“Salafiylik” tushunchasi arab tilidagi “salaf” so‘zidan olingan. “Salaf” so‘zi “avval yashab o‘tganlar”, “ajdodlar” degan ma’nolarni bildiradi. Hadislarga ko‘ra, Muhammad sollallohu alayhi vasallam zamonida va undan keyingi ikki asrda yashagan musulmonlar “salafi solih”, ya’ni “solih ajdodlar” hisoblanadi. Shunga ko‘ra, Islom ulamolari sahobiy, tobein va tabaa tobeinlarni “solih ajdodlar” deb hisoblashda yakdildirlar. Keyingi davrlarda yashagan musulmonlarga nisbatan “salaf” yoki “salafiylar” tushunchalarini ishlatish to‘g‘ri bo‘lmaydi. Aksincha, ularga “xalaf” ya’ni, keyingi kelganlar deyish to‘g‘ri bo‘ladi.
Qayd etish joizki, tarixda yashab o‘tgan Islom ulamolarining asarlarida “salaf” so‘zi ko‘p uchraydi. Ammo, bundan murod hozirgi davrimizda alohida ajralib chiqqan, o‘zlarini “salafiy” deb atayotgan toifalar nazarda tutilgan emas.
So‘nggi vaqtlarda “salafi solihlarga ergashish” iddaosi ostida o‘zlarini go‘yoki “salaflarning izdoshlarimiz”, deb hisoblaydigan o‘ta mutaassib, to‘g‘ri yo‘ldan adashgan soxta salafiylar paydo bo‘lganini alohida qayd etish lozim.
Yigirmanchi asrning yirik ulamolaridan Shayx Muhammad G‘azzoliy o‘zining “Musulmonlarning yagona ma’rifiy dasturi” nomli maqolasida “Salafiylik”ning haqiqati haqida bunday yozadi:
“Salafiylik bu arab yarim orolining ma’lum bir joyida yashaydigan, muayyan bir ijtimoiy tarzda hayot kechiradigan odamlar guruhi emas. Biz bu tarzda tushunishni rad etamiz va unga mansub bo‘lishni inkor etamiz.
Salaflik — aqliy va hissiy tuyg‘u bo‘lib, saodat asri bilan bog‘lanadi, Allohning Kitobi va Payg‘ambarning sunnatiga sodiqlikni chuqurlashtiradi hamda Allohning kalomini yuksaltirish uchun moddiy va ma’naviy sa’y-harakatlarni amalga oshiradi. U irq yoki rangga e’tibor bermaydi. Islomni tushunishi va unga amal qilishi esa uning umumiyligi, abadiyligi, fitratga muvofiqligi va aqlga tayanganligi darajasida bo‘lishi lozim.
— Men ayrim odamlarni ko‘rdim, ular salafiylikni Ahmad ibn Hanbalning fiqhi deb tushunadilar, bu xato. Ahmadning fiqhi Islom madaniyatidagi ko‘plab fikriy yo‘nalishlardan biri bo‘lib, u turli diyor imomlari va boshqalarni o‘z ichiga oladi.
— Ba’zi odamlar salafiylikni faqat hadisga asoslangan maktab deb tushunadilar. Bu ham xato. Chunki aqliy maktab (ra’y maktabi) ham hadis maktabi singari Islomdan olib, unga tayanadi. Ulardan ba’zilari o‘zlarini “ahli hadis” deb ataydilar va rivoyatlarni noto‘g‘ri tushunishlari sababli haromda fitna chiqaradilar. Hadis biror bir guruhning xususiy mulki emas, u barcha mazhablar uchun asosiy manba hisoblanadi.
— Ayrim odamlar ilmiy kashfiyotlarni yoqtirmaydi va ulardan Islom da’vati hamda ta’limotini himoya qilishda foydalanishni bilmaydilar. Masalan, ular televideniyeda suhbat qilishni rad etadilar. Chunki, ekranda suratning ko‘rinishini harom deydilar. Ular astronomiya, geografiya kabi fanlarni masxara qiladilar va inkor qiladilar. Bu toifa aslida salaf ham emas, xalaf ham emas. Ularning qalblari va aqllari qayta ishlanishga muhtoj.
— Ba’zi odamlar qiyin va qattiq fatvolar berishni o‘zlariga vazifa qilib olganlar. Ular odamlarga faqatgina og‘ir va mashaqqatli hukmlar chiqaradi, hayotlarini qiyinlashtiradi va ularning dunyodagi rivojlanishlarini ortga surib, ularni qorong‘u g‘orlarga hibs etadi. Bu toifa ham na salaf va na xalaf. Ular din ilmlariga nisbatan nomaqbul kishilardir, ularning aksariyati vijdon va fikrda nuqsonlidir.
Men aytaman: “Bu salafiylik emas! Bu da’vat sohibining gapi emas, bu yo‘lto‘sarlarning fikridir. Bunday odamlarga biror bir joyda shogirdlarga Islomdan dars berishlariga yoki xalqaro anjumanlar va katta jome masjidlarida va’z aytishlariga ishonch bildirish mumkin emas”.
— Shunday kishilarni ko‘rdikki, o‘zlari hadis bilan shug‘ullanadilar, fiqhdan ma’lumotlari oz bo‘lishiga qaramay o‘zlaridan faqih yasab olganlar. Keyin esa, siyosatchiga aylanib jamiyatni va davlatni o‘zlari aytgan, o‘zlari bilgan tushunchalari asosida o‘zgartirishni da’vo qiladilar.
— Bunday sayoz diniy fikr egalarining eng ajablanarli tomoni — ular hukumat dasturlarini, maslahatlashuv uslublarini, moliyaviy munosabatlar, ijtimoiy adolat, yoshlar muammolari, oila muammolari va axloqiy tarbiya haqida hech narsa bilmaydilar. Ular madaniy hayot va moddiy taraqqiyot Islom olib kelgan oliy g‘oyalar va ulug‘ maqsadlarga xizmat qilishini ham hecham idrok qilmaydilar”.
Xulosa qilib aytganda, bugungi kunimizda yurtdoshlarimiz ichida hali ham bilib-bilmay soxta salafiylarning asossiz da’volarining ta’sirida yurgan kishilar, ularga taqlid qilayotganlarning mavjud ekani ushbu toifaning asl mohiyatini ochib berish, uni xalqimizga to‘g‘ri tushuntirib berish dolzarb ekanini bildirmoqda. Bizning eng asosiy vazifamiz yoshlarni bunday soxta salafiylar domiga tushib qolishdan asrashimiz va buning uchun esa doim ogohlik bilan ularga qarshi ilmiy raddiyalar berib borishimiz kerak bo‘ladi.
Homidjon qori ISHMATBЕKOV,
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari.
Imom Buxoriy majmuasi nafaqat O‘zbekiston, balki butun islom olami uchun ulug‘ va muqaddas qadamjolardan biri hisoblanadi.
Hazrat Imom Buxoriydek buyuk muhaddis nomi bilan bog‘liq ushbu majmua bugun yurtimizning eng yirik ma’naviy va madaniy markazlaridan biriga aylangan. Har kuni minglab ziyoratchilar bu yerga kelib, ajdodlar merosi, ma’rifat va muqaddas tarix bilan yuzlashmoqda.
Majmua nafaqat ziyoratgoh, balki xalqimizning boy ma’naviy merosi, milliy me’morchiligi va islom sivilizatsiyasidagi o‘rnini namoyon etuvchi noyob madaniy ob’yektdir. Uni barpo etish uchun katta mehnat, yuksak mahorat va qimmatbaho qurilish materiallari sarf etilgan. Shu bois bu qutlug‘ maskanni asrab-avaylash har birimiz uchun muhim vazifadir.
Yaqinda Madaniy meros agentligi tomonidan ayrim ziyoratchilarning majmua hududida beparvo munosabatda bo‘layotgani haqida ma’lumot berildi. Ayrim holatlarda ustunlar, ayvonlar va muzey eksponatlariga ehtiyotsiz munosabatda bo‘lish, chiqindilarni duch kelgan joyga tashlash kabi holatlar kuzatilmoqda. Bu esa nafaqat ziyoratgoh ko‘rkiga, balki uning ma’naviy muhitiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
Bu holat barchamizni sergaklikka chaqirishi kerak. Zero, muqaddas qadamjoga kelgan inson avvalo o‘zini munosib tutishi, tozalik va tartib-qoidalarga amal qilishi lozim. Chunki ziyoratgoh — oddiy sayrgoh emas. Bu yerda asrlar nafasi, buyuk ajdodlar ruhi va ma’rifat ziyosi mujassam.
Tozalik esa inson madaniyatining eng muhim ko‘rsatkichlaridan biri. Islom ta’limotida ham poklikka alohida ahamiyat berilgan. Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom “Tozalik — iymonning yarmidir”, deya ta’kidlaganlar. Demak, ziyoratgoh hududida ozodalikni saqlash nafaqat fuqarolik burch, balki ma’naviy mas’uliyat hamdir.
Ayniqsa, chet ellik mehmonlar O‘zbekiston haqidagi ilk taassurotni aynan shunday muqaddas maskanlar orqali oladi. Agar ziyoratgoh ozoda, tartibli va fayzli bo‘lsa, bu xalqimizning yuksak madaniyati va ma’naviyatini namoyon etadi. Aksincha, beparvolik va tartibsizlik mamlakatimiz nufuziga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Yosh avlodni ziyoratgoh madaniyati ruhida tarbiyalash ham muhim ahamiyatga ega. Bolalar kattalardan ibrat oladi. Agar ota-ona muqaddas joyda tartibga amal qilsa, ehtiyotkor bo‘lsa, farzand ham shu ruhda tarbiya topadi. Shu bois har bir inson o‘z harakati bilan boshqalarga namuna bo‘lishi kerak.
Imom Buxoriy majmuasi — millatimiz g‘ururi va ma’naviy boyligi. Uni asrash, tozaligini saqlash va ehtirom bilan munosabatda bo‘lish har bir insonning vijdoniy burchidir. Ziyoratgohlarga bo‘lgan munosabatimiz orqali biz o‘z madaniyatimiz, ma’naviyatimiz va ajdodlar merosiga bo‘lgan hurmatimizni namoyon etamiz.
Asliddin Mustafoyev, majmua axborot xizmati rahbari.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati