«...Ular bilan totuv turmush kechiringiz. Agar ularni yomon ko‘rsalaringiz, (bilib qo‘yingki) balkim sizlar yomon ko‘rgan narsada Alloh (sizlar uchun) ko‘pgina yaxshilik paydo qilishi mumkin» (Niso surasi, 19-oyat).
Bugungi kunga kelib solih erkaklar qatori soliha ayollar ham kamayib bormoqda. Achinarlisi, erkakning va oila a’zolarining yaxshi munosabatini suiiste’mol qilayotgan ayollar bor. Ayniqsa, erkak oilani saqlab qolishni istasa, ayol arzimagan sabab bilan ajrashishga harakat qiladi. Shunday vaziyatlarda erning nafsoniyati bilan o‘ynashishdan ham tap tortmaydi.
Xizmat yuzasidan ko‘plab xonadonlarda bo‘lamiz. Ajrim yoqasiga kelib qolgan oilalarni murosaga keltirish vazifamiz. Shunday vaqtlarda er-xotin janjali, qaynona-kelin mojarosi, qudalarning nizosida bir burchakda bu holatga javdirab qarab turgan bolalar yuragimni ezadi. Bolaga buyumday munosabatda bo‘lib, uni u yoqdan-bu yoqqa tortqilayotgan kattalarni insofga chaqirish oson emas. Jahl chiqqanda aql ketadi. Shu norasidalarning kelajagi uchun ham oilani asrab qolishga harakat qilamiz.
2024 yilda Buxoro tumanida ajrim yoqasida turgan 62 ta oila yarashtirildi. Shulardan sakkiztasi “Kuchkumar” mahallasidagi oilalardir.
Bundan bir yilcha avval bir nafar farzandi bor er-xotin ajrashishga qaror qildi. Qaynona ko‘zida yosh bilan bunday deydi: “O‘zi uchun ovqat tayyorlab, idishlarini ham yuvmay, xonasiga kirib ketadi. Yosh-da, yumushlarga o‘rganib ketar, desam, betgachopar, dangasaligi ortib boryapti. Nabiram bor, deb o‘g‘limni ajrashish fikridan qaytargandim. Orasidan gap o‘tganmi, bir kuni hovlida o‘g‘lim bilan qattiq janjallashyapti. Shunda oilani ajrashish fikridan qaytarish uchun ularni kelinining muayyan vaqtgacha onasinikida yashashiga ko‘ndirdik.
Kelin bo‘lgan uyida eri, qaynonasi koyigan bo‘lsa, ikki oy o‘tar-o‘tmasdan dangasaligi bois onasi va akasidan har kuni dashnom eshitaveribdi. Bir kuni o‘sha kelin menga qo‘ng‘iroq qilib, pushaymonligini, shunday yaxshi oilasining qadriga yetmaganini aytib, yig‘ladi. Ota-onasi uni erining uyiga olib bordi. Hozir oila ahil, inoq.
Hanafiy mazhabimizning mo‘tabar manbalaridan bo‘lgan “Durrul muxtor” kitobida bunday deyiladi: “Nikoh va iymon jannatda ham davom etadi. Har qanday shartnoma muayyan muddatdan so‘ng kuchini yo‘qotadi, ammo bir-biridan rozi bo‘lgan umr yo‘ldoshlarning birgalikdagi hayoti o‘lim bilan ham tugamaydi”.
Har bir oila ana shunday saodatga erishsin! Mustahkam oilalar ko‘paysin!
Anas ibn Molik roziyallohu anhu rivoyat qiladi: «Rasululloh sollallohu alayhi va sallam dedilar: «Jannatda bir bozor bor. Har juma unga (jannatiylar) keladilar. So‘ngra shamol esib, ularning yuzlariyu kiyimlariga mushk sochadi va ularning husni jamoli ziyoda bo‘ladi. Keyin (ularning) husni va jamollari ziyoda bo‘lgan holda qaytadilar. Ahllari ularga: “Allohga qasam, bizdan keyin husni jamolda yanada ziyoda bo‘libsiz”, deydilar» (Imom Muslim rivoyati).
To‘xtanor NURIDDINOVA,
Buxoro tumani “Kuchkumar” mahallasi otinoyisi
"Mo‘minalar" jurnalining 2025 yil 1-sonidan olindi
Misrning eng yirik kundalik “Al-Ahram” gazetasida Misr Bosh muftiysi katta maslahatchisi Ibrohim Najmning Toshkent, Samarqand va Termiz shaharlarida bo‘lib o‘tgan I Xalqaro Islom sivilizatsiyasi forumidagi ishtirokiga bag‘ishlangan maqolasi e’lon qilindi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Muallifning ta’kidlashicha, “Islom sivilizatsiyasi: tinchlik, bag‘rikenglik va ilm-ma’rifat yo‘li” mavzusida o‘tkazilgan ushbu forum u kutganidan-da yuksak saviyada tashkil etilgan. Olim, ayniqsa, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi unda unutilmas taassurot qoldirganini alohida ta’kidlagan.
Maqolada muallif markazda saqlanayotgan noyob qo‘lyozmalar, ming yillik Qur’on nusxalari va zamonaviy ekspozitsiya texnologiyalaridan hayratlanganini yozgan. Uning fikricha, bu maskanda o‘tmish va tarix shunchaki namoyish etilmagan, balki har bir eksponat zamonaviy shaklda qayta “jonlantirilgan”.
Ibrohim Najm Harvard universitetidagi talabalik yillarini eslab, “Sivilizatsiyalar to‘qnashuvi” nazariyasi haqida fikr yuritgan. Bu nazariyada Islom G‘arb uchun asosiy raqib sifatida talqin etilgan bo‘lsa-da, muallif uning ilmiy asoslariga doimo shubha bilan qaraganini qayd etadi. Uning aytishicha, Islom sivilizatsiyasi hech qachon harakatsiz bo‘lmagan yoki taraqqiyotdan ortda qolmagan.
O‘zbekistonga tashrifi davomida Ibrohim Najm bu yerdagi tarixiy va zamonaviy obidalarni, xususan, Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy majmuasi, Hakim at-Termiziy maqbarasi va islom olamini ulug‘lovchi boshqa maskanlarni ko‘zdan kechirib, islom sivilizatsiyasi va uning ma’naviy-ilmiy merosi tobora rivojlanib, yangi taraqqiyot bosqichiga qadam qo‘yayotganini e’tirof etgan.
Muallif Islom sivilizatsiyasi markazida saqlanayotgan Usmon mus'hafi nafaqat O‘zbekistonning, balki butun islom olamining eng qimmatli yozma meroslaridan biri ekani, Qur’on matnining ilk davrlarda saqlanish tarixini o‘rganishda muhim manba hisoblanishini ta’kidlagan.
O‘zbekiston musulmonlar idorasi Matbuot xizmati