoshlar o‘rtasida targ‘ib qilish Uchinchi Renessans g‘oyalarini hayotga tatbiq etish, milliy o‘zlikni anglash va ilmiy merosga qiziqishni yanada kuchaytirishga xizmat qilishini qayd etdilar.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari