Sayt test holatida ishlamoqda!
25 Avgust, 2026   |   12 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:17
Quyosh
05:42
Peshin
12:25
Asr
17:10
Shom
19:12
Xufton
20:32
Bismillah
25 Avgust, 2026, 12 Rabi`ul avval, 1448

Kim bu ishni qilsa, nuri o‘chib qoladi

18.02.2025   10471   3 min.
Kim bu ishni qilsa, nuri o‘chib qoladi

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

 

عَنْ سَعْدِ بْنِ عُبَادَةَ الزُّرَقِيِّ، أَنَّ أَبَاهُ أَخْبَرَهُ قَالَ: كُنْتُ جَالِسًا فِي مَسْجِدِ الْمَدِينَةِ مَعَ عَمْرِو بْنِ عُثْمَانَ بْنِ عَفَّانَ، فَمَرَّ بِنَا عَبْدُ اللهِ بْنِ سَلَامٍ مُتَّكِئًا عَلَى ابْنِ أَخِيهِ، فَبَعُدَ عَنِ الْمَجْلِسِ ثُمَّ عَطَفَ، فَرَجَعَ إِلَيْهِمْ فَقَالَ: مَاشِئْتَ عَمْرَو بْنَ عُثْمَانَ؟ - مَرَّتَيْنِ أَوْ ثَلَاثًا - فَوَالَّذِي بَعَثَ مُحَمَّدًا بِالْحَقِّ إِنَّ لَفِي كِتَابِ اللهِ - أَوْ قَالَ: فِي بَعْضِ كُتُبِ اللهِ أَوْ نَحْوِهِ، قَالَ الْحُسَيْنُ: أَنَا أَشُكُّ - لَا تَقْطَعْ مَنْ كَانَ يَصِلُ أَبَاكَ فَيَطْفَأَ بِذَلِكَ نُورُكَ.

Sa’d ibn Uboda Zuroqiy otasidan rivoyat qiladi:

«Madinaning masjidida Amr ibn Usmon ibn Affon bilan o‘tirgan edim. Abdulloh ibn Salom jiyaniga suyanib o‘tib qoldi. Majlisdan bir oz uzoqlashdi-da, keyin burildi. Ularning oldiga qaytib kelib, Amr ibn Usmonga: «Nima demoqchisan?» deb ikki-uch marta aytdi. (Keyin shunday dedi):

«Muhammadni haq ila yuborgan Zotga qasamki, Allohning Kitobida – yoki «Allohning kitoblaridan ba’zisida», yoki shunga o‘xshash gap aytdi. Husayn: «Mening esimdan chiqib qoldi», degan – otangga aloqasi bor odamdan hech aloqangni uzmagin. Yana o‘sha ila nuring o‘chib qolmasin», deyilgan».

Sharh: Demak, ota vafot etib ketsa-yu, otaning do‘stlari, yaxshi ko‘rgan kishilari, ehtirom qilib yurgan odamlari bo‘lsa, ulardan aloqani uzmaslik lozim. Ular bilan yaxshi bir muomalada bo‘lib, qo‘lidan kelgan yaxshiligini qilib, duolarini olish, otasiga ko‘rsatadigan hurmat-ehtiromni ularga ko‘rsatib yurish kerak.

Otam o‘ldi, deb uning do‘stlarini unutib yuborgan kishining nuri o‘chib qolar ekan. Bu nihoyatda og‘ir bir musibat bo‘lar ekan.

عَنْ عِكْرِمَةَ بْنِ عَبْدِ الرَّحْمَنِ بْنِ الْحَارِثِ بْنِ هِشَامٍ قَالَ: قَالَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: «وُدُّكَ وُدُّ أَبِيكَ، لَا تَقْطَعْ مَنْ كَانَ يَصِلُهُ أَبُوكَ فَيَطْفَأَ بِذَلِكَ نُورُكَ».

Ikrima ibn Abdurrahmon ibn Horis ibn Hishomdan rivoyat qilinadi:

«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Otangning do‘sti sening do‘stingdir. Otang aloqa qilgan shaxsdan aloqangni uzma, yana nuring o‘chib qolmasin», dedilar».

Sharh: Ya’ni «Otangning do‘sti sen ham do‘st tutishing kerak bo‘lgan kishidir. Otang bilan aloqada bo‘lgan kishidan aloqangni uzmagin. Mabodo aloqani uzadigan bo‘lsang, nuring o‘chib qoladi».

Demak, farzand otaga qilayotgan yaxshiligini uning vafotidan keyin ham davom ettiray degan niyatda bo‘lsa, ota-onasiga do‘st-dugona bo‘lgan kishilarning hurmatini qilib, ularni otasining o‘rnida ko‘rsa, ota-onasining ortidan yaxshilik qilganning o‘rniga o‘tar ekan.

«Yaxshilik va silai rahm» kitobi 1-juz.

Boshqa maqolalar

Ot izini toy bosar

14.08.2026   38249   1 min.
Ot izini toy bosar

Bismillahir Rohmanir Rohiym

O‘g‘il har oylik maoshini onasiga topshirar, uning yuzidagi tabassumni ko‘rib, o‘zini dunyodagi eng boy inson deb hisoblardi.
Yillar o‘tib, onasi olamdan o‘tdi. Navbatdagi maoshini olgan o‘g‘il bir zum ne qilarini bilmay qoldi-yu, bir qarorga keldi: «Pullarni onamning nomidan ehson qilaman».


Shu kundan e’tiboran, u har oy masjidlarga suv kullerlari o‘rnatishni odat qildi. Namozxonlar suv ichib, onasining haqiga duo qilishlaridan qalbi taskin topardi.


Kunlardan bir kun mahalla masjidida yangi kuller o‘rnatilganini ko‘rib, «Attang, bu safar kechikdim-a», deb o‘kindi. Shunda yoniga imom kelib:


– Xayrli hadya uchun rahmat, – dedi.

– Uzr, adashdingiz, shekilli. Buni men olib kelmadim...

– Yo‘q, adashmadim. Buni sizning nomingizdan o‘g‘lingiz keltirdi.

Orqasiga o‘girilgan ota jilmayib turgan o‘g‘liga ko‘zi tushdi.

– Bolam, bunga pulni qayerdan olding? – hayajondan ko‘zlari yoshlandi otaning.

– Ota, anchadan beri menga beradigan pullaringizni yig‘ib yurgandim. Siz buvijonim uchun xayrli ish qilayotganingizni ko‘rib, men ham siz uchun shunday qilishni istadim.


Otaning ko‘zlaridan quvonch yoshlari sizib chiqdi. U o‘g‘liga nasihat qilmagan, shunchaki o‘z amali bilan namuna bo‘lgandi.


Ha, farzandlar eshitgan gaplarini unutishi mumkin, ammo ko‘rgan amallarini hech qachon unutmaydi. Bugun ota-onamizga qilgan yaxshiligimiz ertaga farzandlarimizdan albatta qaytadi.


Akbarshoh RASULOV