Sayt test holatida ishlamoqda!
14 Avgust, 2026   |   1 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:02
Quyosh
05:31
Peshin
12:28
Asr
17:21
Shom
19:28
Xufton
20:54
Bismillah
14 Avgust, 2026, 1 Rabi`ul avval, 1448

Jannatga ko‘chadigan rozi-rizolik

05.02.2025   11802   3 min.
Jannatga ko‘chadigan rozi-rizolik

«...Ular bilan totuv turmush kechiringiz. Agar ularni yomon ko‘rsalaringiz, (bilib qo‘yingki) balkim sizlar yomon ko‘rgan narsada Alloh (sizlar uchun) ko‘pgina yaxshilik paydo qilishi mumkin» (Niso surasi, 19-oyat). 


Bugungi kunga kelib solih erkaklar qatori soliha ayollar ham kamayib bormoqda. Achinarlisi, erkakning va oila a’zolarining yaxshi munosabatini suiiste’mol qilayotgan ayollar bor. Ayniqsa, erkak oilani saqlab qolishni istasa, ayol arzimagan sabab bilan ajrashishga harakat qiladi. Shunday vaziyatlarda erning nafsoniyati bilan o‘ynashishdan ham tap tortmaydi. 

Xizmat yuzasidan ko‘plab xonadonlarda bo‘lamiz. Ajrim yoqasiga kelib qolgan oilalarni murosaga keltirish vazifamiz. Shunday vaqtlarda er-xotin janjali, qaynona-kelin mojarosi, qudalarning nizosida bir burchakda bu holatga javdirab qarab turgan bolalar yuragimni ezadi. Bolaga buyumday munosabatda bo‘lib, uni u yoqdan-bu yoqqa tortqilayotgan kattalarni insofga chaqirish oson emas. Jahl chiqqanda aql ketadi. Shu norasidalarning kelajagi uchun ham oilani asrab qolishga harakat qilamiz. 

2024 yilda Buxoro tumanida ajrim yoqasida turgan 62 ta oila yarashtirildi. Shulardan sakkiztasi “Kuchkumar” mahallasidagi oilalardir.

Bundan bir yilcha avval bir nafar farzandi bor er-xotin ajrashishga qaror qildi. Qaynona ko‘zida yosh bilan bunday deydi: “O‘zi uchun ovqat tayyorlab, idishlarini ham yuvmay, xonasiga kirib ketadi. Yosh-da, yumushlarga o‘rganib ketar, desam, betgachopar, dangasaligi ortib boryapti. Nabiram bor, deb o‘g‘limni ajrashish fik­ridan qaytargandim. Orasidan gap o‘tganmi, bir kuni hovlida o‘g‘lim bilan qattiq janjallashyapti. Shunda oilani ajrashish fik­ridan qaytarish uchun ularni kelinining muayyan vaqtgacha onasinikida yashashiga ko‘ndirdik. 

Kelin bo‘lgan uyida eri, qaynonasi koyi­gan bo‘lsa, ikki oy o‘tar-o‘tmasdan dangasaligi bois onasi va akasidan har kuni dashnom eshitaveribdi. Bir kuni o‘sha kelin menga qo‘ng‘iroq qilib, pushaymonligini, shunday yaxshi oilasining qadriga yetmaganini aytib, yig‘ladi. Ota-onasi uni erining uyiga olib bordi. Hozir oila ahil, inoq.  

Hanafiy mazhabimizning mo‘tabar manbalaridan bo‘lgan “Durrul muxtor” kitobida bunday deyiladi: “Nikoh va iymon jannatda ham davom etadi. Har qanday shartnoma muayyan muddatdan so‘ng kuchini yo‘qotadi, ammo bir-biridan rozi bo‘lgan umr yo‘ldosh­larning birgalikdagi hayoti o‘lim bilan ham tugamaydi”.

Har bir oila ana shunday saodatga erishsin! Mustahkam oilalar ko‘paysin!

Anas ibn Molik roziyallohu anhu rivoyat qiladi: «Rasululloh sollallohu alayhi va sallam dedilar: «Jannatda bir bozor bor. Har juma unga (jannatiylar) keladilar. So‘ngra shamol esib, ularning yuzlariyu kiyimlariga mushk sochadi va ularning husni jamoli ziyoda bo‘ladi. Keyin (ularning) husni va jamollari ziyoda bo‘lgan holda qaytadilar. Ahllari ularga: “Allohga qasam, bizdan keyin husni jamolda yanada ziyoda bo‘libsiz”, deydilar» (Imom Muslim rivoyati). 


To‘xtanor NURIDDINOVA,
Buxoro tumani “Kuchkumar” mahallasi otinoyisi


"Mo‘minalar" jurnalining 2025 yil 1-sonidan olindi

Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Imom Buxoriy majmuasiga oxirgi uch oy davomida 2,8 milliondan ziyod mehmon tashrif buyurdi

07.08.2026   25945   1 min.
Imom Buxoriy majmuasiga oxirgi uch oy davomida 2,8 milliondan ziyod mehmon tashrif buyurdi

Bugun viloyatimizda turizm sohasidagi asosiy maqsadlardan biri sayyohlar sonini ko‘paytirish bilan birga, ularning hududda qolish muddatini uzaytirish va sifatli xizmatlar bilan ta’minlashdan iborat, deydi Samarqand viloyati hokimining birinchi o‘rinbosari Sherbek Bo‘ronov.

Uning aytishicha, yilning birinchi yarim yilligida Samarqandga 3,4 million nafardan ortiq xorijiy va 4,7 million nafar mahalliy sayyoh keldi.

“Turistlarning tashrif davomiyligi o‘rtacha 3 kunga yetdi. Bu avvalgi davrga nisbatan 0,5 kunga ko‘pdir. Shuningdek, bir nafar sayyohning o‘rtacha xarajati 400 dollarni tashkil etib, 70 foizga oshdi. Buning natijasida turizm xizmatlari eksporti hajmi 578,1 million dollarga yetdi va o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 144 foiz o‘sish ta’minlandi”, - Bo‘ronov so‘zidan iqtibos keltiradi “Zarafshon” nashri.

Uning fikriga ko‘ra, Samarqandning turistik salohiyatida ziyorat turizmi alohida o‘rin tutadi. “Zero, buyuk allomalar hayoti va ilmiy merosi bilan bog‘liq muqaddas qadamjolar yillar davomida dunyoning turli mamlakatlaridan keluvchi mehmonlarni o‘ziga jalb etib kelmoqda. Imom Buxoriy yodgorlik majmuasining to‘liq foydalanishga topshirilishi mazkur yo‘nalishda yangi imkoniyatlar yaratdi. Majmua kuniga 65 ming nafar ziyoratchini qabul qilish quvvatiga ega bo‘ldi. Oxirgi uch oy davomida ziyoratgohga 2,8 milliondan ziyod mehmon tashrif buyurdi”, - o‘z so‘zini  yakunladi Samarqand viloyati hokimining birinchi o‘rinbosari.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari