Sayt test holatida ishlamoqda!
11 Avgust, 2026   |   28 Safar, 1448

Toshkent shahri
Tong
03:58
Quyosh
05:28
Peshin
12:30
Asr
17:24
Shom
19:32
Xufton
21:00
Bismillah
11 Avgust, 2026, 28 Safar, 1448

Eng kam mahr miqdori qancha?

07.02.2025   35494   6 min.
Eng kam mahr miqdori qancha?

«Mahr» aqdi nikoh yoki er-xotinlik qilish barobarida ayol haqdor bo‘ladigan narsaning ismidir.

Mahr turli nomlar bilan nomlanadi. Qur’oni karimda unga nisbatan «sadoq», «sadaqa», «ajr», «fariyza», «nihla» ismlari ishlatilgan. Bizda mahrning o‘rniga «qalin», «sut puli» kabi iboralar qo‘llanadi.

Ba’zi ulamolar: «Mahrning o‘nta ismi bor», deganlar. Bizda «mahr» ismi mashhur bo‘lganligi uchun shu ismni qo‘llashni ma’qul ko‘rdik.

Alloh taolo «Niso» surasida quyidagicha marhamat qiladi: «Ayollarga mahrlarini ko‘ngildan chiqarib bering» (4-oyat).

Ushbu oyati karima erga mahr berish vojib ekanini anglatuvchi to‘rtta oyati karimadan biridir. Aqdi nikoh bo‘lishi bilan mahr berish vojib bo‘ladi, agar qovushmay turib ajrashadigan bo‘lsalar ham.

Berilganda ham, kuyov tomonidan chin qalbdan chiqarib berilishi talab etiladi va mahr kelinning shaxsiy mulki bo‘ladi. Bu shar’iy hukm kelinlarni hurmatlash, taqdirlash va erkalashning muhim bir ko‘rinishidir.

Mahr berish farz amal hisoblanadi. Hatto shundayki, kelin-kuyov o‘zaro kelishib, ikkimiz ham rozimiz, bu hukmga amal qilmay qo‘yaveramiz, deyishga ham imkonlari yo‘q. Agar bilimsizlik oqibatida yoki boshqa sabablarga ko‘ra mahr belgilanmay, nikohlanib ketgan bo‘lsalar ham, keyin baribir mahr berilishi kerak. Hattoki, er mahrni berishdan oldin vafot etib qolsa ham, merosxo‘rlari mahrni ado etishlari lozim bo‘ladi.

Ushbu oyatda er o‘ziga xotin bo‘lishga rozi bo‘lgan ayolga mahrni og‘rinib emas, chin ko‘ngildan chiqarib berishi lozimligi uqtirilmoqda va mahr kelinning o‘z mulkiga aylanishiga ham ishora qilinmoqda.

Ayol mahrni olganidan keyin nima qilsa, o‘zi biladi. Jumladan, ushbu oyatda zikr qilinganidek, eriga qaytarib bersa ham o‘zining ishi.

Agar kelin o‘z ixtiyori bilan rozi bo‘lib erining bergan mahrining hammasini yoki bir qismini qaytarib bersa, er uni bemalol olib, tasarruf qilsa bo‘laveradi.

عَنْ سَهْلِ بْنِ سَعْدٍ رَضِيَ اللهُ عَنْهُ قَالَ رَسُولُ اللهِ صلى الله عليه وسلم: «...فَالْتَمِسْ وَلَوْ خَاتَمًا مِنْ حَدِيدٍ...». رَوَاهُ الْخَمْسَةُ.

Sahl ibn Sa’d roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam uylanmoqchi bo‘lgan kishiga:

«...Agar bir temir uzuk bo‘lsa ham top...», – deganlar».

Beshovlari rivoyat qilganlar.

Nabiy alayhissalom biror nikohni mahrsiz qo‘ymaganlari sobitdir.

Musulmonlarning barchasi nikoh mahrsiz bo‘lmasligiga ijmo’ qilganlar.


Mahrning ozi o‘n dirhamdir

O‘n dirham bir dinorga teng keladi. Bu – nisobga yetgan molning yigirmadan biri deganidir. Ushbu ma’lumotga suyanib, har bir davrdagi mahrning eng oz miqdorini belgilash oson bo‘ladi. Buning uchun o‘sha davrning zakot nisobi, mazkur miqdorning yigirmadan biri aniqlansa, eng oz mahr miqdori chiqadi.

عَنْ جَابِرٍ رَضِيَ اللهُ عَنْهُ أَنَّ النَّبِيَّ صلى الله عليه وسلم قَالَ: لَا مَهْرَ أَقَلَّ مِنْ عَشْرَةِ دَرَاهِمَ. رَوَاهُ الدَّارَقُطْنِيُّ وَالْبَيْهَقِيُّ.

Jobir roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «O‘n dirhamdan oz mahr yo‘q», dedilar (Doraqutniy va Bayhaqiy rivoyat qilganlar).

Agar o‘n dirham miqdoridan ozni aytgan bo‘lsa ham, o‘n dirham miqdorini berish vojib bo‘ladi.

Mahr pul bo‘lishi shart emas. Kiyim, taqinchoq yoki shunga o‘xshash mulk bo‘ladigan va halol narsa bo‘lsa joiz. Kuyov taraf o‘n dirham yoki uning qiymatidan oz miqdordagi narsani mahr deb aytgan bo‘lsa, baribir o‘n dirham yoki uning qiymatidagi narsani berishi lozim bo‘ladi.

Agar undan boshqani aytgan bo‘lsa, ikkovlaridan biri vafot etganda yoki sahih xilvat bo‘lganda atalgan narsani berish vojib bo‘ladi.

Ya’ni, er taraf kelinga o‘n dirhamdan oz bo‘lgan mahrdan boshqani, o‘n dirham yoki undan ko‘pni mahrga berishni atagan bo‘lsa, birlari vafot etgan chog‘ida yoki ikkovlari sahih xilvatda qolganlaridan keyin o‘shani berish vojibga aylanadi.

Sahih xilvat deganda, aqdi nikohdan keyin eru xotin bir joyda xoli qolib, ularni jinsiy aloqadan to‘suvchi hissiy, shar’iy va tabiiy mone’liklar bo‘lmasligi ko‘zda tutiladi.

Xoli joy deganda, hamma tomoni yaxshi to‘silgan, ikkovlarining iznisiz oldilariga birov kira olmaydigan makon ko‘zda tutiladi.

Hissiy mone’lik deganda, er bemorligi tufayli vaqtincha jinsiy aloqaga yaramay turganligi ko‘zda tutiladi. Shuningdek, ayolning farjida to‘siq bo‘lib, jinsiy aloqaga mone’ bo‘lishi ham hissiy mone’likka kiradi.

Shar’iy mone’lik deganda, ayolning hayzli yoki nifosli bo‘lishi, ikkisidan biri ro‘zador yoki ehromda bo‘lishi ko‘zda tutilgan.

Tabiiy mone’lik deganda, er-xotindan boshqa shaxsning ular bilan birga bo‘lishi ko‘zda tutilgan.

Ana o‘sha shartlar to‘liq bo‘lib, sahih xilvat yuzaga kelgandan keyin erga mahrni to‘liq berish vojib bo‘ladi, agar xotinning aybi bilan nikoh buzilsa ham. Misol uchun, qovushgandan yoki sahih xilvatdan keyin ayol dindan chiqib, murtad bo‘lsa ham, mahrni to‘liq olish haqqiga ega bo‘ladi.

Shuningdek, avval ham aytib o‘tilganidek, er‑xotinning birining o‘limi bilan ham to‘liq mahr vojib bo‘ladi. O‘lim qovushganlaridan oldin sodir bo‘ladimi, keyinmi, baribir.

Jinsiy olatning kesilgan bo‘lishi, jinsiy zaiflik va bichilganlik man qiluvchi omil emas.

Bunday holatlarda ham kelin-kuyov yolg‘iz qolsalar, sahih xilvat hisoblanaveradi.

Davomi bor...

"Baxtiyor oila" kitobidan

Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Saudiya Arabistonida o‘tkazilayotgan xalqaro Qur’on tanlovida 133 davlat vakillari ishtirok etmoqda

10.08.2026   10595   2 min.
Saudiya Arabistonida o‘tkazilayotgan xalqaro Qur’on tanlovida 133 davlat vakillari ishtirok etmoqda

Qirol Abdulaziz nomidagi Qur’oni karimni yod olish, o‘qish va sharhlash bo‘yicha qirq oltinchi xalqaro tanlovning saralash bosqichi 7 avgust kuni Makka shahridagi musobaqalar o‘tkaziladigan joyda 133 davlatdan 334 nafar ishtirokchi (erkak va ayollar) ishtirokida boshlandi.

IQNA "Minbar" gazetasiga tayanib xabar berishicha, Qirol Abdulaziz nomidagi Qur’oni karimni yod olish, o‘qish va sharhlash bo‘yicha qirq oltinchi xalqaro tanlovning saralash bosqichi bir kun avval Makkadagi musobaqalar o‘tkaziladigan joyda boshlangan va final bosqichini Masjidul Haromda o‘tkazish uchun zamin tayyorlagan.

Saudiya Arabistoni Islom ishlari, da’vat va hidoyat vazirligi tomonidan tashkil etilgan ushbu tadbirning saralash bosqichida hakamlar hay’atlari eng yuqori aniqlik va shaffoflik standartlariga rioya qilgan holda, Qur’on tilovati uslublari va qoidalariga ixtisoslashgan taniqli xalqaro hakamlar guruhi nazorati ostida erkak va ayol ishtirokchilarning chiqishlarini tinglab, final bosqichiga kimlar o‘tishini aniqladi.

Tanlovning joriy bosqichi 133 mamlakatdan 334 nafar ishtirokchi (erkak va ayollar) ishtirokida o‘tkazilmoqda, ular besh toifa: "Shatibiya" usuli bo‘yicha yetti xil qiroat asosida Qur’oni Karimni to‘liq yodlash (qiroat va nazariy bilimlarni, shuningdek, tajvid qoidalarini a’lo darajada bajarish va rioya qilishni o‘z ichiga oladi); a’lo darajada ijro etish, tajvidga rioya qilish va so‘zlarni sharhlash bilan Qur’oni Karimni to‘liq yodlash; a’lo darajada ijro etish va tajvidga rioya qilish bilan Qur’oni Karimni to‘liq yodlash; a’lo darajada ijro etish va tajvidga rioya qilish bilan ketma-ket o‘n beshta juzni yodlash; a’lo darajada ijro etish va tajvidga rioya qilish bilan ketma-ket beshta juzni yodlash bo‘yicha bellashmoqda.

Vazirlik ushbu global qur’oniy tadbirning muvaffaqiyatini ta’minlash uchun elektron hakamlik tizimini joriy etish, ishtirokchilarni baholashda adolat va aniqlikni ta’minlash uchun tashkiliy va keng qamrovli platformani yaratish, shuningdek, ularga turli xil xizmatlarni taqdim etish kabi barcha imkoniyatlarini ishga solishda davom etadi.

Qirol Abdulaziz nomidagi xalqaro musobaqa dunyodagi eng yirik Qur’on musobaqalaridan biri hisoblanib, uning umumiy pul mukofotlari miqdori 10 million saudiya rialidan oshadi.

Mazkur musobaqada O‘zbekiston sharafini "Mir Arab" o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi, "Sayyid Muhiddin maxdum" o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi, Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti hamda "Xadichai Kubro" qizlar o‘rta maxsus islom bilim yurti talabalari himoya qilishi haqida avval xabar berilgan edi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

Dunyo yangiliklari