Hadis ilmi maktabining axborot-resurs markazi saxovatpesha homiylar tomonidan hadya qilingan kitoblar hisobidan boyib bormoqda.
Jumladan, yaqin kunlarda kutubxonaga 147 ta yangi kitob olib kelindi. Ular orasida "Fayzul-Furqon (Qur’oni karim ma’nolarining izohli tarjimasi)", "Qur’oni karim qissalari va komil inson tarbiyasi", "Sahihi Buxoriy sharhi 4-jild", "Ubaydulloh ibn Mas’ud sadrush shari’a va uning “Sharhul Viqoya” asari (tahorat kitobi)", "Birrul Validayn (ota-onaga yaxshilik qilish)", "Diniy soha xodimlarining kasb etikasi" kabi turli mavzularni qamragan kitoblar maktabga ehson qilindi.
Shuningdek, Hadis ilmi maktabi xodimi Fozil Tilovatovning muallifligida va tarjimasi bilan nashr qilingan "Horun Ar-Rashidning so‘ngi vasiyati", "Hello Amerika", "Salohiddin sahro burguti", "Onamning duosi", "Qorqizlarning qotilligi" kabi kitoblar ham shu xodim tomonidan maktabga hadya qilindi.
Shu munosabat bilan talabalar ishtirokida kutubxonada mazkur kitoblar ko‘rgazmasi o‘tkazildi.
Tadbirda har bir kitob haqida ma’lumotlar berildi va ularning mazmunan muhimligi xususida so‘z yuritildi.
Bu tadbir talabalarning ilmiy qiziqishini yanada kuchaytirishga va ularning ma’naviy taraqqiyotiga hissa qo‘shishga xizmat qildi.
Muhaddis.uz
Mustaqilligimizning 35 yillik bayrami arafasida O‘zbekiston musulmonlari idorasi huzuridagi “Vaqf” xayriya jamoat fondi mahalliy hokimliklar bilan hamkorlikda yurtimiz ozodaligiga beqiyos hissa qo‘shib kelayotgan 2500 nafardan ortiq obodonlashtirish xizmati xodimlariga oziq-ovqat jamlanmalari tarqatdi.
Tadbirlardan ko‘zlangan asosiy maqsad mashaqqatli va sharafli mehnati har doim ham ko‘zga ko‘rinavermaydigan soha xodimlarining mehnatini e’tirof etish, ularning qalbiga bayram shukuhi, xonadonlariga quvonch kiritishdir.
Inson qadrini ulug‘lash va ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan bu kabi xayrli ishlar shu kunlarda yanada keng quloch yozib, mamlakatimizning barcha hududlarida o‘tkazildi.
Shuningdek, homiylar tomonidan Respublikamiz bo‘ylab 3500 nafarga yaqin ana shunday fidoyi xodimlarning ko‘ngli xushnud etildi.
Bu kabi xayr-saxovatga yo‘g‘rilgan bayram tadbirlari o‘lkamizning barcha go‘shalarida davom etmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati