Sayt test holatida ishlamoqda!
09 Avgust, 2026   |   26 Safar, 1448

Toshkent shahri
Tong
03:55
Quyosh
05:26
Peshin
12:34
Asr
17:26
Shom
19:35
Xufton
21:04
Bismillah
09 Avgust, 2026, 26 Safar, 1448
Maqolalar

Taomning eng yomoni

27.01.2025   7859   3 min.
Taomning eng yomoni

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

 

عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رَضِي اللهُ عَنْهُ ، عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: شَرُّ الطَّعَامِ طَعَامُ الْوَلِيمَةِ يُمْنَعُهَا مَنْ يَأْتِيهَا وَيُدْعَى إِلَيْهَا مَنْ يَأْبَاهَا، وَمَنْ لَمْ يُجِبِ الدَّعْوَةَ فَقَدْ عَصَى اللهَ وَرَسُولَهُ.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:

«Taomning eng yomoni kelgan odam man qilinib, bosh tortgan odam da’vat etiladigan valiyma taomidir. Kim da’vatga ijobat qilmasa, batahqiq, Allohga va Uning Rasuliga osiy bo‘lur», dedilar».

وَكَانَ أَبُو هُرَيْرَةَ عُمَرَ ñ يَقُولُ: شَرُّ الطَّعَامِ طَعَامُ الْوَلِيمَةِ يُدْعَى لَهَا الْأَغْنِيَاءُ وَيُتْرَكُ الْفُقَرَاءُ. وَمَنْ تَرَكَ الدَّعْوَةَ فَقَدْ عَصَى اللهَ وَرَسُولَهُ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ. رَوَاهُمَا الثَّلَاثَةُ.

Abu Hurayra roziyallohu anhu:

«Taomning eng yomoni boylar da’vat qilinib, kambag‘allar tark qilgan valiyma taomidir. Kim da’vatni tark qilsa, batahqiq, Allohga va Uning Rasuli sollallohu alayhi vasallamga osiy bo‘libdi», der edilar.

Ikkovini uchovlari rivoyat qildilar.

Sharh: Islomda valiymalar, umuman, birovga taom berish marosimlaridan asosiy maqsad hojatmand kishilarni taomlantirish, ularning ko‘nglini ko‘tarishdir. Valiyma qilgan odam unga kelgan kambag‘alga qaramay, boylarning eshigiga borib, «Mening valiymamga bir qadamingiz yetib qolsa, baxtiyor bo‘lar edim», deb iltijo qilishi juda o‘rinsiz ishdir.

Shuning uchun ham Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam unday valiymaning taomini eng yomon taom, demoqdalar. Demak, valiyma qiluvchi kishi ham kimlarni chaqirishni bilishi kerak. Ko‘proq kambag‘al, beva-bechoralarni da’vat qilsa, ular ziyofatdan qorni to‘yib, qayg‘usi ketib, ko‘ngli ko‘tarilib ketsa, ehson o‘rniga tushadi. Boyligiga zeb bergan, birovni nazar-pisand qilmaydigan manmanlarni da’vat qilishdan esa foyda yo‘q.

Afsuski, valiyma qilayotganimizda ushbu nabaviy nasihatlarni yodimizdan chiqarib qo‘yamiz. Valiymamizga iloji boricha kazo-kazolarni chaqirishga harakat qilamiz. Eshiklariga borib, yolvoramiz. Yuzimizni sarg‘aytiramiz. Faqiru fuqarolarni esa aytgimiz kelmaydi. Agar ular o‘zlari kelib qolsalar ham ko‘nglimizga og‘ir botadi.

Avval bilmasak, endi bilib oldik. Bundan buyon Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning ushbu hadislariga amal qilib, valiyma – ziyofatlarimizga kambag‘allarni ham da’vat qilishni unutmaylik.

Hadisning ikkinchi qismida «Kim da’vatga ijobat qilmasa, batahqiq, Alloh va Uning Rasuliga osiy bo‘lur», deyilishi valiymaga qilingan da’vatni qabul qilib, unga borish vojib ekanligini anglatadi. Chunki Allohga va Uning Rasuliga osiy bo‘lish tarki vojib tufayli sodir bo‘ladi.

«Hadis va hayot» kitobi asosida tayyorlandi

MAQOLA
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Makkada Qur’oni karim bo‘yicha xalqaro musobaqa boshlandi

07.08.2026   16219   1 min.
Makkada Qur’oni karim bo‘yicha xalqaro musobaqa boshlandi

Makkada Qur’oni karimni yod olish, o‘qish va sharhlash bo‘yicha 46-xalqaro tanlov boshlandi.

IQNA "Saudi Gazette" nashriga tayanib xabar berishicha, payshanba kuni Makkada Qur’oni karimni yod olish, o‘qish va sharhlash bo‘yicha qirol Abdulaziz nomidagi 46-xalqaro tanlov boshlandi.

Oltinchi rabiulavvalga (19 avgustga to‘g‘ri keladi) qadar davom etadigan musobaqada 133 mamlakatdan jami 334 nafar erkak va ayollar ishtirok etmoqda, bu ushbu musobaqa tarixidagi eng katta vakillikdir.

Musobaqaning maqsadi "musulmon yoshlarni Qur’oni Karimni yod olish, anglash va mushohada qilishga undash, shuningdek, halol raqobatni yaratishdan iborat."

Tanlov beshta toifani o‘z ichiga oladi va umumiy sovrinlar miqdori 10 260 000 Saudiya rialini tashkil etadi - bu tanlov ta’sis etilganidan beri eng yuqori sovrin jamg‘armasi.

Avvalroq ushbu musobaqada O‘zbekiston sharafini quyidagilar himoya qilishi xabar qilingandi:

Muhammadabror qori Yunusxonov («Mir Arab» o‘rta maxsus islom bilim yurti talabasi) — (To‘liq Qur’on hifzi);
Muhammadamin qori Olimjonov («Sayyid Muhyiddin maxdum» o‘rta maxsus islom bilim yurti talabasi) — (15 pora hifzi);
Zilolaxon Farhodova (Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti talabasi) — (To‘liq Qur’on hifzi);
Muxtasarxon Muhammadjonova («Xadichai Kubro» ayol-qizlar o‘rta maxsus islom bilim yurti talabasi) — (15 pora hifzi).

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

Dunyo yangiliklari