Ta’kidlash kerakki, Malayziya xalqaro islom universiteti xalqaro islom universitetlari reytingida 2-o‘rinda turadi. Ushbu universitet xorijiy tillarda debat qilish bo‘yicha dunyoning eng kuchli universitetlari reytingida 41-o‘rinni egallagan.
Tadbirda Malayziya xalqaro islom universiteti bilan O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi o‘rtasida hamkorlik istiqbollari muhokama etildi.

Prorektor Muhammad Favzan Nuriddin barcha yo‘nalishlarda O‘zbekiston bilan hamkorlikka tayyor ekanini ta’kidladi.
Shuningdek, Malayziya xalqaro islom universiteti Islom bilimlari fakulteti dekani Shukran Abdurahmon bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Malayziya tomoniga O‘zbekistonda diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlar haqida keng qamrovli ma’lumot berildi.
– Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan diniy sohada amalga oshirilayotgan loyihalar meni hayratlantirdi, – dedi Shukran Abdurahmon o‘z so‘zida. – Qisqa vaqt ichida bu kabi keng ko‘lamli ishlarni tashkil etish kamdan-kam rahbarning qo‘lidan keladi. O‘zbekiston – islom sivilizatsiyasining beshigi. Agar O‘zbekiston tomoni imkoniyat bersa, men ham bu qadimiy o‘lkaga borib ilmiy tadqiqot qilgan bo‘lar edim.
Muloqot samimiy va konstruktiv ruhda bo‘lib o‘tdi.
N.Usmonova,
O‘zA muxbiri
Toshkent shahridagi Islom sivilizatsiyasi markazining Katta majlislar zalida O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi oliy va o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilarining «Zamonaviy diniy ta’lim: pedagogika, ilm-ma’rifat va innovatsiya» mavzusidagi I ilmiy-amaliy anjumani boshlandi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi tarixida ilk bor o‘tkazilayotgan ushbu nufuzli tadbirda Prezident maslahatchisi Muzaffar Komilov, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Sodiqjon Toshboyev, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari, Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxoliqov, shuningdek, diniy ta’lim muassasalari rahbarlari, bosh imom-xatiblar va OAV vakillari ishtirok etmoqda. Anjumanga jami 700 nafarga yaqin pedagog va soha vakillari jalb etilgan bo‘lib, ularning 300 nafari bevosita zalda, 400 nafari esa hududlardan videoselektor orqali qatnashmoqda.
So‘zga chiqqan notiqlar so‘nggi yillarda Prezidentimiz tashabbuslari bilan diniy-ma’rifiy sohani takomillashtirish va zamonaviy kadrlar tayyorlash borasida amalga oshirilayotgan tizimli islohotlarga to‘xtalib o‘tmoqda. Ta’kidlanganidek, Mir Arab oliy madrasasi, Hadis ilmi maktabi, Imom Termiziy islom instituti va madrasasi hamda 4 ta xalqaro ilmiy-tadqiqot markazining tashkil etilishi ilm ahliga keng imkoniyatlar eshigini ochdi. Toshkent islom institutida magistratura ochildi, tizimdagi 510 nafar pedagogning 50 nafardan ortig‘i PhD va DSc ilmiy darajalariga ega bo‘ldi.
Shuningdek, yurtimizdagi diniy ta’lim muassasalariga Misrning Al-Azhar majmuasi ustozlari jalb etildi. 90 ta fan dasturi va yangi avlod darsliklari yaratildi. Mir Arab, Xadichai Kubro, Hidoya va Ko‘kaldosh madrasalari zamonaviy binolarga ega bo‘lib, Iordaniya, Misr va Birlashgan Arab Amirliklarining yetakchi oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorliklar rivojlanmoqda.
Ushbu nufuzli anjumandan ko‘zlangan maqsad ham professor-o‘qituvchilar uchun ilmiy-amaliy muloqot maydonini yaratish, pedagoglarning kasbiy salohiyatini yuksaltirish, ta’lim jarayoniga raqamli va innovatsion usullarni keng joriy etishdir.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati