Bismillahir Rohmanir Rohiym
Cavol: Tilla yoki naqd pulim yo‘q. Ammo 600 gramm kumushim bor. Shu kumushdan zakot beramanmi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Kumushning nisobi ikki yuz dirham, ya’ni 595 grammga teng. Kimda shu va shundan ko‘p miqdordagi kumushi bo‘lib, bir yil o‘tgan bo‘lsa, qirqdan birini zakot sifatida beradi. Tilla va kumushda qiymat emas, vazn hisobga olinadi. Shu sababli kumushning narxi zakot nisobiga yetmasligi mumkin, ammo vazn jihatdan yetgani uchun zakot beriladi. Zakot berishda, kumushning o‘zidan yoki qiymatidan bersa ham bo‘ladi (“Bado’ius-sanoi’” kitobi). Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.
Qashqadaryo viloyati Shahrisabz tumanidagi «Oq masjid» jome masjidining yangi binosi poydevoriga ilk g‘isht qo‘yish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Xayrli tadbirda O‘zbekiston musulmonlari idorasining Qashqadaryo viloyatidagi vakili, viloyat bosh imom-xatibi Rahmatillo domla Usmonov, tuman imom-xatiblari, mahalla faollari va ko‘p sonli namozxonlar ishtirok etdi.
Yig‘ilganlar mazkur ezgu tashabbusning bardavom bo‘lishini, qurilish ishlarining ko‘ngildagidek, bexatar va tez fursatlarda yakunlanishini tilab, Alloh taolodan xayr-baraka so‘rab duolar qildilar.
Ta’kidlanganidek, yangi bino qad rostlashi natijasida hudud aholisi va masjid qavmi uchun yanada keng, qulay va zamonaviy sharoitlar yaratiladi.
Shuningdek, masjid qurilishiga xolis hissa qo‘shayotgan barcha saxovatpesha yurtdoshlarimiz hamda quruvchi-mutaxassislar haqqiga ezgu duolar qilindi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati