Sayt test holatida ishlamoqda!
02 Sentabr, 2026   |   20 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:27
Quyosh
05:50
Peshin
12:23
Asr
17:00
Shom
18:59
Xufton
20:17
Bismillah
02 Sentabr, 2026, 20 Rabi`ul avval, 1448
Maqolalar

Mo‘min loqayd bo‘lmaydi

11.02.2025   12651   3 min.
Mo‘min loqayd bo‘lmaydi

عَنْ حُذَيْفَةَ رَضِيَ اللهُ عَنْهُ قَالَ، قَالَ رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: « لاَ تَكُونُوا إِمَّعَةً تَقُولُونَ إِنْ أَحْسَنَ النَّاسُ أَحْسَنَّا وَإِنْ ظَلَمُوا ظَلَمْنَا، وَلَكِنْ وَطِّنُوا أَنْفُسَكُمْ إِنْ أَحْسَنَ النَّاسُ أَنْ تُحْسِنُوا وَإِنْ أَسَاءُوا فَلاَ تَظْلِمُوا» (رواه الترمذي)

 

Huzayfa roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: «Sizlardan biringiz: “Agar odamlar yaxshilik qilsa – yaxshilik qilaman, yomonlik qilsa – yomonlik qilaman”, deydigan loqayd, beo‘y bo‘lmasin. Lekin o‘zlaringizni odamlar yaxshilik qilsa – yaxshilik qilishga, agar yomonlik qilsa – ularga zulm qilmaslikka odatlantiring», dedilar (Imom Termiziy rivoyati).


Ushbu hadisi sharifning arabcha matnida kelgan إِمَّعَةٌ [imma’atun] so‘zi “loqayd”, “fikrsiz”, beo‘y”, “kim nima desa, o‘ylab ko‘rmasdan uning ortidan ergashib ketaveradigan”, “jur’atsiz”, “qat’iyatsiz”, “subutsiz”, “o‘zgaruvchan”, degan ma’nolarni anglatadi.


O‘zining qat’iy fikri, tutumi yo‘q, burdsiz odamlarni ogohlantirish maqsadida Nabiy alayhissalom: «Sizlardan biringiz: “Agar odamlar yaxshilik qilsa – yaxshilik qilaman, yomonlik qilsa – yomonlik qilaman”, deydigan loqayd bo‘lmasin», deganlar. Chunki bunday odamlar, Alloh asrasin, o‘zga din vakillari bilan safarda yoki boshqa sabab bilan birga bo‘lib qolsa, o‘zi tushunib-tushunmagan holda muomala-munosabatlarda, ibodatlarda ularga taqlid qilib qo‘yishi ham mumkin. Bu juda xavflidir.


Aliy Qori rahimahulloh aytadi: “Rasuli akram sollallohu alayhi va sallam mazkur hadisi sharif orqali axloq-odob, yurish-turish, muomalada ham o‘zga madaniyat, din vakillariga taqlid qilishdan qaytardilarmi, demak, aqida va ibodat masalalarida gap-so‘z bo‘lishi mumkin emas. Chunki aqida va ibodat masalalari juda nozik. Mo‘min kishi bir so‘z bilan iymonidan ajrab qolishi mumkin”.


Imom Termiziy rahimahullohning “Sunani Termiziy” asariga yozilgan “Tuhfatul Ahvaziy” kitobida mazkur hadis sharhlanib: «Odamlar nima desa, shunga ergashib ketaveradigan kimsa “muqallid” deyiladi. Mulohazasiz, fikri yo‘q, beo‘y odamdan ehtiyot bo‘lish kerak. Mo‘min kishi hech qachon e’tiborsiz bo‘lmaydi. Har bir ishini mulohaza bilan Yaratganning roziligini ko‘zlab amalga oshiradi. Ayniqsa, aqida va ibodat masalalarida har doim ixlosli bo‘ladi.


“...Lekin o‘zlaringizni odamlar yaxshilik qilsa – yaxshilik qilishga, agar yomonlik qilsa – ularga zulm qilmaslikka odatlantiring”, ya’ni yaxshi ish qilishga va vaziyat qanday bo‘lishidan qat’i nazar, ezgulikni davom ettirishga odatlanishimiz kerak. Odamlar birovlarga zulm qilsa, ularga ergashib ketish mo‘minning ishi emas. Zulm qilmaslikning o‘zi yaxshilikdir.


Hadisi sharifda yomon xulqlarga ko‘r-ko‘rona ergashish chiroyli xulqni taqiqlashning bir belgisi ekani eslatilgan. Alloh va Rasuli ezgulikni yaxshi ko‘radi. Shu bois Payg‘ambarimiz alayhissalom har qanday holatda ham yaxshilik qilishni vasiyat etganlar. 

Manbalar asosida Tolibjon NIZOM tayyorladi.

“Hidoyat” jurnalining 2025 yil 2-sonidan olindi.

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Murojaatlarga amaliy yechim topilmoqda

02.09.2026   438   1 min.
Murojaatlarga amaliy yechim topilmoqda

Bugun, 2 sentyabr chorshanba kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Muhammadolim domla Muhammadsiddiqov navbatdagi fuqarolar qabulini o‘tkazib, yurtdoshlarimizning murojaat va takliflarini atroflicha tingladi.


Ochiq va samimiy ruhda kechgan qabul jarayonida Toshkent shahri, Namangan, Farg‘ona, Andijon, Toshkent va Qashqadaryo viloyatlaridan tashrif buyurgan fuqarolarning diniy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish, Umra ziyorati tartibi hamda masjidlar faoliyatiga doir murojaatlari birma-bir ko‘rib chiqildi.


Uchrashuv davomida bildirilgan masalalar yuzasidan fuqarolarga shar’iy va huquqiy tushuntirishlar berilib, tegishli mas’ul xodimlarga murojaatlarni qisqa fursatlarda qonuniy hamda ijobiy hal etish bo‘yicha aniq topshiriqlar yuklatildi.


Eslatib o‘tamiz, aholi bilan ochiq muloqotni ta’minlashga qaratilgan bu kabi fuqarolar qabullari O‘zbekiston musulmonlari idorasi, uning hududiy vakilliklari hamda yurtimizdagi barcha jome masjidlarida har haftaning chorshanba kuni muntazam ravishda o‘tkazib kelinmoqda.


O‘zbekiston musulmonlari idorasi

Matbuot xizmati

Murojaatlarga amaliy yechim topilmoqda Murojaatlarga amaliy yechim topilmoqda Murojaatlarga amaliy yechim topilmoqda Murojaatlarga amaliy yechim topilmoqda Murojaatlarga amaliy yechim topilmoqda Murojaatlarga amaliy yechim topilmoqda
O'zbekiston yangiliklari