O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi Malaka oshirish markazida joriy yilning 22-27 yanvar kunlari "Xotin-qizlar o‘rtasida ijtimoiy-ma’naviy muhitni sog‘lomlashtirishning dolzarb masalalari" mavzusida malaka oshirish o‘quv kurslari o‘tkazildi.
Oliy Majlis Senati, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi, Din ishlari boyicha qo‘mita, O‘zbekiston musulmonlari idorasi hamda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi hamkorligida tashkil etilgan seminarlarda tinglovchilar soha mutaxassislaridan turli mavzulardagi ma’ruzalarni tinglashdi.
Shu yil 27 yanvar kuni mazkur o‘quvlarning yakuniga bag‘ishlangan taqdirlash marosimi o‘tkazildi. Unda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Muzaffar Komilov, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining o‘rinbosari Matluba Qahhorova, "Oila va gender" ilmiy-tadqiqot instituti bo‘lim boshlig‘i Farida Yo‘ldosheva, Malaka oshirish markazi direktori Husniddin Axmedov hamda tinglovchilar ishtirok etishdi.
Akademiya rektori tadbirda so‘z olar ekan, bu kabi o‘quvlarni tashkil etishdan maqsad mazkur sohadagi faoliyatni yanada rivojlantirish, tizimda ishni to‘g‘ri va samarali tashkil etish, joylarda xotin-qizlar sohasidagi muammolarni yechish va ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash yuzasidan tayinlangan mas’ul xodimlarning ko‘nikma va malakalarini oshirish ekanini ta’kidladi.
Yakunda tinglovchilarga sertifikatlar topshirildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Har yili “1 oktabr O‘qituvchi va murabbiylar kuni” yurtimizda katta hurmat va ehtirom bilan nishonlanadi. Bu kun shunchaki rasmiy bayram emas, balki hayotimizning har bir bosqichida bizga yo‘l ko‘rsatgan, ilm bergan va tarbiya qilgan zahmatkash insonlarga bo‘lgan cheksiz minnatdorchiligimizning yorqin ifodasidir.
Ustoz va murabbiylar jamiyatning eng muhim tayanchlaridan sanaladi. Ular kelajagimiz egalari bo‘lgan yosh avlodni nafaqat bilim bilan qurollantiradi, balki ularning qalbini tarbiyalaydi, yuksak axloqiy fazilatlarni shakllantiradi. Maktabda, kollejda, oliy ta’lim muassasasida yoki sport maydonida bo‘lsin, ular fidoyilik bilan o‘z kasbining mashaqqatli, ammo sharafli yukini ado etadi.
Ustoz va murabbiylarni o‘z nurini atrofga sochayotgan quyoshga o‘xshatsak bo‘ladi. Quyoshning nuridan barcha mavjudot foydalanganidek, ularning ma’rifat ziyolaridan butun jamiyat manfaatlanadi.
Payg‘ambar alayhissalom yetuk muallim bo‘lganlar. Muoviya ibn Hakam Sulamiy roziyallohu anhu aytadilar: “Ota-onam Nabiy alayhissalomga fido bo‘lsin! Oldin ham, keyin ham u zotdan yaxshiroq muallimni ko‘rmadim” (Imom Muslim rivoyati).