Erinchoqlik, yalqovlik kishini yaxshi ishlar qilishdan qaytaradi, g‘ayrat-shijoatini yo‘qotadi, kasb-kor bilan shug‘ullanishdan qoldiradi. Ba’zi dangasa kishilar g‘ayrat qilish va harakatni kuchaytirish o‘rniga og‘ir kunga tushib qolganda qo‘lni qovushtirib, aybni taqdirga to‘nkaydi. Uyqudagi kishining uyg‘oq odamdan xabari bo‘lmaydi. Dangasalik, tanballik illatlari qaysi inson va xalqda ildiz otsa, ularning taraqqiyotiga bolta uradi. Bora-bora ular faqir va boqimanda bo‘lib qoladilar. Umrini dangasalik bilan o‘tkazgan odamga hech qachon muvaffaqiyat yor bo‘lmaydi.
Bo‘lsa tanballik kishining peshasi,
Tekkay oyog‘ina xorlik teshasi!
Fariduddin Attor
Qaysi kishida ojizlik, noshudlik va dangasalik mujassam bo‘lsa, u faqirlikka yuz tutadi. Dangasalik va ojizlik urug‘ini yerga qadagan odam alaloqibat qashshoqlik hosilini yig‘ib oladi. Inson har bir soniyasidan to‘g‘ri foydalanmog‘i kerak. Vaqtni bekor o‘tkazish ahmoqlikdir. Dangasalik, ishyoqmaslik barcha kulfatlarning boshidir. Aslida kambag‘allik ayb emas. Ammo u yalqovlik sababidan kelgan bo‘lsa, katta aybdir.
Dono odam yalqov kishilar bilan ulfat bo‘lmasligi kerak. Hakimlar aytadilarki, yalqovlar bilan ulfat bo‘lishdan qochish zarur. Chunki ulardan maslahat so‘ralsa, ular o‘zlarining yalqovlik nuqtayi nazaridan maslahat beradilar. Ular bo‘ladigan ishni ham o‘zlarining quvvat va idroki taqozosi bilan bo‘lmaydiganga chiqaradilar.
Hazrat Umar roziyallohu anhu: “Nafsingni foydali narsalar bilan mashg‘ul qil, aks holda uni zararli narsalar egallab oladi”, deb bejiz aytmaganlar.
Dangasalik, tanballik va bekorchilikka berilgan nafs insonni turli vasvasalarga solib, har xil yomon yo‘llarga boshlaydi.
Umar roziyallohu anhu: “Men odamning na dunyo ishi, na oxirat ishi bilan mashg‘ul bo‘lmasdan, bekorchi bo‘lib yurishini yomon ko‘raman”, degan.
“Halol kasb-hunar – qut-baraka keltirar” kitobidan
Mustaqilligimizning 35 yilligi munosabati bilan O‘zbekiston musulmonlari idorasi Sirdaryo viloyati vakilligi, «Vaqf xayriya» jamoat fondi hamda viloyat hokimligi hamkorligida kam ta’minlangan oilalarning 35 nafar farzandi uchun sunnat to‘yi o‘tkazildi.
Xayrli tadbir davomida bolajonlarga kiyim-kechaklar va sovg‘a-salomlar taqdim etilib, ularning quvonchiga quvonch ulashildi. To‘yxonada osh damlanib, mehmonlar va yurtdoshlarga dasturxon yozildi.
Bunday xayrli va saxovatli ishlar mustaqilligimizning 35 yilligi arafasida amalga oshirilib, xalqimizga bo‘lgan mehr-e’tibor va g‘amxo‘rlikning yana bir yorqin namunasi bo‘ldi.
Sirdaryo viloyati vakilligi matbuot xizmati