O‘zbekiston musulmonlari idorasi Huquqshunoslik bo‘limi tomonidan 2025 yil 5 fevral kuni “Zoom” platformasi orqali adliya organlariga diniy tashkilotlar tomonidan taqdim etilgan hisobotlar yuzasidan yig‘ilish o‘tkazildi. Unda Qoraqalpog‘iston musulmonlari qoziyoti, viloyatlar va Toshkent shahar vakilliklarining yuriskonsultlari ishtirok etdi.
Unda jumladan, diniy tashkilotlar faoliyatida qonuniylikni ta’minlash, qonunchilik hujjatlari mazmun-mohiyatini barcha mas’ul xodimlarga yetkazish orqali ularning huquqiy savodxonligini muntazam ravishda oshirib borish masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, qabul qilingan qonunchilik hujjatlarining mazmun-mohiyati ijrochilarga to‘liq yetkazish, mehnat qonunchiligiga oid hujjatlarni to‘g‘ri yuritish, mas’ul xodimlarning huquqiy madaniyatini yuksaltirib borish, diniy soha xodimlarini qonunchilikdagi o‘zgarishlar to‘g‘risida o‘z vaqtida xabardor qilish, buyruqlarni to‘g‘ri rasmiylashtirish, hujjatlar almashinuvini to‘la tizimlashtirish, ro‘yxatdan o‘tkazuvchi tashkilotlarga o‘z vaqtida hisobot taqdim etish kabi muhim tushuntirish va eslatmalar berildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Bugun, 27 oktyabr kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari Xorazm viloyatiga safarlari davomida Urganch shahridagi viloyat vakilligining yangi binosi ochilish marosimida ishtirok etdilar.
Tadbir avvalida “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida vakillikning yer maydoniga yaxshi niyatlar ila manzarali daraxt ko‘chatlari o‘tqazildi. Vakillik hovlisida barpo etilayotgan mo‘jaz bog‘ning gullab-yashnashini so‘rab xayrli duolar qilindi.
Ochilish marosimi Qur’oni karim tilovati va xayrli duolar ila boshlandi. Tadbirni Xorazm viloyati bosh imom-xatibi Xayrulloh domla Abdullayev olib bordi.
Muftiy hazratlari yig‘ilganlarni yangi bino bilan muborakbod etib, bugungi kunda muhtaram Prezidentimiz boshchiligida diniy-ma’rifiy sohada ulkan islohotlar amalga oshirilayotganini ta’kidladilar. Xususan, mo‘min-musulmonlarga ulkan imkoniyatlar taqdim etilayotgani, ibodat qilish uchun barcha sharoitlar muhayyo qilinayotgani, hududlardagi vakilliklarning moddiy texnik bazalari yaxshilanayotgani, yurtimizda Qur’on kurslari keng faoliyat yuritayotgani, yuzlab hamyurtlarimiz “Prezident hojilari” sifatida muborak safarga yuborilgani, Ramazon va Qurbon hayiti arafasida kambag‘al va ehtiyojmand oilalarga pul mablag‘lari tarqatilgani ezgu ishlarning yorqin namunasi ekanini alohida e’tirof etdilar.
Shuningdek, Muftiy hazratlari Xorazm viloyatida o‘tkazilayotgan ikkinchi sayyor seminarning mazmun-mohiyati va ahamiyatiga to‘xtalib, avvallari viloyat vakilliklarining o‘z binolari bo‘lmagani, bugun esa hududlarda mana shunday muhtasham vakillik binolari qad rostlayotganini qayd etdilar. Bunday ne’matlar va yurtimizdagi tinchlik-xotirjamlik uchun doimo shukronalik keltirish va duoda bardavom bo‘lish kerakligini uqtirdilar.
Xorazm viloyati «Nuroniy» jamg‘armasi raisi Rustam Sultonov vakillik ahlini yangi bino bilan qutlab, yaratilgan bunday sharoitlar diniy-ma’rifiy sohadagi ezgu islohotlarning uzviy davomi ekanini ta’kidladi.
Darhaqiqat, zamon talablari asosida barpo etilgan ushbu binoda viloyatdagi barcha imom-xatib va noiblar bir joyga jamlanib, o‘quv-seminarlari va ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarni yuqori saviyada o‘tkazish imkoniga ega bo‘ldi. Binoda kichik majlislar zali, shuningdek, axborot-media faoliyati va tasvirga olish uchun barcha qulayliklarga ega maxsus xonalar ham tashkil etilgan.
Tadbir davomida Muftiy hazratlari tomonidan Xorazm viloyati vakilligiga yangi xizmat avtomashinasi topshirilishi e’lon qilindi.
Safar asnosida Muftiy hazratlari va mehmonlar yangi binoni ko‘zdan kechirib, vakillik xodimlarining munosib faoliyat yuritishi uchun yaratilgan zamonaviy shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishib, amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlaridan mamnun bo‘ldilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati