#kun_hikmati
Shayx Muhammad Siddiq ibn Hasan Qinnavjiy ilmning lazzati haqida quyidagi so‘zlarni aytgan:
"Shuni bilingki, bir narsaning sharafi yo ayni o‘zida bo‘ladi yoki uning natijasida kelib chiqadi. Ilmda esa bu ikki holatdagi sharaf ham mavjud. Chunki ilmning aynan o‘zi lazzatli, shuning uchun ham uning o‘zi talab qilinadi va yana uning natijasi ham shirindir. Ayni shu natija uchun ham ilm o‘rganilishi mumkin".
#ilm #lazzat #izlanish
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Bugun, 2 sentyabr kuni Misr Arab Respublikasi poytaxti Qohira shahrida Prezident Abdulfattoh as-Sisi homiyligida hamda Butunjahon fatvo idoralari va hay’atlari Bosh kotibiyati tashabbusi bilan nufuzli xalqaro anjuman o‘z ishini boshladi.
"Global o‘zgarishlar sharoitida oilaviy masalalar: oilani himoya qilish, uning kelajagi va milliy-diniy o‘zlikni asrashda fatvo yondashuvlari" mavzusidagi mazkur ilmiy anjumanda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari ishtirok etmoqda.
Ikki kun davom etadigan xalqaro yig‘inda dunyoning ko‘plab mamlakatlaridan tashrif buyurgan yetakchi muftiylar, taniqli ulamolar, xalqaro islomiy tashkilotlar rahbarlari, davlat va jamoat arboblari hamda soha mutaxassislari qatnashmoqda.
Anjuman kun tartibidan zamonamizning quyidagi eng dolzarb masalalari o‘rin olgan:
– Globallashuv, raqamli texnologiyalar va sun’iy intellekt davrida oila instituti duch kelayotgan muammolarning ilmiy tahlili;
– Zamonaviy oilaviy inqirozlarni puxta tadqiq etish va ularga shar’iy hamda amaliy yechimlar topish;
– Virtual muhitning oilaviy munosabatlarga ta’sirini o‘rganish hamda ularni mustahkamlash yo‘llari;
– Milliy-diniy o‘zlikni saqlash va zararli media kontentlarga qarshi kurashda jamoaviy fatvolar ishlab chiqish.
Xalqaro anjuman tafsiloti bilan saytimiz va ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz orqali tanishib borishingiz mumkin.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati