Saudiya Arabistoni xorijiy fuqarolarga Makka va Madinada ko‘chmas mulkka sarmoya kiritishga ruxsat bergani haqida “Al-Arabiya” sayti xabar qildi.
Kapital bozorlari boshqarmasi ta’kidlashicha, ushbu qadam mamlakat iqtisodiyotiga xorijiy sarmoyalarni jalb qilish va islomning muqaddas shaharlarida infratuzilmani rivojlantirish uchun mablag‘ oqimini ta’minlash maqsadida amalga oshirilgan.
“IslamNews” ma’lumotiga ko‘ra, Saudiya Arabistoni 2030 yilgacha haj va umra ibodatlarini bajarish uchun taxminan 30 million ziyoratchini qabul qilishga umid bildirmoqda. 2019 yilda mamlakat hukumati ziyorat ishlaridan 12 milliard AQSH dollari miqdorida daromad olgan. Haj va umra mamlakat iqtisodiyotining muhim sektori hisoblanadi va Saudiya Arabistoni bu sohani yanada kengaytirishga intilayotganini qayd etdi.
Makka va Madinada ko‘chmas mulkka sarmoya kiritish bo‘yicha qaror e’lon qilinganidan so‘ng Makkadagi qurilish kompaniyalari aksiyalari narxi 10 foizga oshdi. Shunga qaramay ko‘chmas mulk sotib olishda ba’zi cheklovlar bo‘ladi. Saudiya Arabistoni fuqaroligini olmagan shaxslar ko‘chmas mulk obyektlarining 49 foizidan ortig‘ini o‘z mulki sifatida egallay olmaydi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Bismillahir Rohmanir Rohiym
O‘g‘il har oylik maoshini onasiga topshirar, uning yuzidagi tabassumni ko‘rib, o‘zini dunyodagi eng boy inson deb hisoblardi.
Yillar o‘tib, onasi olamdan o‘tdi. Navbatdagi maoshini olgan o‘g‘il bir zum ne qilarini bilmay qoldi-yu, bir qarorga keldi: «Pullarni onamning nomidan ehson qilaman».
Shu kundan e’tiboran, u har oy masjidlarga suv kullerlari o‘rnatishni odat qildi. Namozxonlar suv ichib, onasining haqiga duo qilishlaridan qalbi taskin topardi.
Kunlardan bir kun mahalla masjidida yangi kuller o‘rnatilganini ko‘rib, «Attang, bu safar kechikdim-a», deb o‘kindi. Shunda yoniga imom kelib:
– Xayrli hadya uchun rahmat, – dedi.
– Uzr, adashdingiz, shekilli. Buni men olib kelmadim...
– Yo‘q, adashmadim. Buni sizning nomingizdan o‘g‘lingiz keltirdi.
Orqasiga o‘girilgan ota jilmayib turgan o‘g‘liga ko‘zi tushdi.
– Bolam, bunga pulni qayerdan olding? – hayajondan ko‘zlari yoshlandi otaning.
– Ota, anchadan beri menga beradigan pullaringizni yig‘ib yurgandim. Siz buvijonim uchun xayrli ish qilayotganingizni ko‘rib, men ham siz uchun shunday qilishni istadim.
Otaning ko‘zlaridan quvonch yoshlari sizib chiqdi. U o‘g‘liga nasihat qilmagan, shunchaki o‘z amali bilan namuna bo‘lgandi.
Ha, farzandlar eshitgan gaplarini unutishi mumkin, ammo ko‘rgan amallarini hech qachon unutmaydi. Bugun ota-onamizga qilgan yaxshiligimiz ertaga farzandlarimizdan albatta qaytadi.
Akbarshoh RASULOV