Shu yil 12 fevral kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov fuqarolarni qabul qilib, ularning murojaat va taklif-mulohazalarini tingladilar.
Mazkur qabul jarayonida fuqarolar tomonidan bildirilgan shar’iy masalalar, masjidlar qurish, haj va umra, ishga joylashish, oilaviy munosabatlar, moddiy yordam va sohani rivojlantirishga oid masalalar atroflicha o‘rganilib, mas’ullarga qisqa muddatlarda hal etish yuzasidan topshiriq berildi.
Bugungi qabul davomida Andijon, Toshkent, Qashqadaryo, Samarqand, Farg‘ona, Jizzax viloyatlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Toshkent shahridan kelgan har bir fuqaroning muammo va takliflari eshitilib, ularning yechimi bo‘yicha amaliy choralar ko‘rildi.
Ana shunday qabul jarayonlari O‘zbekiston musulmonlari idorasining hududlardagi vakilliklari va barcha jome masjidlarda haftaning har chorshanba kuni imom-domlalar tomonidan ham amalga oshirilmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Sirdaryo viloyati Mirzaobod tumanidagi «Zomin» jome masjidida diniy soha xodimlari faoliyati samaradorligini oshirishga qaratilgan tashkiliy yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Unda O‘zbekiston musulmonlari idorasining Sirdaryo viloyati vakilligi rahbariyati, tuman va shahar bosh imom-xatiblari, hudud masjidlari imomlari, otinoyilar, «Haj» ziyoratchilari hamda MFY raislari qatnashdi.
Uchrashuvda yurt tinchligini asrash, yosh avlodni milliy va diniy qadriyatlar ruhida tarbiyalash, oilalarda ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlash hamda noxush holatlarning oldini olish kabi muhim masalalar muhokama qilindi.
Shuningdek, tadbir doirasida amaliy sa’y-harakatlar ham olib borildi:
Imom-xatiblar va otinoyilar mahallalardagi ehtiyojmand va ko‘makka muhtoj oilalar xonadonlariga tashrif buyurdilar.
Jarayonda jami 112 ta xonadon (imom-xatiblar tomonidan 83 ta, otinoyilar tomonidan 29 ta oila) holidan xabar olinib, ularning muammo va takliflari o‘rganildi.
Fuqarolarga ma’naviy-ma’rifiy dalda berilib, zarur amaliy yordamlar ko‘rsatildi.
O‘MI Sirdaryo viloyati vakilligi
Matbuot xizmati