Sayt test holatida ishlamoqda!
15 Oktabr, 2026   |   4 Jumadul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
05:16
Quyosh
06:34
Peshin
12:09
Asr
15:59
Shom
17:47
Xufton
19:01
Bismillah
15 Oktabr, 2026, 4 Jumadul avval, 1448

TAOMLANISH  SIRLARI (2-qism)

04.02.2025   23016   12 min.
TAOMLANISH  SIRLARI (2-qism)

TAOMLANISH  SIRLARI (7 qismdan iborat)ni

 ULUG‘  USTOZ  ULAMOLARIMIZ  bayon  qilib  berganlar:

(2-qism)

ULUG‘LARDAN   HIKMATLAR:

  •    Ota-onasidan chiroyli tarbiya ko‘rgan insonlar non qo‘ldan yerga tushib ketsa, darhol uni olib, uch marta o‘pib, peshonalariga suradilar. Non ushog‘i dasturxonga tushganda, ulug‘ ustozlar barmoqni ho‘llab, ushoq ustiga bosib olib, og‘izga solishni o‘rgatishgan.
     
  •    Ulug‘ mutafakkir, falakiyot olimi, odil ma’rifatparvar, sulton Mirzo Ulug‘bek mulozimlari bilan ketayotganida, yo‘l yoqasida yotgan bir burda nonni ko‘rib qoladi-da, darrov otdan tushib, uni qo‘yniga soladi. Mulozim­lardan biri: “Hazratim, nega bizga buyurmay, otdan tushdingiz?” deb so‘raganida: “Nonni birinchi bo‘lib men ko‘rdim, shunday ekan, uni yerdan olishni boshqa birovga buyurish nonga nisbatan hurmatsizligim bo‘lar edi. Nonning ulug‘ligi oldida mening podshohligim nima bo‘libdi?!” deb javob qaytargan ekan.
     
  •    “Navodirul usul” kitobida keltirilgan hadisi sharifda Janobi Payg‘ambarimiz Rasululloh sallallohu alayhi vasallam: “Nonni hurmat qilinglar! Chunki Alloh taolo uni osmon barakotidan nozil qildi, yer barakotidan chiqardi”, – deb marhamat qilganlar. Hadisi sharifning sharhlarida: “Nonni bosmaslik, tashlamaslik uning ikromidan hisoblanadi. Agar uni uloqtirsa, nopok joylarga tashlasa, ne’matlarni inkor qilib, o‘ziga jafo qilganlardan bo‘ladi. Rizqning kengligi – din uchun katta quvvatdir. Agar ne’matga jafo qilsa, katta ne’matlar nafratga aylanadi. Ne’mat ketgandan so‘ng qaytmaydi. Zero ular jafo bilan muhrlangandir”, – deyilgan.
     
  •    Asarlarda keltirilishicha, Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallamning avlodlaridan bo‘lgan Hasan ibn Ali tahorat olish maqsadida bir manzilga kirgan paytlarida nopok joyda yotgan non bo‘lagiga ko‘zlari tushdi. Darhol uni oldilar-da, tozalab yuvdilar. So‘ngra yonidagi xizmatchilariga uzatib, “tahorat qilib bo‘lganimdan so‘ng berasiz”, – dedilar. Tahoratni tugatganlaridan keyin xizmatkorlaridan non bo‘lagini so‘radilar. U esa: “Men uni yeb qo‘ydim...” – dedi. “Unday bo‘lsa, sizni ozod qildim”, – dedilar Hasan ibn Ali. Xizmatkor ajablanib, ozod qilinishi sababini so‘radi. Javobiga Hasan ibn Ali: «Fotima onamiz rivoyat qiladilar: “Rasululloh sallallohu alayhi vasallam: “Kim nopok yerda yotgan bir bo‘lak nonni olib, tozalab yesa, non hazm bo‘lib ulgurmasdan oldin gunohlari kechiriladi”, degan edilar”, deb aytgandilar. Shunday ekan, men gunohlari kechirilgan, jannat ahli bo‘lgan kishini xizmat qildira olmayman...» – dedilar (Imom Abu Ya’lo rivoyatlari).
     
  •    “Kimki dasturxondan  to‘kilgan non ushog‘ini terib yesa, hayoti farovon bo‘ladi va farzand, nabiralari hech ham tanglik ko‘rmaydi”.
     
  •    Ulug‘ alloma, muhaddis va mufassirlar Imom Ibn Asokir va Imom Suyutiy rahmatullohi alayh rivoyat qilishlaricha, Hadiyya ibn Xolid o‘z boshidan kechirgan voqeani hikoya qiladi: «Bir kuni men Amirul mo‘minin Ma’munning majlislaridan birida hozir bo‘lgan edim. U joyda mehmonlarga dasturxon yozildi.


Ziyofat tugaganidan so‘ng dasturxon yig‘ib olindi.

Ayni shu paytda mening ko‘zim yerda yotgan non ushoqlariga tushdi va uni tera boshladim.


Shunda Ma’mun menga qarata: “To‘ymadingizmi?” – deb savol qildi.


Men: “To‘ydim, lekin dasturxondan to‘kilgan non burdasini ko‘rib, Rasululloh sallallohu alayhi vasallamdan rivoyat qilingan hadisi sharif ko‘nglimdan o‘tdi. Hammod ibn Salama Anas raziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda Rasululloh sallallohu alayhi vasallam: “Kim dasturxon ostidagi tushgan nonlarni yesa, faqirlikdan omonda bo‘ladi” degan ekanlar”, – dedim.


Shunda mening hadisi sharifga bo‘lgan e’tiborim yoki odob axloqqa amal qilganimdan xursand bo‘lib, Ma’mun menga 1000 dinor sovg‘a qildi.
 

  •     Hazrat Abu Bakr Siddiq raziyallohu anhu: “Bir necha kunga yetishi mumkin bo‘lgan ozuqani bir kunda sarflagan oila ahlidan nafratlanaman”, – deganlar.
  •     Asarlarda keltirilishicha, Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallamning avlodlaridan bo‘lgan Hasan ibn Ali tahorat olish maqsadida bir manzilga kirgan paytlarida nopok joyda yotgan non bo‘lagiga ko‘zlari tushdi. Darhol uni oldilar-da, tozalab yuvdilar. So‘ngra yonidagi xizmatchilariga uzatib, “tahorat qilib bo‘lganimdan so‘ng berasiz”, – dedilar. Tahoratni tugatganlaridan keyin xizmatkorlaridan non bo‘lagini so‘radilar. U esa: “Men uni yeb qo‘ydim...” – dedi. “Unday bo‘lsa, sizni ozod qildim”, – dedilar Hasan ibn Ali. Xizmatkor ajablanib, ozod qilinishi sababini so‘radi. Javobiga Hasan ibn Ali: «Fotima onamiz rivoyat qiladilar: “Rasululloh sallallohu alayhi vasallam: “Kim nopok yerda yotgan bir bo‘lak nonni olib, tozalab yesa, non hazm bo‘lib ulgurmasdan oldin gunohlari kechiriladi”, degan edilar”, deb aytgandilar. Shunday ekan, men gunohlari kechirilgan, jannat ahli bo‘lgan kishini xizmat qildira olmayman...» – dedilar (Imom Abu Ya’lo rivoyatlari).
     
  •    “Mo‘min kishidan ortib qolgan taom – ikkinchi bir mo‘min uchun aniq shifodir. Chunki undan ortib kolgan taomda xayr, baraka va dardlarga shifo va davo bordir”.
  •     Agar kerakli-keraksiz narsalarga pala-partish pul sarflanaversa, isrof va xarajat eshigi kattalashib ketadi.
  •     Isrof bor yerda hech qachon baraka bo‘lmaydi.
  •     Barcha dinlarda yaxshi odob-axloqli bo‘lish – savob, unga teskari ishlar esa – gunoh hisoblanadi. Binobarin, odob va tarbiya dinimizning mag‘zini tashkil etadi.
  •     Axloq-odobga doir manbalarda aytilishicha, jamiyat a’zolari dabdabalarga berilmasligi uchun ularga odobu tarbiya suv hamda havodek zarur, deyiladi. Dabdabaga berilish – odamni to‘g‘ri yo‘ldan ozdiradi.
  •  Aql-idrokli kishi barcha ishda o‘rtahollik, mo‘tadillik va me’yorni ma’qullaydi. Haddan oshish, isrof va riyo kabi illatlardan uzoq bo‘lishga harakat qiladi.
  •    Oisha onamiz raziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: “Yegan taomingizni zikr va namoz o‘qish bilan eritinglar!”.
  •    Halol boylik topish – katta bir toshni tog‘ tepasiga olib chiqish. O‘rinsiz sarflash esa – uni pastga osongina yumalatib yuborishga o‘xshaydi.
  •    Ma’naviy ozuqa inson aqli va ruhiyatini yuksaltirishda qanchalik muhim bo‘lsa, moddiy ehtiyojlarning me’yor va chegarasidan oshmaslik ham shunchalik ahamiyatlidir.
  •    Isrof illati ham oilada paydo bo‘ladi, buning oldini olish ham oiladan boshlanadi. Demak, oilaning rahbarlari – ota-onalar bu vazifada mas’ul sanaladi. Ular, avvalo, halol ishlab rizq topishda va uni o‘rni-o‘rniga, isrof qilmasdan ishlatishda bolalariga ibrat bo‘lishlari zarur.
  •  Farzandlaringizni odobli qilib tarbiyalang, ularni o‘z hollariga tashlab, hoyu-havaslarga berilib ketishlariga yo‘l qo‘ymang!
  •    “Og‘ziga kelganni demoq – nodonning ishi, oldiga qo‘yganni yemoq – hayvonning ishi”.
  •    Dovud payg‘ambarning o‘ttizta o‘g‘illari bo‘libdi...


Bir kuni peshin namoziga odamlar kechika boshlabdi. Dovud payg‘ambar orqalariga qarasalar, o‘ng tomonlarida o‘n beshta o‘g‘illari, chap tomonlarida o‘n beshta o‘g‘illari o‘tiribdi ekan.


Shunda sal maqtanchoqlikka bo‘y oldirib:

  • O‘zimiz ham bir jamoa ekanmiz-ku, elni kutmasdan namozimizni boshlayveramiz... Xudo xohlasa, o‘ttiz o‘g‘lim bor, haq dinni butun elga o‘zim yetkazaman, degan o‘y kelib, namozni boshlab ketibdilar.

    
...Xudoga Dovud payg‘ambarning bu ishlari yoqmadi. Dovud payg‘ambar namoz vaqtida “Assalomu alaykum varahmatulloh!” deb, o‘ng tomonga salom berganlarida o‘n beshta o‘g‘illari jon topshirdi. Chap tomonga salom berganlarida, qolgan o‘n beshta o‘g‘illari bandalikni bajo keltirdi.

Xatosini uqqan Dovud payg‘ambar alayhissalom ko‘z yoshlarini daryo qilib, Yaratgandan kechirim so‘radilar...

Rahmi cheksiz Alloh taolo:

  • O‘ttizta o‘g‘lingizni qaytarib beraymi yo o‘ttizini o‘rnini bosadigan bitta o‘g‘il beraymi? – deb so‘radi.
  • Sening amring ikki bo‘lmaydi... O‘ttiz o‘g‘limning jonlari jannatda bo‘lsin... Menga ularning o‘rnini bosadigan bitta o‘g‘il bersang bas...
  • Aytganingiz bo‘lsin! Lekin bolaning umri qisqa bo‘ladi. Men unga faqat to‘qqiz yil umr beraman.
  • Mayli, shunisiga ham shukr! – deb, Dovud payg‘ambar kelasi yil o‘g‘il ko‘radilar.

 

U bolaning ismi Sulaymon edi. Sulaymon ish buyurishga yarab qolgan paytida Dovud payg‘ambar uning qo‘liga qumg‘on (obdasta), yelkasiga sochiq osib:

  • O‘g‘lim, sen endi bizning uyga kelgan mehmonlarning yosh-mi, qari-mi hammasining qo‘liga suv quyib turgin! Suvni uch marta uzib-uzib quyasan. To‘rtinchi marta, agar mehmon so‘rasa, quyasan.
  • Ota, nega uzib quyishim kerak?
  • Sababi – o‘likni yuvishganda suvni uzmay quyadi. Sen axir suvni tirik odamlarga quyasan-da, o‘g‘lim... Ikkisini farqi bor – dedilar.

 

Dovud payg‘ambarga kelgan yosh-qarining hammasi, suv quyib turgan Sulaymonga “Yuzga kir, bolam!”,  “Qo‘ling dard ko‘rmasin!”, “Katta olim bo‘lgin!”, “Podsho bo‘lgin!”, “Ulug‘ inson bo‘lgin!”, “Umring uzoq, rizqing butun bo‘lsin!”, deb rahmatlar aytardi.

 

Bir kuni Sulaymon to‘qqiz yoshga to‘ldi.

U paytlarda bolasi to‘qqizga to‘lgach, uni bir qizga unashtirib qo‘yish lozim edi. ...Lekin Allohning “bolaga faqat to‘qqiz yil umr beraman” degani Dovud alayhissalomning eslarida edi.

Bir kuni Dovud payg‘ambar saharda Allohni zikr qilib o‘tirar edilar... Sulaymonning yoshi to‘qqizdan oshdi. U endi jon taslim qilishi kerak edi. Buning tirik qolganining sababini so‘radi va agar jonini olmaydigan bo‘lsa, bolani unashtirish lozimligini aytdi...


Shunda Xaq Taolo:

  • Mening ismlarimdan biri – Rahimdur! Minglab odamlar sizning bolangizga uzoq umr tiladi. Men shuncha xalqning duosini qaytara olmayman... Sulaymon uzoq umr ko‘radi, U barcha yerdagi maxluqlarni, osmondagi qushlarning va barcha dengizdagi baliqlarning tilini biladigan bo‘ladi. Barcha odamlar va jinlarga hukmronlik qiladi, – deb javob berdi.


Ana shundan boshlab yosh bolalar qariyalarning duosini olsin, deb, to‘y-marosimlarda ularga suv quydirib qo‘yadigan betakror va beqiyos go‘zal urf-odat paydo bo‘libdi...

  •    Kimki dasturxondan to‘kilgan non ushog‘ini terib yesa, hayoti farovon bo‘ladi va farzand, nabiralari hech ham tanglik ko‘rmaydi.
  •    “Nonni hurmat qilinglar! Alloh taolo uni osmon barakotidan nozil qildi, yer barakotini uning uchun bo‘ysundirib qo‘ydi”.
  •    Oila a’zolariga ovqatlanish odoblarini aytib turish, dasturxon atrofida o‘zaro yaxshi muloqotda bo‘lish, o‘rni bilan yoshlarning kamchiliklarini bildirib qo‘yish – kattalarning burchidir. Xususan, non va oziq-ovqatlarni iste’mol qilish tartiblarini, non va non mahsulotlarini isrof qilmaslikni o‘rgatish va talab etishdan hech bir ota-ona charchamasligi darkor.

               (2 – qism tugadi. Davomi bor...).

Ibrohimjon domla Inomov 

Boshqa maqolalar
Yangiliklar

“Haj – 2027” mavsumiga tayyorgarlik ishlari muhokama qilindi

15.10.2026   22950   1 min.
“Haj – 2027” mavsumiga tayyorgarlik ishlari muhokama qilindi

14 oktyabr kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari “Haj – 2027” mavsumiga tayyorgarlik ishlarini Saudiya Arabistoni mutasaddi idoralari vakillari bilan muhokama qildilar.

Uchrashuvda ar-Rifoda haj xizmatlari muassasasi vakillari Nosir bin Abdulloh Sarujiy, Fuod bin Abdulaziz Fakirah, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita Ziyorat turizmini rivojlantirish bo‘limi boshlig‘i Bobomurod Rustamov hamda Diniy idora huzuridagi “Haj va Umra” markazi rahbari Maqsud Karimov va boshqa mutasaddilar ishtirok etdi.

Muloqot avvalida tomonlar ikki mamlakat rahbarlarining ko‘p qirrali munosabatlari natijasida o‘zaro hamkorlik aloqalari yangi bosqichga olib chiqilgani, xususan, haj va umra ziyoratchilari uchun ko‘rsatilayotgan xizmatlar saviyasi yuksak darajaga ko‘tarilganini e’tirof etdilar.

Muzokaralar chog‘ida Mino, Arafot va Muzdalifa vodiylarida hojilarga munosib xizmat ko‘rsatish, ular uchun zarur sharoitlarni yaratish batafsil muhokama etildi. Jumladan, hojilar uchun muborak maskanlarda shinam chodirlar tashkil etish, transport va oziq-ovqat ta’minotini yanada takomillashtirish bo‘yicha aniq vazifalar belgilab olindi.

Shuningdek, Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari “Haj – 2027” mavsumiga haj ziyoratchilariga xizmat ko‘rsatish, ularga munosib va shinam sharoitlar yaratish hamda tashkiliy ishlarini yanada kuchaytirish muhimligini alohida ta’kidladilar.

Bu ishlar zamirida esa bitta ulug‘ maqsad —  har bir hojiga munosib e’tibor va hurmat ko‘rsatish, ibodatni eng qulay va ruhiy osudalikda ado etish imkoniyati yotadi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari