Sayt test holatida ishlamoqda!
25 Avgust, 2026   |   12 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:17
Quyosh
05:42
Peshin
12:25
Asr
17:10
Shom
19:12
Xufton
20:32
Bismillah
25 Avgust, 2026, 12 Rabi`ul avval, 1448

Imomlari etuk bo'lgan ming yillik masjid

14.03.2024   1666   15 min.
Imomlari etuk bo'lgan ming yillik masjid

Buxorodagi qadimiy Masjidi Kalon asrlar osha ilm-ma'rifat o'choqlaridan biri bo'lgan. Bu erda ko'pgina fozillar ilm olish va ma'rifat tarqatish bilan mashg'ul bo'lganlar.

Sulton Muhammad ibn Qalandarshoh o'zining “Risolayi Sultoniy” asarida masjid haqida shunday nodir ma'lumotlarni yozib qoldirgan: “Buxorodagi Masjidi Kalon hijriy 94/milodiy 713 yilda bino qilingan. Bu yil esa ushbu o'n yillarning birikim, Damashqda Bani Umayya Jomi' masjidi ham bino bo'ldi”[1].

Bu masjid juda ko'p olimu fozillarning qadamjoyi bo'lgani uchun va Movarounnahr musulmonlariga ulkan xizmati sababli o'z imomlarini mashhur qilgan.

Hadis ilmining sultoni Imom Muhamad ibn Ismoil al Buxoriy (810-870) Buxoroga kelganlarida Masjidi Kalon juda katta masjid bo'lgan. Bu erda dars o'tganlarida ma'lum bir masofada muballig'lar, ya'ni, etkazuvchilar turib, imom Buxoriy nima desalar, xalqqa etkazib turganlar. Hamma eshitib, yodlab, yozib borganlar[2]. Masjidi Kalonda Imom Buxoriydan bir vaqtning o'zida 10 mingga yaqin odam dars olgan.

Markaziy Osiyo xalqlari madaniyatini O'rta asr sharoitida dunyo madaniyatining oldingi qatoriga olib chiqqan buyuk mutafakkirlardan biri — Abu Ali ibn Sino (980- 1037) bo'lib, u Ovro'poda Avitsenna nomi bilan mashhurdir. 17 yoshidayoq olim sifatida shakllandi, katta nufuzli shifokor bo'lib etishdi. Buxoroning amiri bemor bo'lganligi tufayli Ibn Sinoni saroyga taklif qilishdi va bu erda bemor yotgan somoniylarning amiri Nux ibn Mansurni (976-997) davoladi. Buning evaziga Ibn Sinoga somoniylar saroyiga joylashgan kutubxonadan foydalanishga ruxsat berildi. Tibbiyot masalasida biror bir mushkullikning echimi topilmasa, Ibn Sino arkning oldidagi Masjidi Kalonga o'tib ikki rakaatdan namoz o'qirdi. So'ng yo tushida, yoki o'ngida mushkullikning echimi topilardi. Buni Ibn Sino “Qonuni tib” kitobining muqaddimasida keltirgan.

Mashhur qomusiy asar “Al-Ansob” (Nasabnoma) kitobi muallifi Abdulkarim as-Sam'oniy (1113–1167) Masjidi Kalonda dars bergan. Shu masjidda imom-xatib sifatida faoliyat olib borgan olimlar, ulug' zotlar to'g'risida qimmatli ma'lumotlar qoldirgan. Jumladan, paykent (hozirgi Qorako'l)lik ko'pgina ulamolar shu erda dars berganlar.

Abu Ahmad ibn Yusuf Paykandiy, Abu Zakariyo Yahyo ibn Ja'far Paykandiy va Abu Abdulloh Muhammad ibn Salom Paykandiy (h.225/ m.841) hadis ilmining ishonchli muhaddislaridan bo'lib, bular Imom al-Buxoriyga shu Masjidi  Kalonda ta'lim bergan muhaddis ustozlardan.

Abu Muhammad Abdulloh ibn Fazl al-Hayroxariy (9 asr) (Buxorodan besh farsax uzoqlikdagi Zandaniga yaqin qishloq. (Peshku tumanida.) shu qishloqdan bo'lib, bu nisbat bilan mashhurdirlar. Bu kishi Buxoroda mufti (fatvo beruvchi) bo'lganlar. Buxorodagi Masjidi Kalon jome masjidida imom-xatib bo'lganlar[3].

