Shayx Yusuf Qarazoviy bunday yozadi:
"Inson faqat yeb-ichish, o‘ynab-kulish, so‘ngra esa o‘lib ketish uchun yaratilmagan. Qur’onda aytilishicha, ba’zi odamlar hayvonlar kabi hayot kechirishadi: «Ular bahra oladilar va hayvonlar kabi yeydilar» (Muhammad, 12). Ammo inson oliy maqsad uchun yaratilgandir.
Yashashning o‘zi maqsad emas, balki u orqali inson qandaydir oliy maqsadga erishishi kerak. Materialistlar bu savolga to‘laqonli javob bera olmaydilar. Imon keltirganlar esa shunday deydilar: inson Yaratganni tanish, Unga ibodat qilish uchun yashaydi.
Qur’on bu haqiqatni aniq va ravshan bayon qiladi: «Men jin va inslarni faqat Menga ibodat qilishlari uchun yaratdim. Men ulardan rizq istamayman va ularning Meni oziqlantirishlarini ham istamayman. Albatta, Alloh rizq beruvchidir, kuch-quvvat egasidir» (Zoriyot, 56-58).
Butun koinot — osmonlaru yerlar, hamma narsa faqat bitta sabab uchun yaratilgan: inson Yaratganni tanishi uchun. Bu tanish — har qanday hidoyatning kaliti va barcha yaxshiliklarning ochqichidir.
Alloh taolo bunday deydi: «Alloh yetti osmonni va ularga o‘xshash yerni yaratdi. Ularning orasida farmon tushadi, shundayki, sizlar Allohning har narsaga qodir ekanligini va Uning hamma narsani ilmi bilan o‘rab olganini bilib olasizlar»" (Taloq, 12).
Homidjon qori ISHMATBЕKOV
Makkada Qur’oni karimni yod olish, o‘qish va sharhlash bo‘yicha 46-xalqaro tanlov boshlandi.
IQNA "Saudi Gazette" nashriga tayanib xabar berishicha, payshanba kuni Makkada Qur’oni karimni yod olish, o‘qish va sharhlash bo‘yicha qirol Abdulaziz nomidagi 46-xalqaro tanlov boshlandi.
Oltinchi rabiulavvalga (19 avgustga to‘g‘ri keladi) qadar davom etadigan musobaqada 133 mamlakatdan jami 334 nafar erkak va ayollar ishtirok etmoqda, bu ushbu musobaqa tarixidagi eng katta vakillikdir.
Musobaqaning maqsadi "musulmon yoshlarni Qur’oni Karimni yod olish, anglash va mushohada qilishga undash, shuningdek, halol raqobatni yaratishdan iborat."
Tanlov beshta toifani o‘z ichiga oladi va umumiy sovrinlar miqdori 10 260 000 Saudiya rialini tashkil etadi - bu tanlov ta’sis etilganidan beri eng yuqori sovrin jamg‘armasi.
Avvalroq ushbu musobaqada O‘zbekiston sharafini quyidagilar himoya qilishi xabar qilingandi:
Muhammadabror qori Yunusxonov («Mir Arab» o‘rta maxsus islom bilim yurti talabasi) — (To‘liq Qur’on hifzi);
Muhammadamin qori Olimjonov («Sayyid Muhyiddin maxdum» o‘rta maxsus islom bilim yurti talabasi) — (15 pora hifzi);
Zilolaxon Farhodova (Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti talabasi) — (To‘liq Qur’on hifzi);
Muxtasarxon Muhammadjonova («Xadichai Kubro» ayol-qizlar o‘rta maxsus islom bilim yurti talabasi) — (15 pora hifzi).
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati