Ustoz xattaxtaga 1 raqamini yozdi va o‘quvchilarga qarab: “Bu sizning insoniyligingiz”, dedi. So‘ng 1 raqami yoniga 0 raqamini yozib: “Bu sizning boyligingiz” dedi. Yana bir 0 yozar ekan: “Bu sizlarning martabangiz”, dedi.
Ustoz shu zayl raqamni yiriklashtirib borarkan, inson hayotda erishishi mumkin bo‘lgan yutuqlarni sanardi. Keyin esa... Boshlanishdagi 1 raqamini o‘chirib tashladi. Xattaxtada hech bir qiymatga ega bo‘lmagan nollar qoldi. Shunda ustoz shogirdlariga: “Agar sizda insoniylik bo‘lmas ekan, qolgan yutuqlarning bari hech bir qiymatga ega bo‘lmaydi”, dedi.
Qissadan hissa shuki, hayotning o‘zi bir darsxona. Birini ko‘rib fikr qil, birini ko‘rib shukr qil, degan naql bejiz aytilmagan. Alloh bizga bergan umrni O‘zi rozi bo‘ladigan, boshqalarga naf keltiradigan, dunyo va oxiratda foydali bo‘lgan ishlarga sarflaylik.
Akbarshoh Rasulov
Bugun, 19 dekabr kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari juma namozini Toshkent shahri Yakkasaroy tumanidagi "Rakat" jome masjidida ado etdilar. Muftiy hazratlari juma namozidan oldin yig‘ilgan jamoatga masjid odoblari mavzusida mav’iza qilib berdilar.
Darhaqiqat, ma’ruzada aytib o‘tilganidek, masjidlar ehtirom yuzasidan “baytulloh” – Allohning uyi deyiladi. Zero, masjidning devorlari va ustunlari Alloh nomi bilan qurilgan. Ularda Alloh taologa ibodat qilinadi, U Zot ulug‘lanadi, maqtaladi. Unga ruku va sajdalar qilinadi. Zero, Qur’oni karimda bunday bayon qilingan: “Albatta, (barcha) masjidlar Allohnikidir. Bas, Allohdan boshqaga duo qilmang!” (Jin surasi, 18-oyat).
So‘nggi yillarda yurtimizda bir nechta yirik masjid va ziyoratgohlar obodonlashtirilmoqda. Birgina Samarqand viloyatida barpo etilayotgan Imom Buxoriy majmuasini olaylik. Ushbu majmuaning umumiy maydoni 44 gektar bo‘lib, o‘z ichiga mahobatli maqbara, o‘n ming kishiga mo‘ljallangan katta masjid hamda alloma tarixiga bag‘ishlangan zamonaviy muzey bunyod etildi.
Alhamdulillah, bugungi kunda respublikamiz bo‘yicha 2147 ta masjid faoliyat olib bormoqda. Bu ham bo‘lsa, jamiyatimizda diniy-ma’naviy hayotning yuksalib borayotganidan dalolat. Masjidlar obodligiga bo‘lgan bu e’tibor, shubhasiz, muqaddas dinimizga va uning qadriyatlariga bo‘lgan ehtiromning yorqin ko‘rinishidir. Zero, masjidlarni obod qilishning zamirida inson qadrini ulug‘lash, uning ruhiy-ma’naviy ehtiyojlarini ta’minlashdek ezgulik mujassam.
Masjid bino qilishning fazli haqida Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: “Kim Alloh taolo uchun bir masjid qursa, Alloh uning uchun jannatda bir uy quradi” (Imom Muslim rivoyati).
Manfaatli suhbat yakunida bunday xayrli ishlarga kamarbasta bo‘layotgan mutasaddilar haqqiga xayrli duolar qilindi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati