Bismillahir Rohmanir Rohiym
Cavol: Tilla yoki naqd pulim yo‘q. Ammo 600 gramm kumushim bor. Shu kumushdan zakot beramanmi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Kumushning nisobi ikki yuz dirham, ya’ni 595 grammga teng. Kimda shu va shundan ko‘p miqdordagi kumushi bo‘lib, bir yil o‘tgan bo‘lsa, qirqdan birini zakot sifatida beradi. Tilla va kumushda qiymat emas, vazn hisobga olinadi. Shu sababli kumushning narxi zakot nisobiga yetmasligi mumkin, ammo vazn jihatdan yetgani uchun zakot beriladi. Zakot berishda, kumushning o‘zidan yoki qiymatidan bersa ham bo‘ladi (“Bado’ius-sanoi’” kitobi). Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.
Bahouddin Naqshband ilmiy-tadqiqot markazi bosh ilmiy xodimi, dots.nt Azalshoh Hamroyev hammuallifligida «Buxoro: sharafli o‘tmishdan buyuk istiqbol sari» nomli salmoqli kitob-albom chop etildi.
Turkiyaning Istanbul shahridagi nufuzli «Mega basim» nashriyotida yuqori poligrafik sifatda chop etilgan ushbu 384 betlik asar o‘zbek, rus va ingliz tillarida tayyorlangan.
Kitob-albomda Islom sivilizatsiyasi beshiklaridan biri bo‘lgan ko‘hna Buxoroi Sharifning uch ming yillik shonli tarixi, boy ma’naviy-madaniy merosi, shuningdek, buyuk allomalar yurtidagi muqaddas qadamjolarning o‘rni alohida e’tirof etilgan.
Shu bilan birga, nashrda Yangi O‘zbekistonda so‘nggi yillarda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, yurtimizda diniy-ma’rifiy sohada olib borilayotgan ijobiy o‘zgarishlar, bunyodkorlik ishlari va ijtimoiy taraqqiyot yuqori sifatli suratlar, aniq ma’lumotlar hamda ilmiy asoslangan matnlar orqali ochib berilgan.
Mazkur nashr nafaqat tarixiy va ma’rifiy merosni o‘rganishda qimmatli manba, balki yurtimizdagi tinchlik-osoyishtalik, taraqqiyot va ma’naviy yuksalishning yorqin ko‘zgusi bo‘lib xizmat qiladi.
Yangi kitob-albom ma’rifatparvar xalqimiz va kitobxonlarga muborak bo‘lsin!
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati