Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
وَلِأَبِي دَاوُدَ: مَنْ دُعِيَ فَلَمْ يُجِبْ فَقَدْ عَصَى اللهَ وَرَسُولَهُ، وَمَنْ دَخَلَ عَلَى غَيْرِ دَعْوَةٍ دَخَلَ سَارِقًا وَخَرَجَ مُغِيرًا.
Abu Dovudning rivoyatida:
«Kim da’vat qilinsa-yu, ijobat qilmasa, batahqiq, Allohga va Uning Rasuliga osiy bo‘lur. Kim da’vat qilinmay turib kirsa, o‘g‘ri holida kirib, talonchi holida chiqur», deysilgan.
Sharh: Ushbu rivoyatda chaqirilgan joydan qolmaslik va chaqirilmagan joyga bormaslik haqida so‘z ketmoqda.
Aytilgan valiymaga bormaslik Alloh taologa va Uning Rasuli sollallohu alayhi vasallamga osiylikdir.
Aytilmagan joyga borish esa o‘g‘rilik va bosqinchilik kabidir. Valiymaga da’vat qilinmagan odam unga kirayotganda xuddi o‘g‘ri kabi, birov ko‘rib qolmasin, deb pisib-berkinib kiradi. Qaytib chiqayotganda esa xuddi g‘arot qilib, kuch bilan birovning narsasini tortib olgan odamdek, gerdayib, kekirib chiqadi. Shuning uchun aytilmagan joyga bormaslik kerak.
وجَاءَ رَجُلٌ يُقَالُ لَهُ أَبُو شُعَيْبٍ إِلَى غُلَامٍ لَهُ لَحَّامٍ فَقَالَ: اصْنَعْ لِي طَعَامًا يَكْفِي خَمْسَةً، فَإِنِّي رَأَيْتُ فِي وَجْهِ رَسُولِ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ الْجُوعَ، فَصَنَعَ طَعَامًا ثُمَّ أَرْسَلَ إِلَى النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ فَدَعَاهُ وَجُلَسَاءَهُ الَّذِينَ مَعَهُ، فَلَمَّا قَامَ النَّبِيُّ r اتَّبَعَهُمْ رَجُلٌ لَمْ يَكُنْ مَعَهُمْ حِينَ دُعُوا، فَلَمَّا انْتَهَى رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ إِلَى الْبَابِ قَالَ لِصَاحِبِ الْمَنْزِلِ: إِنَّهُ اتَّبَعَنَا رَجُلٌ لَمْ يَكُنْ مَعَنَا حِينَ دَعَوْتَنَا، فَإِنْ أَذِنْتَ لَهُ دَخَلَ، قَالَ: فَقَدْ أَذِنَّا لَهُ فَلْيَدْخُلْ. رَوَاهُ التِّرْمِذِيُّ وَالشَّيْخَانِ.
«Abu Shu’ayb ismli bir kishi o‘zining qassob xodimining oldiga kelib:
«Menga besh kishilik taom tayyorlab qo‘y, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning yuzlarida ochlikni ko‘rdim», dedi.
U taomni tayyorladi. So‘ngra Nabiy sollallohu alayhi vasallamga odam yuborib, u zotni va birga o‘tirganlarni da’vat qildi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam turib ketayotganlarida da’vat qilingan paytlarida bo‘lmagan bir kishi ham ularga ergashdi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam eshik oldiga yetib kelganlarida manzil sohibiga:
«Bizni da’vat qilganingda biz bilan bo‘lmagan bir kishi bizga ergashib keldi. Agar unga izn bersang, kiradi», dedilar.
«Batahqiq, unga izn berdik, kiraversin», dedi u».
Termiziy va Ikki shayx rivoyat qilganlar.
Sharh: Ushbu hadisi sharifdan olinadigan foydalar:
1. Abu Shu’ayb roziyallohu anhuning ziyrakliklari va Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga mehribonliklari. Ulug‘ kishilarning atroflaridagi odamlar ana shunday bo‘lishlari lozim.
2. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam boshqa kishilar mulohaza qiladigan darajada och qolishga duchor bo‘lgan kunlarni ham boshlaridan kechirganliklari.
3. Uyda taom tayyorlab, och qolgan kishilarni taomlantirish savobli ish ekanligi.
4. Da’vat qilinmagan odam valiyma bor joyga bormagani ma’qul ekanligi, borsa ham, alohida izn so‘rab, keyin kirishi lozimligi.
5. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning yuksak odoblari. Avvalo, ergashgan odamga «Sen qol», demadilar. So‘ngra Abu Shu’ayb roziyallohu anhudan chaqirilmagan kishiga izn berishni so‘radilar.
Har bir musulmon kishi ushbu odoblarni e’tibor berib o‘rganishi, ularga amal qilishi zarur.
«Hadis va hayot» kitobi asosida tayyorlandi
O‘zbekiston va YUNЕSKOning Nomoddiy madaniy merosni muhofaza qilish to‘g‘risidagi konvensiyasi kotibiyati vakillari o‘rtasida onlayn uchrashuv bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
Mamlakatimizning YUNЕSKO huzuridagi Doimiy vakolatxonasi ko‘magida tashkil etilgan muloqotda mahalla bilan bog‘liq madaniy an’ana va urf-odatlar, ularni xalqaro darajada targ‘ib qilish istiqbollari muhokama qilindi.
YUNЕSKOning Nomoddiy madaniy merosni muhofaza qilish to‘g‘risidagi konvensiyasi kotibi Fumiko Oxinata va Osiyo-Tinch okeani mintaqasi uchun mas’ul dastur mutaxassisi Nikolas Tan mavzu yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bayon etdi.
O‘zbekiston tomonidan Tashqi ishlar vazirligi, O‘zbekiston mahallalari uyushmasi hamda YUNЕSKO huzuridagi Doimiy vakolatxonasi vakillari mahallaning ko‘p asrlik tarixi, uning jamiyat hayotidagi alohida o‘rni va milliy an’analarni saqlashdagi ahamiyati haqida so‘z yuritdi.
Uchrashuvda mahalla O‘zbekiston xalqi turmush tarzining ajralmas qismi ekani ta’kidlandi. U insonlarni yaxshi qo‘shnichilik, o‘zaro yordam, hamjihatlik va katta avlod vakillariga hurmat tamoyillari asosida birlashtiradi.
YUNЕSKO Kotibiyati vakillari taqdim etilgan materiallarga katta qiziqish bildirdi. Ular O‘zbekistonda mahalla bilan bog‘liq shakllangan jamoat hayoti tartibining o‘ziga xos xususiyatlarini e’tirof etdi.
Suhbat davomida O‘zbekistonning nomoddiy madaniy merosni targ‘ib qilishdagi roli alohida qayd etildi. Shu nuqtayi nazardan, o‘zbek mahalla tizimi tajribasi YUNЕSKO Kotibiyati mutaxassislarida katta qiziqish uyg‘otdi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati