Cavol: Til va labni ishlatmasdan Qur’oni karimni o‘qib chiqsa, xatm qilgan hisoblanadimi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Qur’oni karimni xatm qilgan bo‘lishi uchun harflarni til bilan talaffuz qilib, kamida o‘zi eshitadigan darajada o‘qigan bo‘lishi kerak. Chunki nutqqa tegishli hukmlarda eng kamida o‘zi eshitishi shartdir. Shunga ko‘ra biror shaxs sajda oyatini ichida, o‘zi eshitmaydigan darajada o‘qisa, tilovat sajdasini qilishi vojib bo‘lmaydi. “Sharhul viqoya” va uning sharhi “Umdatur rivoya” kitobida quyidagilar aytilgan:
“Maxfiylikning eng kami o‘ziga eshittirishdir. Sahih gap ham shu. Bu Abu Ja’far Hinduvoniy roziyallohu anhuning so‘zidir. Chunki tilning o‘zini ovoz chiqarmasdan qimirlatish bu kishining nazdida qiroat hisoblanmaydi”.
Gapira olmaydigan odamlar, agar tilini qimirlata olsa, shunday o‘qiydi. Buni ham qila olmasa, ko‘zning o‘zi bilan, qalbi bilan o‘qiydi. Faqihlarimiz soqov insonning namozi, takbir aytishi, qiroat qilishini bayon qila turib, ularning til bilan takbiri tahrima aytishi shart emas deyishgan. Shunga ko‘ra gapira olmaydigan kimsalar Qur’oni karimni ko‘zi bilan o‘qib, xatm qilaveradilar.
“Soqov kabi gapira olmaydigan odamning tilini qimirlatishi vojib emas. Qiroat qilishidagi hukm ham mana shu va bu gap sahihdir. Chunki u vojib bo‘lgan amalni qila olmaydi”. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.
فَلَمَّا جَاءَ أَمْرُنَا نَجَّيْنَا صَالِحًا وَالَّذِينَ آمَنُوا مَعَهُ بِرَحْمَةٍ مِّنَّا
“Amrimiz kelgan paytda rahmatimiz ila Solihga va u bilan birga iymon keltirganlarga najot berdik” (Hud surasi, 66-oyat).
“Rahmatimiz ila” degan joyini taammul qiling.
Ziqlik ketidan xursandchilik keldimi, demak Allohning rahmati bilan.
Bemorlik ketidan shifosi keldimi, dori yo shifokor emas, Allohning rahmati bilan bo‘libdi.
Ishsizlik ketidan jo‘yali ish chiqdimi, diplom yo tajribangizdan emas, balki Allohning rahmati bilan ekan.
Umidingiz uzilganda farzandli bo‘ldingizmi, zo‘r shifoxonadan emas, Allohning rahmatidandir.
Bu dunyo sabablari Alloh izn bermasa, hech narsaga yaramaydi.
Ko‘rib turibmizku, minglab kasallar davolansa ham tuzalmayapti.
Qancha oliy ma’lumotlilar ishsizlikdan aziyat chekyapti.
Oila hammada bor, lekin farzand...
Huzuringizdagi barcha ne’matning muallifi Allohdir. Shunday ekan fazl qilgan Zotning fazlini e’tirof eting.
Sharqoviy. “Qurondan maktublar”.