#kun_hikmati
Shayx Muhammad Siddiq ibn Hasan Qinnavjiy ilmning lazzati haqida quyidagi so‘zlarni aytgan:
"Shuni bilingki, bir narsaning sharafi yo ayni o‘zida bo‘ladi yoki uning natijasida kelib chiqadi. Ilmda esa bu ikki holatdagi sharaf ham mavjud. Chunki ilmning aynan o‘zi lazzatli, shuning uchun ham uning o‘zi talab qilinadi va yana uning natijasi ham shirindir. Ayni shu natija uchun ham ilm o‘rganilishi mumkin".
#ilm #lazzat #izlanish
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Joriy yilning 2–3 sentyabr kunlari Qohira shahrida Butunjahon fatvo idoralari va hay’atlari Bosh kotibiyati tashabbusi bilan nufuzli xalqaro anjuman bo‘lib o‘tadi.
Mazkur tadbirda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari boshchiligidagi mamlakatimiz delegatsiyasi ishtirok etadi. Ma’lumki, joriy yil iyul oyida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari Butunjahon Fatvo idoralari va hay’atlari Bosh kotibiyati a’zoligiga qabul qilingan edilar.
Xalqaro yig‘inda dunyoning taniqli muftiylari, fatvo va fiqh markazlari ulamolari, xalqaro tashkilotlar vakillari, Al-Azhar dorulfununi kabi nufuzli oliygohlar professorlari hamda soha mutaxassislari jam bo‘ladi.
Kun tartibida sun’iy intellekt, jadal raqamlashtirish va zamonaviy bioetika zamonida oila instituti mustahkamligini ta’minlash, ayollar huquqlarini muhofaza qilish, yoshlarni zararli illatlardan asrash hamda ma’naviy inqirozlarga islomiy qadriyatlar asosida shar’iy va ilmiy yechimlar topish masalalari atroflicha muhokama qilinadi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati