- 64فَخُوضُوا فِيهِ حِفْظًا وَاعْتِقَادًا تَنَالُوا جِنْسَ أَصْنَافِ الْمَنَالِ
Ma’nolar tarjimasi: Shuning uchun (ey o‘quvchilar) yodlab, (ma’nolariga) e’tiqod qilib, unga kirishinglar. (Shunda) turli mukofotlarga erishasizlar.
Nazmiy bayoni:
So‘zlarin yod oling qilib e’tiqod,
Mukofotlaridan bo‘lasizlar shod.
Lug‘atlar izohi:
فَ – “ta’liliya” ma’nosida kelgan harf.
خُوضُوا – “sho‘ng‘ish” ma’nosidagi خَوضًا masdaridan olingan amr fe’li. Foili oxiridagi واو dir.
فِيهِ – jor majrur خُوضُوا ga mutaalliq. هُوَ zamir oldingi baytdagi نَظْمًا ga qaytadi.
حِفْظًا – tamyizlikka ko‘ra nasb bo‘lib turibdi.
وَاعْتِقَادًا – bu kalima ham tamyizlikka ko‘ra nasb bo‘lgan. Nozim o‘quvchilardan ushbu nazmni faqat o‘qib qo‘yish bilan cheklanmasdan so‘zlarini yod olib ma’nolariga e’tiqod qilishni so‘ragan.
تَنَالُوا – “erishmoq” ma’nosidagi نَيْلاً masdaridan olingan amr fe’li. Foili oxiridagi واو dir.
جِنْسَ – maf’ul. Jins haqiqati har xil narsalarga, nav esa haqiqati bir xil narsalarga nisbatan ishlatiladi. Masalan, hayvon jins, inson navdir. Shunga ko‘ra ushbu kalimadan haqiqatlari turli mukofotlarga erishasizlar, ma’nosi tushuniladi.
اَصْنَافِ – muzofun ilayh. Bu kalima صَنْفٌ ning ko‘plik shakli bo‘lib, “turlar”, “navlar” ma’nolariga to‘g‘ri keladi.
الْمَنَالِ – lug‘atda “erishiladigan mukofot” ma’nosini anglatadi. Ya’ni dunyoyu oxiratda Alloh taolo beradigan mukofotlarga erishasizlar.
Matn sharhi:
Ushbu qisqa va lo‘nda nazmni yodlab, unda bayon qilingan masalalarga e’tiqod qilinsa, musaffo aqidaga ega bo‘linadi. E’tiqodi musaffo kishining esa qilgan ozgina amali ham ko‘p meva beradi, ya’ni Alloh taolo uning aqidasi musaffoligi sababli unga ikki dunyo baxt-saodatini ato etadi. So‘fi Ollohyor bobomizning mashhur so‘zlariga e’tibor bering:
Aqida bilmagan shaytona eldir,
agar ming yil amal deb qilsa, yeldir.
*****
Uyalma ma’rifatni o‘rganurdin
Tanur joying bo‘lur, qolsang tanurdin.
Ya’ni aqida bilmagan kimsada shaytondan o‘zini himoya qiladigan eng muhim vosita bo‘lmaydi. Shayton bunday himoyasiz kimsani bir hamladayoq o‘z izmiga solib yetaklab ketaveradi. Shaytonga ergashgan kimsaning esa o‘zicha ibodat deb qilayotgan narsalari, aslida, bemanilikdan boshqa narsa bo‘lmaydi. Shuning uchun ma’rifatni, ya’ni Alloh taolo to‘g‘risidagi sof e’tiqodni o‘rganishga astoydil harakat qilish lozim.
Musaffo e’tiqoddan bahramand bo‘lganlarni Alloh taolo xotirjamlik va qanoat ne’matidan bahramand qilib qo‘yadi. Qaysi bir inson erishgan muvaffaqiyatlari sababli hovliqishga emas, shukr qilishga o‘tayotgan bo‘lsa, boshiga tushgan musibat yo omadsizliklar sababli ortiqcha mahzunlikka emas, savob umidida sabr qilishga o‘tayotgan bo‘lsa, dunyoning o‘zidayoq musaffo e’tiqodining samarasini ko‘rayotgan bo‘ladi.
مَنْ شَاءَ عَيْشًا رَحِيبًا يَسْتَطِيبُ بِهِ فِى دِينِهِ ثُمَّ فِى دُنْيَاهُ اِقْبَالاً
فَلْيَنْظُرَنْ اِلَى مَنْ فَوْقَهُ وَرَعًا وَلْيَنْظُرَنْ اِلَى مَنْ دُونَهُ مَالاً
“Dinida xayrli hayot izlagan,
Qarasin taqvoda kim undan o‘zar.
Dunyoda farovon hayot ko‘zlagan,
O‘zidan nochorga tashlasin nazar”[1].
Keyingi mavzu:
Duo qilish odoblari bayoni.
[1] Mulla Ali Qori. Sharhu aynil ilm, II juz. – Qozon: “Xaritonov bosmaxonasi”, 1908. – B. 209.
Saudiya Arabistonining turizm va sayohatlarga ixtisoslashgan “Arab Tourist” elektron nashrida “Markaziy Osiyoning qoq markazida joylashgan va Buyuk ipak yo‘li bilan bog‘langan mamlakat” sarlavhali tahliliy maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
Maqolada Buyuk ipak yo‘li tarixida o‘zbek shaharlarining tutgan o‘rni alohida e’tirof etiladi. Xususan, Samarqand, Buxoro va Xiva kabi tarixiy shaharlar asrlar davomida Sharq va G‘arb o‘rtasidagi savdo, fan va madaniyat markazlari sifatida xizmat qilgani ta’kidlanadi. Registon maydoni, Ichan-qal’a va Buxorodagi me’moriy obidalar islom sivilizatsiyasi hamda jahon madaniy merosining bebaho durdonalari sifatida tilga olinadi.
Bundan tashqari, nashr O‘zbekistonning rang-barang tabiati va geografik relefiga to‘xtalib o‘tgan. Qizilqum cho‘li, serhosil Farg‘ona vodiysi, Tyan-Shan va Pomir-Oloy tog‘ tizmalari aholi joylashuvi va qishloq xo‘jaligi rivojida muhim o‘rin tutishi qayd etiladi.
Nashr, shuningdek, Buyuk Mirzo Ulug‘bek kabi donishmandlarning astronomiya va matematika sohasidagi buyuk kashfiyotlarini alohida e’tirof etgan.
Xulosada ta’kidlanganidek, Toshkent, Samarqand, Buxoro, Namangan va Andijon kabi shaharlar bugungi kunda nafaqat ma’muriy va iqtisodiy, balki jadal rivojlanayotgan yirik madaniy-turistik markazlar sifatida dunyo sayyohlari e’tiborini o‘ziga jalb etmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati