Haj va umra markazi tomonidan so‘nggi hafta davomida 2 ta reys bilan 480 nafar ziyoratchi umra safariga jo‘natildi, ziyoratni tugatgan 480 nafar ziyoratchi ona Vatanga qaytib kelishdi.
Mavsum boshidan hozirga qadar 11 200 nafardan oshiq yurtdoshlarimiz umra safariga jo‘natildi.
Shuningdek, litsenziya olgan umra operatorlariga jami 4 nafar imom-xatib va imom noiblaridan iborat mutaxassis guruh rahbari sifatida taqdim etildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Savol: Umraga borgan kishi, yetti marta tavofni qilib bo‘lgach, toliqib qolib, Safo va Marva orasida sa’yni qilmay, mehmonxonaga ketib qolsa, nima qilishi lozim bo‘ladi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Bu odam mehmonxonada biroz orom olgach, haramga qaytib, sa’yni qilishi vojib bo‘ladi. Chunki Safo va Marva orasida yetti marta sa’y qilish umraning vojiblaridan sanaladi. Shuning uchun umra qilayotgan odam tavofdan keyin sa’yni tugatmaguncha ehromdan chiqa olmaydi. Agar sa’ydan oldin sochini oldirib, ehromdan chiqqan bo‘lsa, o‘z vaqtidan oldin ehromdan chiqqani uchun, zimmasiga bir jonliq so‘yish vojib bo‘ladi. Shu bilan birga sa’yni qilishi ham lozim bo‘ladi. Agar keksa yoki bemorligi tufayli o‘zi yurishga qiynalsa, aravada sa’y qilsa ham joiz bo‘laveradi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.