“Ular Rabbilari tomonidan hidoyatdadirlar va ular faloh (najot) topuvchilardir”. Bu oyatda ikki narsa - hidoyat hamda faloh mukofot sifatida zikr etilgan. Chunki, bundan oldin g'aybga hamda payg'ambarlarga iymon keltirish sifatlari keltirilgan. Mana shu iymonga mukofot o'laroq bu oyatda hidoyat bilan faloh va'da qilinmoqda. Falohni amalga mukofot bo'lishini tushunsa bo'ladi, chunki falohning ma'nosi murod va maqsadga etmoqdir. Lekin hidoyat deb yo'lni ko'rsatishga aytiladi. Bir narsaning yo'lini ko'rib olish bir maqsad ham emas, shu bilan birga u biror amalga mukofot bo'lishi ham mumkin emas.
Hazrat mana shu shubhani daf' qilish uchun aytdilarki, mening o'zim bilan sodir bo'lgan bir voqea mana shubhaga juda yaxshi javob bo'ladi. Voqea shunday bo'ldiki, bir odam Meyuratga ketayotgan poyezdga minmoqchi ekan, adashib Rurkiyga, ya'ni qarama-qarshi tarafga ketayotgan poyezdga minib olibdi. Poyezd yurganidan keyin xato qilganini bildi. Men ham o'sha poyezdda Rurkiyga ketayotgan edim. U odamning nihoyatda qattiq iztirobga tushganini ko'rdim. Men esa o'z joyimda xotirjam o'tiribman. Unga tasalli beraman desam, menga iltifot ham qilmadi. Poyezd tezlagani sayin uning parishonligi yanada ortib boraverdi. O'sha vaqtda bildimki, manzil va maqsad tomon to'g'ri yo'lda ketayotganini aniq bilishning o'zi ham inson uchun bir katta ne'mat va rohat ekan. Shuning uchun buni amalga mukofot qilib belgilansa bo'laveradi. Bu oyat mo'minlarni "Sizlar sahih va to'g'ri yo'ldan bormoqdasizlar, hech tashvish qilmanglar", deya xotirjam qilmoqda. Bundan ortiq yana qanday ne'mat bo'lishi mumkin?
Yorqinjon Fozil rahimahulloh
O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan aholi bilan yo‘lga qo‘yilgan ochiq va samimiy muloqot tizimi fuqarolarning murojaatlarini atroflicha o‘rganish hamda ularga tezkor yechim topishda muhim omil bo‘lmoqda.
12 avgust kuni Diniy idora raisi o‘rinbosari Zayniddin domla Eshonqulov navbatdagi fuqarolar qabulini o‘tkazib, yurtdoshlarimizning arz, taklif va murojaatlarini tingladilar. Yuzma-yuz suhbat jarayonida masjidlar holati va faoliyati, imom-xatiblar ishi, Haj va Umra ziyoratlarini tashkil etish, oilaviy munosabatlarni tartibga solish hamda moddiy yordam ko‘rsatishga oid ko‘plab masalalar chuqur tahlil qilinib, ularning aksariyati joyida ijobiy hal etildi.
Eslatib o‘tamiz, bu kabi qabullar va fuqarolar bilan muloqot tadbirlari Diniy idoraning hududiy vakilliklari hamda yurtimizdagi barcha jome masjidlarda har haftaning chorshanba kuni imom-xatiblar tomonidan o‘tkazib kelinmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati