Haj va umra markazi tomonidan so‘nggi hafta davomida 2 ta reys bilan 480 nafar ziyoratchi umra safariga jo‘natildi, ziyoratni tugatgan 480 nafar ziyoratchi ona Vatanga qaytib kelishdi.
Mavsum boshidan hozirga qadar 11 200 nafardan oshiq yurtdoshlarimiz umra safariga jo‘natildi.
Shuningdek, litsenziya olgan umra operatorlariga jami 4 nafar imom-xatib va imom noiblaridan iborat mutaxassis guruh rahbari sifatida taqdim etildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Saudiya Arabistonining nufuzli OAVda O‘zbekistonning madaniy-gumanitar, turizm va sport sohalaridagi xalqaro hamkorligi hamda mamlakatda bo‘lib o‘tadigan yirik tadbirlarga bag‘ishlangan tahliliy maqolalar e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Xususan, Saudiya Arabistonining “Amwaj” nashrida joriy yilning 24–29 avgust kunlari Toshkentda “Islom sivilizatsiyasi: yangicha nigoh, yangi kashfiyotlar” mavzusida xalqaro mediaforum o‘tkazilishi keng yoritildi.
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida bo‘lib o‘tadigan ushbu yirik tadbirga yetakchi xorijiy jurnalistlar va xalqaro ekspertlar to‘planishi qayd etilgan. Forum dasturi yalpi majlislar, talabalar uchun mahorat darslari, mediaturlar va Samarqandning tarixiy obidalarini ziyorat qilishni o‘z ichiga oladi hamda O‘zbekiston davlat mustaqilligining 35 yilligini nishonlashga bag‘ishlanadi.
Shuningdek, nashrda Samarqandda O‘zbekiston Turizm qo‘mitasi tomonidan tashkil etilgan birinchi O‘zbekiston–Gruziya turizm forumi ham yoritilgan. Ta’kidlanishicha, tadbir O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Gruziyaga davlat tashrifi chog‘ida erishilgan kelishuvlarning amaliy ifodasi bo‘ldi.
Tomonlar qo‘shma sayyohlik mahsulotlarini yaratish, to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlarni kengaytirish va turizmning yangi turlarini rivojlantirish masalalarini muhokama qilgan. Gruziyadan kelayotgan sayyohlar oqimining sezilarli darajada oshgani va O‘zbekiston turizm sohasining umumiy ko‘rsatkichlari yuqori ekani qayd etilgan.
“Saudi Press Agency” axborot agentligi Jidda shahrida Saudiya Arabistoni Islom ishlari, da’vat va irshod vazirligi hamda O‘zbekiston Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi o‘rtasidagi Anglashuv memorandumiga doir ijro dasturi imzolangani haqida xabar berdi.
Ushbu hujjat mo‘tadillik tamoyillarini mustahkamlash, ekstremizmga qarshi kurashish, voiz va imomlar uchun o‘quv kurslarini tashkil etish, Qur’oni Karim ma’nolarini o‘rganish va yoyish sohasidagi hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati