Barchani dunyoga keltirgan, duogo‘y bo‘lgan mo‘tabar onalar, qadrdon opa-singillar va g‘amxo‘r qizlarning oilada, jamiyatda tutgan o‘rni beqiyosdir. Alloh taolo Payg‘ambar Muhammad sollallohu alayh vasallam orqali muhtarama ayollarning qadr-qimmatini yuksaklarga ko‘tarib, O‘zining kalomi sharifida ham ular uchun alohida sura nozil qildi.
Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam ham o‘zlarining hadisi shariflarida ayollarga oid barcha masalalarni, jumladan, ularning jamiyatdagi o‘rni, oiladagi, farzand tarbiyasidagi roli, ilm tarqatishdagi mas’uliyati kabilarni batafsil bayon qilib berdilar. Saodat asridan to zamonamiz ulamolarigacha, barchalari o‘zlarining ilmiy asarlari va kitoblarida ayollar uchun alohida boblar ajratishgan.
Bugungi kunga kelib, ayollarning jamiyatdagi o‘rni kengayib, oila mustahkamligi, farzand tarbiyasi kabi masalalarni o‘rganish, turli salbiy oqibatlarning oldini olish ishlariga e’tibor kuchayib bormoqda.
Islom dini ozoda va ko‘rkam tashqi ko‘rinishni ma’qullaydi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qilingan bir hadisda u zot: “Albatta, Alloh go‘zaldir va go‘zallikni sevadi”, deganlar (Imom Muslim “Sahih”da Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhudan rivoyat qilgan. 147-hadis).
Odamzodning tabiatida go‘zallikka intiluvchanlik bor bo‘lgani uchun o‘zgalar ko‘ziga chiroyli ko‘rinishni xohlab, o‘ziga oro berishda vaqtini ayamaydi. Ayniqsa hozirgi kosmetologiya sanoati rivojlanib, uning mahsulotlari dunyo bo‘ylab keng tarqalgan bir paytda.
Yuqorida aytganimizdek, Islom dini tashqi ko‘rinishni yaxshilashni to‘liq taqiqlamaydi. Aksincha, shunday holatlar borki, o‘ziga oro berish shart yoki matlub bo‘ladi. Masalan: er-xotinlik aloqalarini yaxshilash maqsadida Islom dini ayolning er uchun, erning ayol uchun bezanib yurishini tavsiya qiladi. Bu borada Abdulloh ibn Abbosning quyidagi so‘zlari rivoyat qilinadi: “Ayolimning men uchun ziynatlanishini yaxshi ko‘rganimdek, men ham ayolim uchun ziynatlanishni yaxshi ko‘raman”[1].
Shuning uchun ham Islomda tashqi ko‘rinishga oro berish umumiy holda ruxsat etilgan. Biroq bu ishda harom qilingan ayrim holatlar mavjud. Sabablari esa quyidagilardir:
a) agar kofir yoki axloqsiz odamlarga o‘xshash uchun qilinsa;
b) agar Alloh yaratgan tashqi ko‘rinishning o‘zgarib ketishiga olib keladigan g‘ayritabiiy narsalar bilan o‘z holatini o‘zgartirsa, mana shu sabablardan birginasi mavjud bo‘ladigan bo‘lsa ham, tashqi ko‘rinishni yaxshilash joiz emas.
Endi go‘zallik salonlarida aksariyat qo‘llaniladigan muolajalar hamda ularning me’yorlari bilan tanishib chiqsak:
Boshqa jins vakillarining sochini olish yoki turmaklash. Bu man qilingan.
Soch bo‘yash. Tim qora, shuningdek, ayol kishini axloqsiz yoki buzuq ko‘rinishga olib keluvchi ranglarga bo‘yalmasa, soch bo‘yashga ruxsat bor.
Sochni butunlay qora rangga bo‘yashning man qilinganligi quyidagi hadisda keltirilgan: Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim qaysi qavmga o‘xshasa (ya’ni o‘zini o‘xshatsa), u o‘shalardandir” (Abu Dovud, 4031-hadis. Ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilingan).
Qosh terish va shaklini o‘zgartirish. Bu ish taqiqlangan, chunki bunda qoshning asl tabiiy shakliga aralashish bordir. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qosh teruvchi va qosh terdiruvchi ayollarni ochiq-oydin la’natlaganlar.
Ibn Ma’sud roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Mijozning avrat bo‘lmagan joylaridan tuklarni ketkazish gunoh emas. Masalan: yuzdan (qoshlardan tashqari), qo‘ldan, oyoqdan va hokazo. Xuddi shu me’yorlar lazerli epilyatsiyaga ham taalluqlidir.
Sochni kesish hamda turmaklash. Ayollarga soch kestirish va turmak qilishga ruxsat berilgan. Ammo sharti shuki, turmak uslubi erkaklarnikiga o‘xshamasligi kerak. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qarama-qarshi jins vakillariga taqlidni man qilganlar. Ibn Abbos roziyallohu anhu: “Jahannam ahlidan bo‘lmish, men ularni ko‘rmagan ikki toifa kishilar bor. Ularning birinchisi, sigirlarning dumiga o‘xshaydigan qamchilarni ko‘tarib yuruvchilar bo‘lib, ular bilan odamlarni uradilar. Boshqalari esa kiyingan bo‘lsalar ham, lekin yalang‘och ayollardir. Ular (o‘zlarining bunday ko‘rinishlari bilan) boshqalarni Allohning amrlariga itoatsizlikka undaydilar va o‘zlari ham (behayoliklari bilan) Unga itoatsiz bo‘ladilar. Ularning boshi tuyaning o‘rkachiga o‘xshaydi. Ular jannatga kirmaydilar va uning hidini ham hidlamaydilar, vaholanki, uning hidi juda ham uzoq masofadan seziladi” (Muslim “Sahih”da Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilgan. 2128-hadis).
Hadisning sharhi. “Kiyingan bo‘lsalar-da, yalang‘och” iborasida shariat talablariga javob bermaydigan tarzda kiyingan ayollar nazarda tutilgan. Ular o‘ta yupqa matodan tikilgan yoki badanga juda yopishib turgani sababli tananing shaklini yaqqol ko‘rsatib turuvchi kiyimlarni kiyishadi. Agar ko‘ylak, ishton yoki hattoki plash ham badanga yopishib, uning shakli ko‘rinib turgan bo‘lsa, mazkur hadisda aytilgan ogohlantirish ushbu ayollarga taalluqli bo‘ladi.
Shuningdek, harir bo‘lmasa-da, badanni to‘liq bekitmaydigan (masalan, yirtiqlar, V shaklidagi qirqimlar, kalta yoki bilakni yopmaydigan yenglar va hokazo) kiyimlar ham shular jumlasidandir.
Sochlarga keladigan bo‘lsak, ularni boshning tepa qismiga yig‘ib olish haromdir. Chunki bunday turmakda bosh aslidan ko‘ra kattaroq ko‘rinib, tuyaning o‘rkachini eslatadi. Odatda sochlar ensa(gardan)da yig‘iladi, hadisda kelgan tarzda emas. Agar sochlar boshning pastki qismida, ro‘mol tagidan ko‘rinib qolmaydigan qilib yig‘ilsa, ana shu uslub afzaldir. Ayrim muhaddislarning aytishicha, yuqoridagi hadis nomahram erkaklarning huzurida boshini egmasdan, ko‘zini yerga qaratmaydigan ayollarga ham taalluqli bo‘ladi. Bunday ayollar jannatning hidini ham hidlamaydilar [2].
Makiyaj. Agar surtilayotgan moddalarda harom hisoblangan birikmalar bo‘lmasa, bunga ruxsat bor (Kosmetologik vositalarda sintetik spirt ishlatilgani sababli ulardan foydalanishga ruxsat beriladi).
Ayolning tashqi ko‘rinishini yaxshilashga o‘z-o‘zidan ijozat berilgan bo‘lib, makiyaj ham mana shu jumlaga kiradi. Bu ishning harom bo‘lishi esa zeb berilgan tana a’zolarini nomahram erkaklarga ko‘rsatuvchi ayollarga taalluqlidir. Bu uning gunohi bo‘lib, buning uchun o‘zi javob beradi. Shu sababli kosmetologning mijozga makiyaj qilishiga ruxsat beriladi. Agar mijoz makiyajni noto‘g‘ri ishlatadigan bo‘lsa, ya’ni bezatilgan yuzini nomahramlarga ko‘rsatsa, u holda bu gunohga kosmetolog emas, balki o‘sha ayolning o‘zi mas’ul bo‘ladi.
Pedikyur va manikyur. Agar oyoqlarga va qo‘llarga harom moddalar surtilmaydigan bo‘lsa, bunga ruxsat etiladi. Shuni aytib o‘tish kerakki, tahoratning haqiqiy bo‘lishining shartlaridan biri tirnoqning ustiga suv tegishi hisoblanadi. Uning ustiga bo‘yoq (lak) surtilgan bo‘lsa, suv unga yetib bormaydi. Shu bois, tahorat qilishdan oldin lakni ketkazish lozim bo‘ladi. Agar tahorat qilish vaqtida tirnoqda lak bo‘lsa, tahorat haqiqiy hisoblanmaydi [3].
Endi kosmetik jarrohlikka tegishli hukmlar bilan tanishib chiqiladi:
Bu mavzu bo‘yicha taqdim qilingan ilmiy ishlar munoqasha qilinib, u haqda bo‘lib o‘tgan tortishuvlarni eshitib, Islom Konferensiyasi Tashkiloti qoshidagi xalqaro Islom Fiqhi Akademiyasi quyidagicha qaror qiladi.
Birinchi: Kosmetik jarrohlikning ta’rifi: Kosmetik jarrohlik insonni zohiriy jismidagi bo‘laklaridan birini o‘zgartirish orqali chiroy kiritish yoki shikast yetganligi sababli vazifasini qayta izga tushirish uchun xizmat qiladigan jarrohlik
Ikkinchi: Kosmetik jarrohlik mobaynidagi umumiy shartlar va normalarga amal qilish:
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhudan qilingan rivoyatda u zot: «Igna bilan badaniga surat chizuvchi ayol va chizdiruvchini, soch ulaydiganni va ulatadiganni, husn uchun tishlarining orasini ochuvchini va Alloh xalq qilgan narsani o‘zgartiruvchini la’natlagan», deb aytdilar» (Imom Buxoriy rivoyat qilgan).
Ibn Abbos roziyallohu anhumodan qilingan rivoyatda keltirilishicha, soch ulovchi ayol va soch ulatuvchi ayol, igna bilan badaniga surat chizuvchi ayol va chizdiruvchi, og‘riqsiz badaniga surat chizuvchi la’natlangan. (Abu Dovud rivoyati). Va yana Rasululloh sollallohu alayhi vasallam o‘zini ayollarga o‘xshatuvchi erkakka hamda o‘zini erkakka o‘xshatuvchi ayolga bunday qilishni man etganlar.
Uchinchi: Shar’iy ahkomlar:
Alloh Qur’onda bu haqida: «Batahqiq, Biz insonni eng go‘zal tuzilishda yaratdik», deb aytgan (Tiyn surasi, 4-oyat).
Islom Alloh taoloning mukammal barcha zamon va makonlarga salohiyatli dini o‘laroq, inson hayotining barcha sohalarini qamrab olgan. Islomda inson hayotining arzimaydigan tomonlari yo‘q, balki inson hayotining barcha sohalari baravar e’tiborga sazovordir.
Shuningdek, Alloh taolo insonni eng go‘zal suratda yaratgan. Uni sabablarsiz o‘zgartirishga hech kimning haqqi yo‘q. Shunday ekan, boshqa din vakillariga taqlid qilib, xilqatni o‘zgartirish musulmonning ishi emas.
Nafosat RAHMATOVA,
Imom Buxoriy nomidagi Toshkent Islom instituti talabasi.
Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati:
[1] “Tafsir ibn Kasiyr”, I jild, 459-bet.
[2] Navaviyning “Sahihi Muslim”ga sharhi, XVII jild, 190-bet; “Ihyaat Turas” nashr.
[3] Muftiy Suhayl Tarmahomed Muftiy Ibrohim Desoiyning mulohazalari ila Jamiatul Ulama, Darul Ifta.
[4] Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf Kifoya. III juz. – T: “Hilol-Nashr”, 2021. – B. 640.
Ibratli hikoyalar
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Assalomu alaykum va rahmatullohi va barakatuhu
Hikoyamiz maktabda o‘qituvchi bo‘lib ishlaydigan ayol haqida. Uning turmush o‘rtog‘i fabrikada ishlaydigan juda band inson edi. Uning kunduzi ham, kechasi ham deyarli bo‘sh vaqti bo‘lmasdi.
Kunlarning birida o‘qituvchi o‘quvchilariga o‘z orzulari haqida insho yozish vazifasini berdi. Bolalar insho yozishga kirishdilar. Dars tugagach, ustoz barcha insholarni yig‘ib olib, baholash uchun uyiga olib ketdi.
O‘qituvchi insholarni birin-ketin o‘qib chiqar ekan, to‘satdan bir inshoga ko‘zi tushib, qattiq yig‘lab yubordi. Shu payt eri xonaga shoshilib kirib:
— Nima bo‘ldi? — deb so‘radi.
Ayol:
— Mana shu inshoni o‘qiganim uchun yig‘layapman, — dedi.
— Nega? Insho nima haqida ekan? Qani, bir ko‘raychi.
— Sizga o‘qib beraymi?
— Mayli, o‘qing.
— Bir bolaning orzusi telefon bo‘lish ekan.
— Nima?!
— Ha, u shunday deb yozibdi: «Telefon bo‘lishni xohlayman».
Ayol inshoni o‘qishda davom etdi:
«Allohim, meni telefonga aylantirib qo‘y. Shunda butun oilam — ota-onam, aka-ukalarim va opa-singillarim menga e’tibor berishadi.
Allohim, meni telefonga aylantir. Chunki otam ishdan uyga kelganda menga qaramaydilar, ammo telefondan boshlarini ko‘tarmaydilar. Soatlab videolar tomosha qiladilar.
Allohim, meni telefonga aylantir. Shunda onam uyga kelganlarida menga baqirmaydilar. Axir telefon bilan kulib, mamnun bo‘lib vaqt o‘tkazadilar-ku!
Allohim, meni telefonga aylantir. Toki telefonning o‘rnini men egallay.
Allohim, men ko‘p narsa so‘ramayman. Faqat oilam atrofimda to‘planishi uchun telefon bo‘lishni xohlayman, xolos».
Ota ayolining yig‘layotganini ko‘rib:
— Qanday bechora bola ekan! Uning ota-onasi juda ham beparvo ko‘rinadi, — dedi.
Bu gapni eshitgan ayol yanada qattiqroq yig‘lay boshladi.
Eri hayron bo‘lib:
— Nega yana yig‘layapsiz? — deb so‘radi.
Ayol ko‘z yoshlari ichida javob berdi:
— O‘g‘limiz mening sinfimda o‘qishini va men uning o‘qituvchisi ekanimni unutdingizmi? Bu inshoni sizning o‘g‘lingiz yozgan...
Hurmatli ota-onalar!
Iltimos, farzandlaringizga vaqt ajrating. Hech qachon ularni his-tuyg‘ulardan mahrum deb o‘ylamang. Bolalar juda ta’sirchan bo‘ladilar. Ular hatto eng kichik narsalarga ham e’tibor beradilar.
Farzandingizning yuzidagi umid va quvonch tabassumini ko‘rishni xohlaysizmi? Bu siz ularga qancha pul berganingizda yoki qanday o‘yinchoq, velosiped olib berganingizda emas. Balki ularga ko‘rsatadigan mehringiz, e’tiboringiz va ajratadigan vaqtingizdadir.
Ibn Umar roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Har biringiz mutasaddidir va har biringiz qo‘l ostidagilari uchun mas’uldir”, deganlar.
Davron NURMUHAMMAD