Sayt test holatida ishlamoqda!
31 Avgust, 2026   |   18 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:25
Quyosh
05:48
Peshin
12:23
Asr
17:03
Shom
19:02
Xufton
20:21
Bismillah
31 Avgust, 2026, 18 Rabi`ul avval, 1448

Toqatingiz etadigan amalni oling

14.02.2025   14054   3 min.
Toqatingiz etadigan amalni oling

Alloh taolo bandalariga qurbi yetmaydigan narsani buyurib, keyin ularni qiynab qo‘yishni aslo istamaydi. Banda kuchi yetmaydigan narsaga o‘zini majburlashi ham ahli sunna valjamoa aqidasiga zid amal hisoblanadi. Alloh taolo bandalariga ularning imkoniyat va toqati yetadigan narsalarni buyurgan. Ilohiy amrlarning hammasi bandaning qurbi yetadigan darajada bo‘lib, insonni mushkul ahvolga solib qo‘yadigan biror amal buyurilmagan.  

﴿ لَا يُكَلِّفُ اللَّهُ نَفْسًا إِلَّا وُسْعَهَا ﴾

“Alloh hech bir jonga toqatidan tashqari narsani taklif etmaydi”[1].

﴿هُوَ اجْتَبَاكُمْ وَمَا جَعَلَ عَلَيْكُمْ فِي الدِّينِ مِنْ حَرَجٍ﴾

“U sizlarni (shu din uchun) tanladi va dinda sizlarga biror haraj (qiyinchilik) qilmadi”[2].

Alloh azza va jalla banda toqatidagi narsalarnigina buyurgan. Shuning ilohiy amrlarning bajarilishi bandani Rabbiga yaqinlashtiradigan, Allohga suyukli bo‘lgan ishlar sanaladi. Ammo ba’zan g‘ayrat-shijoati jo‘sh urib ketgan insonda o‘z zimmasiga toqatidan ortiq amallarni yuklab olishga moyillik paydo bo‘ladi. Shu bois Payg‘ambarimiz sollalohu alayhi vasallam dinda mo‘tadil bo‘lishga chorlab, mo‘min-musulmonlarni amallardan toqati yetadiganini zimmasiga olishni buyurganlar:

عَنْ عَائِشَةَ عَنِ النَّبِيِّ ﷺ قَالَ: «يَا أَيُّهَا النَّاسُ، عَلَيْكُمْ مِنَ الْأَعْمَالِ مَا تُطِيقُونَ، فَإِنَّ اللهَ لَا يَمَلُّ حَتَّى تَمَلُّوا، وَإِنَّ أَحَبَّ الْأَعْمَالِ إِلَى اللهِ مَا دُووِمَ عَلَيْهِ، وَإِنْ قَلَّ». رَوَاهُ الْبُخَارِيُّ وَمُسْلِمٌ.

Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Ey odamlar! Amallardan toqatingiz yetadiganini oling. Zero, sizga malol kelmagunicha, Allohga malol kelmaydi. Alloh uchun amallarning eng suyuklisi oz bo‘lsa ham, davomli bo‘lganidir”, dedilar[3].

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam dinda farz qilinganidan ortig‘ini qo‘shib, chuqurlashishdan, ibodatlarda Alloh taolo belgilab bergan hadlardan oshishdan qaytardilar. Banda o‘z zimmasiga farz amallardan tashqari boshqalarini ham nazr qilib yuklab olishi, ya’ni o‘ziga nisbatan qattiqqo‘llik qilib, ibodatlar bilan jismu jonini qiynashi Allohning unga nisbatan qattiqqo‘lroq bo‘lishiga, unga zimmasiga boshqa farzlarni ham yuklab qo‘yishiga, ahdini bajarishini talab qilishiga, hatto nafl ibodatlarda nuqson qilsa, bajargan farzlarini ham qabul qilmasligiga sabab bo‘lishini aytdilar.

Shuningdek, toqatdan tashqari amallarni zimmaga yuklab olishning eng xatarli tomoni alaloqibat hatto farz qilingan amallarni bajarishda ham malollikni paydo qiladi. Chunki jo‘sh urgan g‘ayrat muayyan muddatgacha davom etib, keyin so‘na boradi va banda uchun endi qo‘shimcha (nafl-narzlar) ibodatlar tugul, farzlarni ado etish ham malol kelib qoladi.

Aslida, islom shariati odamlarning toqati va salohiyatidan kelib chiqib, Allohga xos kenglik bilan, yengil – mo‘tadil qilib berilgan. Hatto banda bir amalni bajarishga qodir bo‘lmay qol hollarda uning uchun yengilroq muqobil yo‘llar ham mavjud.

Darhaqiqat, amallarning oz bo‘lsa-da davomli bo‘lishi inson e’tiqodi mustahkam, ibodatlari izchil bo‘lishini ta’minlaydi.

[1] Baqara surasi, 286-oyat.
[2] Haj surasi, 78-oyat.
[3] Sahihul Buxoriy, 23-hadis.

Nodir QOBILOV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi.

Boshqa maqolalar
Videolar

“JUMADAN JUMAGACHA” (21.08.2026)

23.08.2026   30047   1 min.

#hafta_dayjesti #jumadan_jumagacha



00:00 Xabarlar

01:17 Diniy ta’limda yangi bosqich: Islom sivilizatsiyasi markazida tarixiy anjuman

02:32 18 avgust – nodir yodgorlik Usmon Mus'hafining Toshkentga qaytgan kuni

03:39 Hududlarda “Qur’on tinchlikka buyuradi” nomli musobaqalar davom etmoqda

04:38 Bayram arafasida saxovat va mehr-oqibat tadbirlari davom etmoqda (hududlar)

06:53 Sirdaryolik imom-xatiblar o‘rtasida “Zakovat” turniri bo‘lib o‘tdi

07:45 Samarqand, Buxoro va Xiva – islom sivilizatsiyasining bebaho durdonalari

08:37 O‘zbekiston va Pokiston olimlari Boburiylar merosini birgalikda tadqiq etmoqda

09:16 O‘zbekiston – turkiy sivilizatsiyaning eng go‘zal shaharlari joylashgan zamin

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

Boshlovchi: Ne’mat Musayev
Muharrir: Bahriddin Xushboqov
Operator: Dilshod Mahkamov
 

Videolavhalar