Sayt test holatida ishlamoqda!
09 Fevral, 2025   |   10 Sha`bon, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:06
Quyosh
07:26
Peshin
12:42
Asr
16:07
Shom
17:52
Xufton
19:07
Bismillah
09 Fevral, 2025, 10 Sha`bon, 1446
Maqolalar

Lab qimirlatmasdan Qur’on o‘qish xatmga o‘tadimi?

4.02.2025   2738   1 min.
Lab qimirlatmasdan Qur’on o‘qish xatmga o‘tadimi?

Cavol: Til va labni ishlatmasdan Qur’oni karimni o‘qib chiqsa, xatm qilgan hisoblanadimi?

Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Qur’oni karimni xatm qilgan bo‘lishi uchun harflarni til bilan talaffuz qilib, kamida o‘zi eshitadigan darajada o‘qigan bo‘lishi kerak. Chunki nutqqa tegishli hukmlarda eng kamida o‘zi eshitishi shartdir. Shunga ko‘ra biror shaxs sajda oyatini ichida, o‘zi eshitmaydigan darajada o‘qisa, tilovat sajdasini qilishi vojib bo‘lmaydi. “Sharhul viqoya” va uning sharhi “Umdatur rivoya” kitobida quyidagilar aytilgan:

“Maxfiylikning eng kami o‘ziga eshittirishdir. Sahih gap ham shu. Bu Abu Ja’far Hinduvoniy roziyallohu anhuning so‘zidir. Chunki tilning o‘zini ovoz chiqarmasdan qimirlatish bu kishining nazdida qiroat hisoblanmaydi”.

Gapira olmaydigan odamlar, agar tilini qimirlata olsa, shunday o‘qiydi. Buni ham qila olmasa, ko‘zning o‘zi bilan, qalbi bilan o‘qiydi. Faqihlarimiz soqov insonning namozi, takbir aytishi, qiroat qilishini bayon qila turib, ularning til bilan takbiri tahrima aytishi shart emas deyishgan. Shunga ko‘ra gapira olmaydigan kimsalar Qur’oni karimni ko‘zi bilan o‘qib, xatm qilaveradilar.

“Soqov kabi gapira olmaydigan odamning tilini qimirlatishi vojib emas. Qiroat qilishidagi hukm ham mana shu va bu gap sahihdir. Chunki u vojib bo‘lgan amalni qila olmaydi”. Vallohu a’lam.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Sahoba munofiq bo‘ldimi?

6.02.2025   3591   2 min.
Sahoba munofiq bo‘ldimi?

Abu Usmon Nahdiydan, u esa Hanzala Usaydiy roziyallohu anhudan rivoyat qiladi. Hanzala Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning yozuvchilari (kotiblari)dan biri edi, bunday deydi: Abu Bakr roziyallohu anhu menga yo‘liqib qoldilar va: — Ey Hanzala, ahvoling qanday? — deb so‘radilar.

Men u kishiga javoban: — Hanzala munofiq bo‘lib qoldi! - dedim. Abu Bakr hayron bo‘lib: — Subhanalloh! Bu nima deganing? — dedilar.

Men: — Biz Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning huzurlarida bo‘lganimizda, u zot bizga do‘zax va jannat haqida zikr qilib, eslatadilar. Shundayki, biz ularni xuddi ko‘z bilan ko‘rayotgandek his qilamiz. Lekin, u zotning huzurlaridan chiqib, ayolimiz, bolalarimiz va tirikchiligimiz bilan mashg‘ul bo‘lsak, ko‘p narsalarni unuta boshlaymiz, - dedim.

Abu Bakr roziyallohu anhu: — Allohga qasamki, biz ham xuddi shunday holatni boshdan kechiramiz! - dedilar. Shunda men va Abu Bakr roziyallohu anhu Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga bordik.

Men: — Yo Allohning Rasuli, Hanzala munofiq bo‘lib qoldi! - dedim.

Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam: — Bu nima deganing? - deb so‘radilar.

Men: — Yo Allohning Rasuli, biz sizning huzuringizda bo‘lganimizda, siz bizga do‘zax va jannat haqida eslatasiz, shu darajadaki, biz ularni xuddi ko‘zimiz bilan ko‘rayotgandek his qilamiz. Lekin sizning huzuringizdan chiqib, ayolimiz, bolalarimiz va tirikchilik ishlari bilan mashg‘ul bo‘lsak, ko‘p narsalarni unuta boshlaymiz, dedim.

Shunda Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam dedilar: — Jonim qo‘lida bo‘lgan Zotga qasamki, agar sizlar mening huzurimda bo‘lganingizdek holatingizni uzluksiz davom ettiradigan bo‘lsangiz, farishtalar yotoqlaringizda va yo‘llaringizda sizlar bilan ko‘rishib, salomlashib yurar edilar. Lekin, ey Hanzala, (har narsaning) o‘ziga yarasha vaqti bor (Bu so‘zni Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam uch marta takrorladilar) (Imom Muslim rivoyati).

Hadisdan olinadigan xulosa:
Odamning ba’zi vaqtlarda Allohning zikri va ibodat bilan mashg‘ul bo‘lishi, ba’zi vaqtlarda esa o‘zining hayotiy ehtiyojlarini ta’minlashi tabiiy holdir. Bu uning munofiqligiga dalolat qilmaydi. Shuning uchun, ushbu hadisdan noto‘g‘ri xulosa chiqarib, uni gunohlarga yo‘l berish bahonasiga aylantirish mumkin emas.
Hadisdagi ma’no shundan iboratki, musulmon kishi ibodat qilishi bilan birga, vaqti-vaqti bilan tanasiga hordiq berishi va halol narsalardan bahramand bo‘lish huquqini ham ado etishi kerak.

Homidjon domla ISHMATBЕKOV