G‘aflatda qolmang! Baroat kechasi: rizqlar taqsimlanadi, qismatlar belgilanadi, gunohlar mag‘firat etiladi
Baroat so‘zi qanday ma’noni anglatadi?
“Baroat” so‘zi arab tilida “ozod bo‘lish”, “najot topish” degan ma’nolarni anglatadi. Bu kechaning bunday nomlanishiga sabab, unda Alloh taoloning rahmati va fazli ila behisob insonlar do‘zaxdan najot topadilar.
Baroat kechasi qanday kecha?
Onamiz Oisha roziyallohu anho aytadilar: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam mendan: “Ey Oisha bu kecha qanday kecha ekanini bilasizmi?” deb so‘radilar. Men: “Alloh va Uning Rasuli biluvchiroq”, dedim. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Bu sha’bonning o‘n beshinchi kechasidir. Alloh azza va jalla bu kecha bandalariga rahmat nazari bilan qaraydi va mag‘firat so‘rovchilarni mag‘firat etadi, rahm so‘rovchilarga rahm qiladi, dillarida musulmonlarga nisbatan gina, adovat saqlovchi kishilarni qanday bo‘lsa, shunday holatda qo‘yib qo‘yadi”, dedilar (Imom Bayhaqiy rivoyati).
Baroat kechasida nimalar sodir bo‘ladi?
Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Bu kechada (sha’bonning o‘n beshinchi kechasida) nimalar bo‘lishini bilasizmi?” dedilar.
Oisha roziyallohu anho: “Yo Allohning Rasuli, bu kechada nimalar bo‘ladi?” dedilar.
U zot alayhissalom: “U kechada Odam bolalarining bu yilda tug‘iladiganlari va bu yilda vafot etadiganlari yoziladi va u kechada ularning amallari ko‘tarilib, rizqlari nozil bo‘ladi”, dedilar (Imom Bayhaqiy rivoyati).
Baroat kechasida gunohlar mag‘firat qilinadi
Hazrat Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Alloh taolo sha’bonning o‘n beshinchi kechasi dunyo osmoniga (O‘zining sha’niga muvofiq) tushadi va Allohga shirk keltirgan va qalbida gina, kudurat bor kishidan boshqa barchani mag‘firat qiladi” (Imom Bayhaqiy rivoyati).
Baroat kechasida duolar qabul bo‘ladi
Usmon ibn Abul Oss roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Qachon sha’bonning o‘n beshinchi kechasi bo‘lsa, bas, (Alloh taolo tarafidan) bir nido qiluvchi nido qiladi: “Birorta mag‘firat so‘rovchi bormi, Men uni mag‘firat qilaman! Biror narsa so‘rovchi bormi, Men unga beraman”, deydi. Shu vaqtda kim so‘rasa, unga beriladi. Zinokor hotin va mushrikdan boshqa”.
Baroat kechasida odamlar do‘zaxdan ozod qilinadi
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: Jabroil alayhissalom mening oldimga kelib: “Bu sha’bonning o‘n beshinchi kechasidir. Alloh taolo bu kechada ko‘p odamlarni do‘zaxdan ozod qiladi. Ularning adadi Kalb qabilasi qo‘ylarining junlaridan ham ziyoda bo‘ladi. Faqat bu kechada Alloh taologa shirk keltirgan, ginachi va qarindoshlik aloqalarini uzuvchi, izorini (manmanlik bilan) to‘pig‘idan pastga tushirib yuruvchi, ota-onasiga oq bo‘luvchi va xamr ichuvchi kishilarga rahmat nazari bilan qaramaydi”, dedilar (Imom Bayhaqiy rivoyati).
Baroat kechasida qanday amallarni bajarish lozim?
1. Xufton va bomdod namozini jamoat bilan ado eting.
2. Istig‘for aytishni ko‘paytiring.
“Astag‘firullohullaziy laa ilaaha illaa huval hayyul qayyum va atuubu ilayhi”.
3. O‘zingiz va barcha ummat uchun xayrli duolar qiling.
Ayniqsa,
أَعُوذُ بِعَفْوِكَ مِنْ عِقَابِكَ وَأَعُوذُ بِرِضَاكَ مِنْ سَخَطِكَ وَأَعُوذُ بِكَ مِنْكَ جَلَّ وَجْهُكَ لَا أُحْصِي ثَنَاءً عَلَيْكَ أَنْتَ كَمَا أَثْنَيْتَ عَلَى نَفْسِكَ
“A’uzu bi afvika min ’iqobik va a’uzu birizoka min saxotik va a’uzu bika minka jalla vajhuka laa uhsiy sanaan alayka anta kamaa asnayta ’alaa nafsika” duosini o‘qish lozim.
4. Toqatingiz yetganicha zikrlar, nafl ibodatlar, Qur’on tilovati qiling.
Xususan,
سبحان الله والحمد لله ولا إله إلا الله والله أكبر ولا حولَ ولا قوةَ إلا بالله العلي العظيم
“Subhaanallohi valhamdulillahi va laa ilaha illallohu vallohu akbar. Va laa havla va laa quvvata illa billahil ’aliyyil ’aziym” zikrini ko‘p aytish tavsiya etiladi.
5. Sha’bonning o‘n beshinchi kuni ro‘za tuting.
Ali roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Qachon Sha’bonning o‘n beshinchi kechasi bo‘lsa, uning kechasini bedor o‘tkazinglar, kunduzining ro‘zasini tutinglar. Chunki o‘shanda Alloh quyosh botish paytida dunyo osmoniga tushadi va tong otgunicha: “Qani, istig‘for aytuvchi bormi, uni mag‘firat qilaman. Qani, rizq so‘rovchi bormi, unga rizq beraman. Qani, baloga uchragan bormi, unga ofiyat beraman. Qani falon, falon” (deydi), dedilar (Imom Ibn Moja rivoyati).
Baroat kechasini bedor o‘tkazganga jannat vojib bo‘ladi
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim beshta kechani bedor o‘tkazsa, jannat unga vojib bo‘ladi – tarviya, arafa, qurbonlik, fitr va sha’bonning o‘n beshinchi kechalaridir”, dedilar.
Alloh taolo barcha mo‘min-musulmonlarni bu muborak oyning fazilatlaridan to‘liq bahramand etsin. Ramazon oyiga sog‘-salomat yetkazsin.
Davron NURMUHAMMAD
Joriy yilning 13–16 sentyabr kunlari Ozarboyjon poytaxti Boku shahrida Turkiy davlatlar muftiylari kengashining navbatdagi VII yig‘ilishi hamda uning doirasidagi bir qator tadbirlar bo‘lib o‘tadi.
Yig‘inlarda turkiy dunyoning yetakchi din peshvolari – O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar, Kavkaz musulmonlari idorasi raisi, Shayxulislom Allohshukur Poshshozoda, Turkiya Diyonat ishlari boshqarmasi raisi Safi Arpagush, Qozog‘iston musulmonlari diniy boshqarmasi raisi, bosh muftiy Navro‘zbay hoji Tag‘anuli, Qirg‘iziston musulmonlari diniy nazorati raisi, muftiy Abdulaziz qori Zakirov, Turkmaniston muftiyci Rahmon Qurbonmurodov kabilar boshchiligidagi turkiy davlatlar ulamolaridan iborat delegatsiyalar ishtirok etadi.
Mamlakatimiz delegatsiyasi safidan O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar Kengashi, Fatvo markazi, hududiy vakilliklar hamda oliy diniy ta’lim muassasalaridan vakillar joy olgan.
Tadbirlar doirasida ulamolar musulmon ummati uchun muhim bo‘lgan shar’iy masalalar, zamonaviy fatvolar va mushtarak tashabbuslarni muhokama qilib, yakuniy hujjatlarni imzolaydilar. Shuningdek, ilmiy-amaliy anjuman, ikki tomonlama muzokaralar hamda tabarruk qadamjolar ziyorati ham rejalashtirilgan.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati