Sayt test holatida ishlamoqda!
24 Avgust, 2026   |   11 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:16
Quyosh
05:41
Peshin
12:25
Asr
17:11
Shom
19:13
Xufton
20:34
Bismillah
24 Avgust, 2026, 11 Rabi`ul avval, 1448
Maqolalar

Bolalarni erkalatish kerakmi?

04.02.2025   11921   2 min.
Bolalarni erkalatish kerakmi?

Dolzarb mavzu

“Qor malikasi” filmida bir gap aytiladi: “Bolalarni erkatoy qilib o‘stirish kerak. Shunda ular buyuk qaroqchi bo‘lib yetishadi...”  Atrofga boqib, erkatoy bolalarning bir ko‘zini bog‘lab, birovlarning molini zulm bilan tortib oladigan qaroqchiga aylanishini kutdim. O‘shanda bola ekanman-da... So‘zlarni to‘ppa-to‘g‘ri tushunib olibman.

Men “qaroqchi” bo‘lishini kutgan erkatoylarning aksari oddiygina bolalar kabi ulg‘ayishdi, o‘qishga kirishdi, keyin farzand­li bo‘lishdi, turli tashkilotlarda ishlab ketishdi.

Xullas, bu erkatoylikning zarari yo‘qdek ko‘rina boshladi. Biroq bir kuni erkatoy bir tanishim o‘qishga kirishi tarixini gapirib berdi. Suhbat orasida hamkasblarining yomon munosabatlaridan ham nolib o‘tdi...

Shu payt miyamda “yarq” etib chaqin chaqqandek bo‘ldi...

Barchaga birdek ayonki, qaroqchilar o‘zgalarning mol-mulkini zo‘ravonlik, zulm bilan tortib olishadi. Men aslida to‘g‘ridan to‘g‘ri tushungan so‘zning biroz teranroq, biroz falsafiyroq ma’nosi bor ekan. O‘ylab ko‘rilsa, erkatoylar nafaqat moddiy, balki ma’naviy haqlarga ham daxl qilisharkan. 

Otasining davrida bilimi yetmasa ham, ta’lim dargohiga “kiradi”. Bilimli bir yetuk mutaxassisning o‘rnini egallaydi.  Ishga “joylashadi”. Yana o‘sha manzara... Yetuk bilim va salohiyatga ega korxonaga ham, yurtga ham manfaat keltira oladigan – bir mutaxassis ishsiz. Korxona esa, ish bermaydigan bir xodimga oylik to‘laydi. Uning vazifasi, mas’uliyati o‘zgalar zimmasiga yuklanadi. Natijada ish sifati pasayadi, korxonada muhit izdan chiqadi. Zero, hadisi sharifda Rasululloh sollallohi alayhi va sallam: “Ish o‘z egasining qo‘lidan bosh­qasiga o‘tsa, qiyomatni kutavering”, deya ogohlantirganlar (Imom Buxoriy rivoyati).  

...Aslida biz sanab o‘tgan va yana tilga olmagan bu kabi illatlar oxir-oqibat jamiyat kishilari orasida norozilik, bir-biriga bo‘lgan yomon munosabat, dushmanlik kabi vaziyatlarni keltirib chiqaradi. Alal-oqibat, erkatoylar ham taraqqiyotga, ham tinch­likka raxna soladi. 

To‘g‘ri, bola tarbiyasining ma’lum bosqichlarida bolani yoshiga yarasha erkalash, rag‘batlantirish, su­yish foydali. Lekin uni keyinchalik ham yosh boladay erkalab, aytganini muhayyo qilaverish salbiy oqibatlarga olib keladi.
Ayniqsa, mehri to‘lib-toshib turadigan onalar bu narsani doimo esda tutish­lari oilaga ham, jamiyatga ham naf beradi.

Nigora MIRZAYEVA

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Ot izini toy bosar

14.08.2026   36539   1 min.
Ot izini toy bosar

Bismillahir Rohmanir Rohiym

O‘g‘il har oylik maoshini onasiga topshirar, uning yuzidagi tabassumni ko‘rib, o‘zini dunyodagi eng boy inson deb hisoblardi.
Yillar o‘tib, onasi olamdan o‘tdi. Navbatdagi maoshini olgan o‘g‘il bir zum ne qilarini bilmay qoldi-yu, bir qarorga keldi: «Pullarni onamning nomidan ehson qilaman».


Shu kundan e’tiboran, u har oy masjidlarga suv kullerlari o‘rnatishni odat qildi. Namozxonlar suv ichib, onasining haqiga duo qilishlaridan qalbi taskin topardi.


Kunlardan bir kun mahalla masjidida yangi kuller o‘rnatilganini ko‘rib, «Attang, bu safar kechikdim-a», deb o‘kindi. Shunda yoniga imom kelib:


– Xayrli hadya uchun rahmat, – dedi.

– Uzr, adashdingiz, shekilli. Buni men olib kelmadim...

– Yo‘q, adashmadim. Buni sizning nomingizdan o‘g‘lingiz keltirdi.

Orqasiga o‘girilgan ota jilmayib turgan o‘g‘liga ko‘zi tushdi.

– Bolam, bunga pulni qayerdan olding? – hayajondan ko‘zlari yoshlandi otaning.

– Ota, anchadan beri menga beradigan pullaringizni yig‘ib yurgandim. Siz buvijonim uchun xayrli ish qilayotganingizni ko‘rib, men ham siz uchun shunday qilishni istadim.


Otaning ko‘zlaridan quvonch yoshlari sizib chiqdi. U o‘g‘liga nasihat qilmagan, shunchaki o‘z amali bilan namuna bo‘lgandi.


Ha, farzandlar eshitgan gaplarini unutishi mumkin, ammo ko‘rgan amallarini hech qachon unutmaydi. Bugun ota-onamizga qilgan yaxshiligimiz ertaga farzandlarimizdan albatta qaytadi.


Akbarshoh RASULOV