Abul Fazl Ahmad ibn Ali as-Sulaymoniy Paykandiy ko'p hadislarni yoddan biluvchi edilar. O'z zamonlarida u kishi hadislarning asosi (dalili)ni keltirishda, hadislarni yoddan bilishda va aytgan hadislari to'g'riligini isbotlashda tengi yo'q edilar.  Ilm talabida Iroq, Shom va Misrda bo'lib, to'rt yuzdan ortiq kichik hajmli kitob yozganlar. Har hafta bir kitob bitib, juma kuni Buxorodagi Masjidi Kalon jome masjidiga olib kelib, u erda hozir bo'lgan kishilarga o'qib berganlar. Hijriy 412 (milodiy 1022) yilda vafot etganlar[4].

Abul Hasan Ali ibn Hasan al-Quhanduziy ham Buxoroning “Quhanduz”idan bo'lib, Masjidi Kalonda muazzin  edilar. Abu Zakariyo Yahyo ibn Ismoil, Abu Zayd Imron ibn Farinom, Sahl ibn Mutavakkil va Qays ibn Unayfdan hadis rivoyat qilganlar. Hijriy 346 (milodiy 958) yilning jumodul avval oyida vafot etganlar.

Abu Amr Muhammad ibn Homid al-Quhanduziy “Muazzin al-abyaz” (Oppoq muazzin) nomi bilan tanilgan edilar. Bu kishi Buxoro ahlidan bo'lib, Masjidi Kalonda azon aytuvchi edilar. Abu Bakr al-Munkadiriy va Abu Amr Said ibn Muhammad al-Ahnafdan hadis rivoyat qilganlar. Hijriy 369 (milodiy 980) yilda vafot etganlar[5].

Abu Ibrohim Ishoq ibn Muhammad al-Jubuniy Buxoroning mashhur olimlaridan bo'lib, “Al-Jubuniy” nomi bilan tanilgan edilar. Pishloq tayyorlab sotganlari uchun “Jubuniy” (Pishloqchi) taxallusini olganlar. Buxorodagi “Masjidi Kalon” jome masjidida imom-xatib va Hanafiy mazhabi faqihlaridan edilar[6].

Abul Fazl Ahmad ibn Ali as-Sulaymoniy Paykandiy ko'p hadislarni yoddan biluvchi edilar. O'z zamonlarida u kishi hadislarning asosi (dalili)ni keltirishda, hadislarni yoddan bilishda va aytgan hadislari to'g'riligini isbotlashda tengi yo'q edilar.  Ilm talabida Iroq, Shom va Misrda bo'lib, to'rt yuzdan ortiq kichik hajmli kitob yozganlar. Har hafta bir kitob bitib, juma kuni Buxorodagi Masjidi Kalon jome masjidiga olib kelib, u erda hozir bo'lgan kishilarga o'qib berganlar. Hijriy 412 (milodiy 1022) yilda vafot etganlar[7].

Abu Amr Usmon ibn Ibrohim al-Buxoriy al-Fazliy Buxorodagi Masjidi Kalonning imomi, solih olim va chiroyli siyratli edilar. Hijriy 426 (milodiy 1036) yilning ramazon oyida tavallud topib, hijriy 508 (milodiy 1115) yilda Buxoroda vafot etganlar.

Abu Bakr Muhammad ibn Ahmad ar-Rig'damuniy fozil kishilardan bo'lib, yolg'iz qolganlarida sukunat va viqorni yaxshi ko'rar edilar. Dinu diyonatni har xil gaplardan, tuhmatlardan himoya qilardilar. Buxorodagi Masjidi Kalon jome masjidida imom-xatib edilar[8].

Abul Mahomid Hammod ibn Ibrohim as-Saffor (493-576) (saffor  arabcha so'z bo'lib,  miskar, mis buyumlar   yasash, ularni tuzatish va sotish ishi bilan shug'ullanuvchi degan ma'noni anglatadi.) adabiyot va usul ilmlarini yaxshi bilar edilar. Buxorodagi Masjidi Kalon jome masjidida imom edilar. Juma kunlari kishilarga shu masjidda o'z risolalarini o'qib berardilar[9]

  Abu Amr Usmon ibn Ibrohim al-Buxoriy al-Fazliyning amakilarining nevaralari Abu Bakr Muhammad ibn Muhammad al-Fazliy Buxorodagi Masjidi Kalonda imom-xatib edilar. Bu kishida payg'ambar alayhissalomning kavushlari va  hassalarining yarmi bor edi. Ularni har bir kelgan kishi ziyorat qilar edi. Hijriy 549 (milodiy 1155) yilda vafot etganlar[10].  

“Tuhfat uz zoiriyn” kitobida quyidagi ibratli voqea naql etilgan. 1220 yil Chingizxon galalari Buxoroyi sharifni zabt etdi. Chingizxon Masjidi Kalonga kirgan vaqtida Imom Nuriddin Sayrofiy hazratlari mehrob yonida ibodat bilan mashg'ul edilar va o'sha erda u zotni Chingizxon shahid qildi. Hazrati Mavlono Nuriddin Sayrofiy Shamsul aimma Kardariyning shogirdlari edilar. Bu zoti sharif Masjidi Kalonning imom bo'lganlar[11].

1807 yili Buxoroda Halifa Niyozquli (1821 y.da vafot etgan) tomonidan o'zgacha usulda madrasa qurildi. U madrasa shaharning Darvozai Mozor yaqinida joylashgan bo'lib, “Chor minor” (to'rt minora) deb ataladi. Halifa Niyozquli al Libobiy (Labiobiy) Turkmanistonning sharqiy tomonida joylashgan Libob (Chorjo'y) shahridandir[12].

Manbalarda keltirilishcha, Amir Haydarning otasi Amir Shohmurodga Qur'on va boshqa shariat ilmlaridan ta'lim bergan. Halifa Niyozquli o'sha paytda mujaddidiya-naqshbandiya tariqatining shayxlaridan bo'lgani uchun Amir Shohmurod va uning vorisi Amir Haydar uning muridi edi. Amir Shohmurod o'zining ustozi Halifa Niyozqulini 1789 yilda Masjidi Kalonga imom xatib vazifasiga tayinladi. Shayx Halifa Niyozqulini “Piri dastgir” yoki “Darveshi sharif” deb nomlashardi. Shayx umrining oxirigacha qarib 30 yil Amir Shohmurod davridan to Amir Haydarning zamonigacha Masjidi Kalonda imom xatiblik xizmatini ado etdilar[13].

Amirlik davrdagi Masjidi Kalonning eng oxirgi imomi Eshoni Ibodulloxondir. U kishi  imom xatiblik vazifasini 1930 yilgacha ado qilganlar. Manbalarda keltirilishicha, Eshoni Ibodulloxon 6000 taga yaqin muridlari bo'lgan. Buxorodagi “Darvozai Qarshi” yaqinida xonaqohlari bo'lib, u erda kunida 500ta murid xizmat qilgan[14].

Mustabid sovet davrida Masjidi Kalon rosa 70 yil faoliyati to'xtatilib, oziq-ovqat omborxonasiga aylantirilgan. Mamlakatimiz mustaqilligi arafasida Allohning inoyati bilan yana musulmonlar ixtiyoriga berildi.

Muxtorjon Abdulloh Buxoriy (1928-2002), din arbobi va muftiy. 1989 dan 1990 yilgacha “Kalon” jome' masjidida imomlik vazifasini bajargan[15].

Gulov  Jonmuhammad Mirovich (1963 yili tug'ilgan) 1990–1998 yillarda Buxoro shahar “Kalon” jome masjidi  imom xatibi bo'lgan.

Abdug'afur domla Razzoq (Razzoqov) Buxoriy 1950 yilda Buxoroda tug'ilgan. 2003 yili Abdukarim as-Sam'oniyning mashhur “al-Ansob” (“Nasabnoma”) asaridan VII-XII asrda yashagan movarounnahrlik olimlar haqidagi ma'lumotlarni shogirdi Komiljon Rahimov bilan arab tilidan o'zbekchaga o'girdi.  1999 – 2006 yillarda Buxoro shahar “Kalon” jome masjidi  imom xatibi bo'lgan.

Ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Uch kishi qiyomat kuni mushk tepaliklarida bo'lurlar. Ularga avvalgilaru va oxirgilar havas qilurlar. Har kecha-kunduzi besh vaqt namozga azon aytadigan odam. Bir qavmga imom bo'lib, qavmi undan rozi bo'lgan kishi va ham Allohning, ham xojalarining haqqini ado etgan qul”, dedilar» (Imom Termiziy rivoyati).

Qiyomat kuni mushku anbardan bo'lgan tepalikka chiqib turish, avvalgilaru oxirgilarning havasini keltiradigan darajaga erishish ulug' baxtdir. Allohim, yuqorida zikr qilingan barcha imom va muazzinlarni ushbu ulug' baxtga muyassar qilsin!

 Jamol Malonov,

 “Masjidi Kalon” jome masjidining

imom xatibi

 

 

 

 

 

[1] Sulton Muhammad ibn Qalandarshoh. Risolayi Sultoniy.// Qo'lyozma. Sh. Vohidovning shaxsiy kutubxonasi. 10a

[2] Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf Toshkent “Odoblar xaziynasi” “Sharq” 2008 y.  52 - bet

[3] Abdulkarim as-Sam'oniy “Al-Ansob” (Nasabnoma)  “Buxoro” nashriyoti 2003 y. 41-bet

[4] Abdulkarim as-Sam'oniy “Al-Ansob” (Nasabnoma)  “Buxoro” nashriyoti 2003 y. 27-bet

[5] O'sha kitob 84-bet

[6] O'sha kitob 30-bet

[7] Abdulkarim as-Sam'oniy “Al-Ansob” (Nasabnoma)  “Buxoro” nashriyoti 2003 y. 27-bet

[8] O'sha kitob 46-bet

[9] O'sha kitob 68-bet

[10] O'sha kitob 82-bet

[11] “Buxoroning tabarruk ziyoratgohlari” Sadriddin Salim Buxoriy “Navro'z” nashriyoti 123-bet Toshkent 2015 y.

[12] Soyegov M. Niyazkuli al-Lebabi at-Turkmeni – znamenitiey sheyx ordena mudjeddidiye-nakshbendiye // http://www. akademikbakis.org/33/06.pdf.

[13] Anke fon Kyugel'gen. Rassvet Nakshbandiya-Mudjadaddiya v Sredney Transoksanii s XVIII – do nachala XIX veka: opiet detektivnogo rassledovaniya // Sufizm v Tsentral'noy Azii: (Zarubejniee  issledovaniya): Sb. st. v pamyat' Frittsa Mayera (1912–1998). -SPb., 2001. –S.311.

[14] “Dalyokoye i blizkoye” L. I. Rempel' “G'. G'ulom” 53- bet Tashkent 1981 y.

[15] “O'zbeksiton ulamolari” yo'ldoshxo'jayev Haydarxon, Qayumova I. Toshkent “Movarounnahr” nashriyoti 2015 y. 84-bet.

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Halol bo‘ling, rost so‘zlang, iymon va insoniylikni asrang!

19.08.2026   25487   4 min.
Halol bo‘ling, rost so‘zlang, iymon va insoniylikni asrang!

Halollik va rostgo‘ylik insonning shaxsiy fazilatlari bo‘lish bilan birga, oila mustahkamligi, jamiyat taraqqiyoti va ijtimoiy munosabatlarning barqarorligini ta’minlaydigan muhim milliy, diniy, ma’naviy-axloqiy qadriyatlardir.

Islom dinida halollik va rostgo‘ylikka inson hayotining barcha sohalarini qamrab oluvchi muhim tamoyillar sifatida qaraladi. Halol va haromni farqlash, shubhali ishlardan saqlanish, o‘zgalarning haq-huquqini poymol qilmaslik, rostgo‘y va adolatli bo‘lish insonning nafaqat shaxsiy kamoloti, balki jamiyat oldidagi mas’uliyatini ham belgilaydi.

Qur’oni karim oyatlari va Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamning ko‘plab hadisi shariflarida insonlarni halollik va rostgo‘ylikka da’vat qilish, har doim halol bo‘lishga undash, aldov va yolg‘on guvohlik berishdan qaytarishga alohida e’tibor qaratilgan. Zero, halollik va rostgo‘ylik insonning ma’naviy kamolotini, imoni mustahkam va axloqi go‘zalligini namoyon etuvchi eng muhim fazilatlardir. Harom va yolg‘on esa nafaqat shaxsning obro‘si va unga ishonchini yemiradi, balki jamiyatda o‘zaro ishonchsizlik, adovat va nizolar kelib chiqishiga ham sabab bo‘ladi.

Alloh taolo "Nahl" surasining 105-oyatida bunday marhamat qilgan: “Yolg‘on so‘zlarni faqat Allohning oyatlariga imon keltirmaydiganlargina to‘qiydilar. Aynan o‘shalarning o‘zlari yolg‘onchilardir”.

Bu o‘rinda yolg‘onning qanchalik og‘ir ma’naviy illat ekani bayon qilinib, uning Allohning oyatlariga munosabat bilan bog‘liq jihati ko‘rsatib berilyapti. Oyatning nozil bo‘lish sababi Makka mushriklarining Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga nisbatan turli asossiz da’volarni ilgari surgani, jumladan, u zotni yolg‘onchilikda ayblaganidir. Ular Qur’oni karimni go‘yo Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning o‘zlari to‘qib chiqargani to‘g‘risida asossiz da’volarni ilgari surgan. Qur’oni karim esa bunday iddaolarni ochiq-oydin rad etgan.

Aslida yolg‘onni faqat imonsiz kishilargina to‘qiydi. Chunki, mo‘min kishi yolg‘onni katta gunoh deb biladi. Yolg‘on sababli qiyomatda azobga qolishdan qo‘rqadi. Shuning uchun har qanday vaziyatda rostgo‘y bo‘lishga intiladi. Hatto o‘z manfaatiga zid bo‘lgan holatlarda ham haqiqatni aytishni afzal biladi. Zero, haqiqiy imon insonni faqat ibodatlarga emas, balki yuksak axloqiy fazilatlarga ham undaydi.

Islom ta’limotida halollik va to‘g‘riso‘zlik maqtalgan, yolg‘on gapirish va haqiqatni yashirish keskin qoralangan. Jumladan, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: “Nabiysollallohu alayhi vasallam:“Rostgo‘ylikni o‘zingizga lozim tutingiz (rostgo‘y bo‘lingiz)! Chunki, rostgo‘ylik yaxshilikka yetaklaydi, yaxshilik esa jannatga yetaklaydi. Kishi doim rost gapirsa, Allohning huzurida “siddiq” (o‘ta rostgo‘y) deb yozib qo‘yiladi. Yolg‘ondan saqlaning! Chunki, yolg‘on fojirlikka (gunoh va buzuqlikka) yetaklaydi, fojirlik esa do‘zaxga yetaklaydi. Kishi yolg‘on gapiraversa, Allohning huzurida “kazzob” (o‘ta yolg‘onchi) deb yozib qo‘yiladi”, dedilar”. (Imom Buxoriy rivoyati).

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam rostgo‘ylik va yolg‘onchilikning inson axloqi, ma’naviy hayoti va oxiratiga qay darajada ta’sir qilishini ochiq tarzda bayon qilib beryaptilar. Hadis mazmunidan anglashiladiki, insonning jannatga yoki do‘zaxga tushishida uning tili, ya’ni rostgo‘yligi yo yolg‘onchiligi hal qiluvchi omillardan ekan.

Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam halol va harom o‘rtasidagi shubhali narsalardan saqlangan kishi dini va obro‘yini pok saqlashi borasida bunday marhamat qilganlar: No‘’mon ibn Bashir roziyallohu anhudan rivoyat qilinishicha,“Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlarini eshitdim: Halol ham aniq, harom ham aniq. Ularning o‘rtasida shubhali narsalar bor. Ko‘p odamlar buni bilmaydi. Kim shubhalardan saqlansa, dini va obro‘yini pok saqlaydi...” (Imom Buxoriy rivoyati).

Bu o‘rinda Nabiy sollallohu alayhi vasallam insonlarni ehtiyotkorlik va poklikka da’vat etmoqdalar. Chunki, halollik tamoyillariga amal qilgan inson hayotning har bir jabhasida, jumladan, so‘zida, oilaviy munosabatlarida, ta’lim olishda, mehnat faoliyatida va jamiyatdagi o‘zaro munosabatlarida adolat, poklik va rostgo‘ylikka intiladi. O‘zgalarning haq-huquqlarini hurmat qiladi, birovning mol-mulki yoki mehnatining mahsuliga tajovuz qilmaydi, aldov, xiyonat va manfaatparastlikdan uzoq bo‘lishga harakat qiladi. Bunday fazilatlar insonning shaxsiy obro‘-e’tiborini yuksaltirish bilan birga jamiyat a’zolari o‘rtasida o‘zaro ishonch va hamkorlik muhitini mustahkamlaydi.

Muxtasar qilib aytganda, halollik va rostgo‘ylik ijtimoiy hayotning barqarorligini, insonlar o‘rtasidagi ishonch va jamiyat taraqqiyotini ta’minlovchi muhim ma’naviy-axloqiy asosdir. Islom ta’limotidagi halollik, rostgo‘ylik, adolat va omonatdorlikka oid ko‘rsatmalar bu qadriyatlarning inson va jamiyat hayotidagi o‘rni naqadar muhim ekanini ko‘rsatadi. Har bir inson o‘z hayoti va faoliyatida halollik, rostgo‘ylik, adolat va vijdonlilikni ustuvor tamoyilga aylantirsa, jamiyatda sog‘lom ma’naviy muhitni shakllantirish imkoniyati ortadi.

Yo‘ldoshxon Isayev, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

Ibratli hikoyalar