Sayt test holatida ishlamoqda!
11 Avgust, 2026   |   28 Safar, 1448

Toshkent shahri
Tong
03:58
Quyosh
05:28
Peshin
12:30
Asr
17:24
Shom
19:32
Xufton
21:00
Bismillah
11 Avgust, 2026, 28 Safar, 1448

Erinchoqlik+ishyoqmaslik=faqirlik

19.02.2025   7403   2 min.
Erinchoqlik+ishyoqmaslik=faqirlik

Erinchoqlik, yalqovlik kishini yaxshi ishlar qilishdan qaytaradi, g‘ayrat-shijoatini yo‘qotadi, kasb-kor bilan shug‘ullanishdan qoldiradi. Ba’zi dangasa kishilar g‘ayrat qilish va harakatni kuchaytirish o‘rniga og‘ir kunga tushib qolganda qo‘lni qovushtirib, aybni taqdirga to‘nkaydi. Uyqudagi kishining uyg‘oq odamdan xabari bo‘lmaydi. Dangasalik, tanballik illatlari qaysi inson va xalqda ildiz otsa, ularning taraqqiyotiga bolta uradi. Bora-bora ular faqir va boqimanda bo‘lib qoladilar. Umrini dangasalik bilan o‘tkazgan odamga hech qachon muvaffaqiyat yor bo‘lmaydi.

Bo‘lsa tanballik kishining peshasi,
Tekkay
oyog‘ina xorlik teshasi!

Fariduddin Attor

Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhu aytadi: Erinchoqlik va ishyoqmaslik bir-biri bilan turmush qurdi, natijada ularning o‘rtasida faqirlik tug‘ildi”.

Qaysi kishida ojizlik, noshudlik va dangasalik mujassam bo‘lsa, u faqirlikka yuz tutadi. Dangasalik va ojizlik urug‘ini yerga qadagan odam alaloqibat qashshoqlik hosilini yig‘ib oladi. Inson har bir soniyasidan to‘g‘ri foydalanmog‘i kerak. Vaqtni bekor o‘tkazish ahmoqlikdir. Dangasalik, ishyoqmaslik barcha kulfatlarning boshidir. Aslida kambag‘allik ayb emas. Ammo u yalqovlik sababidan kelgan bo‘lsa, katta aybdir.

Ulamolarimiz: “Uchta narsaning davosi yo‘q. Birinchisi, harom aralashgan kasallik. Ikkinchisi, hasad aralashgan adovat. Uchinchisi, tanballik aralashgan kambag‘allik”, deyishadi.

Dono odam yalqov kishilar bilan ulfat bo‘lmasligi kerak. Hakimlar aytadilarki, yalqovlar bilan ulfat bo‘lishdan qochish zarur. Chunki ulardan maslahat so‘ralsa, ular o‘zlarining yalqovlik nuqtayi nazaridan maslahat beradilar. Ular bo‘ladigan ishni ham o‘zlarining quvvat va idroki taqozosi bilan bo‘lmaydiganga chiqaradilar.

Hazrat Umar roziyallohu anhu: Nafsingni foydali narsalar bilan mashg‘ul qil, aks holda uni zararli narsalar egallab oladi”, deb bejiz aytmaganlar.

Dangasalik, tanballik va bekorchilikka berilgan nafs insonni turli vasvasalarga solib, har xil yomon yo‘llarga boshlaydi.

Umar roziyallohu anhu: Men odamning na dunyo ishi, na oxirat ishi bilan mashg‘ul bo‘lmasdan, bekorchi bo‘lib yurishini yomon ko‘raman”, degan.


“Halol kasb-hunar – qut-baraka keltirar” kitobidan

Boshqa maqolalar
Maqolalar

Siz eng boy odamsiz!

10.08.2026   6953   1 min.
Siz eng boy odamsiz!

Insonning fe’li qiziq: biz ko‘pincha o‘zimizda yo‘q narsalar haqida qayg‘urib, qo‘limizdagi bebaho ne’matlarni odatdagi holdek qabul qilamiz. Vaholanki, biz oddiy deb bilgan qulayliklar, sog‘liq va boshqa imkoniyatlar sayyoramizning millionlab aholisi uchun eng katta orzu hisoblanadi.


Jumladan, bugungi tongni dunyo bo‘yicha 174 mingga yaqin inson qarshi ololmadi. Ayni damda 50 milliondan ortiq odam saraton kasalligi bilan kurashmoqda. 300 million inson ranglar jilosini ko‘rish baxtidan mahrum. 400 millionga yaqin kishi esa eshitish moslamalarisiz dunyo tovushlarini eshita olmaydi. 770 milliondan ortiq katta yoshdagi inson hanuzgacha o‘qish va yozishni bilmaydi. 2,5 milliarddan ziyod aholi global axborot va internet imkoniyatlaridan uzilgan holda yashamoqda. 6,5 milliard inson esa samolyotda umuman uchib ko‘rmagan...


Bu raqamlar shunchaki quruq ko‘rsatkichlar emas. Ular ortida millionlab insonlarning ana shunday ayanchli taqdiri yotibdi.
Agar siz hozir ushbu matnni o‘qiy olayotgan, atrofdagi ranglar va tovushlarni his qilayotgan, eng muhimi, yangi kunni sog‘-omon yashayotgan bo‘lsangiz, demak, siz sayyoradagi eng baxtli insonlardan birisiz. Shunday ekan, turmush tashvishlaridan nolishni to‘xtating. Yon-atrofga boqing: siz yashayotgan bugungi kunga kimlardir yetmadi. Demak, har bir xotirjam olingan nafas, har tinch otgan tong uchun Yaratganga hamdlar aytib, shukronalik kayfiyati bilan yashang. Chunki siz eng boy odamsiz!
 

Akbarshoh RASULOV

 

Ibratli hikoyalar