Payg‘ambarlarning vazifasi Alloh taoloning buyruq va qaytariqlarini insonlarga yetkazish, so‘zida va amalida bayon qilib berishdir. Qur’oni karimda barcha payg‘ambarlar ushbu mas’uliyatli vazifani mukammal bajarganliklari ta’kidlangan.
Payg‘ambarlar qatorida Nabiyimiz sollallohu alayhi vasallam zulmatlarni yorituvchi nur misol ummatni munavvar manzillar sari yetakladilar. Alloh taolo bunday marahamat qiladi:
وَدَاعِيا ً إِلَى اللَّهِ بِإِذنِهِ وَسِرَاجًا مُّنِيرا
“Allohning izni bilan U zotga (Uning diniga) da’vat qiluvchi va (haq yo‘lni ko‘rsatuvchi) nurli chiroq qilib yuborgandirmiz”(“Ahzob” surasi, 46-oyat).
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam go‘zal o‘rnak, insonlarga to‘g‘ri yo‘lni ko‘rsatuvchi ekanliklari ushbu oyatda bayon qilinyapti. Shu sababdan sahobalar u zotning hayotlarini diqqat bilan kuzatib, o‘zlari uchun o‘rnak qilib olishgan va kelajak avlodlarga katta g‘ayrat bilan yetkazishgan.
Payg‘ambarimiz alayhissalomdan o‘rnak olish har bir musulmon uchun eng oliy vazifa hisoblanadi. Alloh taolo bunday marhamat qiladi:
وَمَا آتَاكُمُ الرَّسُولُ فَخُذُوهُ وَمَانَهَاكُمْ عَنْهُ فَانتَهُوا وَاتَّقُوا اللَّهَ
“Payg‘ambar o‘zi sizlarga ato etgan narsani olinglar, u zot sizlarni qaytargan narsadan qaytinglar va Allohdan qo‘rqinglar”(“Hashr” surasi, 7-oyat).
Alloh taolo Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan Qiyomatga qadar barcha insonlar o‘rnak olishini ta’kidlagan. U zot alayhissalom ham so‘zda, ham amalda bayon qilgan asos va qoidalar butun insonlar uchun yo‘l ko‘rsatuvchidir. Shunday vaziyatlar bo‘lganki, u zotdan dushmanlari va ozor bergan shaxslarni la’natlash, ularga azob kelishi uchun duo qilishlarini so‘raganlar. Lekin shunday og‘ir vaziyatda ham: “Men la’natlovchi emas, balki rahmat payg‘ambari qilib yuborildim”, – deb javob berishlari fikrimizning dalilidir.
U zotning axloqlari to‘g‘risida Oisha onamizdan so‘ralganda: “U zotning xulqlari Qur’on edi”, deb javob berdilar. Oisha onamizning bergan javoblaridan Qur’onning buyruq va qaytariqlariga bo‘ysunish eng chiroyli axloq ekanini yana bir bor anglaymiz. Imom Navaviy: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Qur’on rozi bo‘lgan ishdan rozi, Qur’on norozi bo‘lgan ishdan norozi bo‘lar edilar”, deganlar. Bulardan ayon bo‘ladiki, musulmon kishi oyat va hadislardagi buyruqlarga bo‘ysungan vaqt Payg‘ambarimiz alayhissalomni o‘zlariga o‘rnak qilib olgan bo‘ladi.
Haqiqatda, Rasululloh alayhissalom arzimas sabablar tufayli bir-birini halok qiladigan, axloqsizlikning yuqori cho‘qqisiga chiqqan qavmdan Saodat asri deya e’tirof etilgan jamiyatni tarbiyaladilar. Payg‘ambar alayhissalomning bu yutuqqa erishishlarida buyuk axloqlari, hayot yo‘llarining ta’siri bor, albatta.
Bundan kelib chiqadiki, go‘zal xulqning inson hayotida tutgan o‘rni beqiyosdir. Zero, Islom dini mohiyatini boshqalarga namoyon etishning eng yaxshi yo‘li go‘zal axloqdir!
Hoshim domla Amanov,
Toshkent islom instituti o‘qituvchisi
Har yili 21 oktyabr kuni yurtimizda ona tilimizning bayrami katta shodiyona bilan nishonlanadi. Bu sana biz uchun nafaqat milliy o‘zlikni anglash, balki Parvardigorimiz tomonidan in’om etilgan ulug‘ ne’mat, so‘zlash iqtidori haqida tafakkur qilishga chorlov fursatidir.
Alloh taolo Rum surasining 22-oyatida: "Osmonlar va yerning yaratilishi hamda tillaringiz va ranglaringizning turlicha bo‘lishi Uning oyat-alomatlaridandir", deb marhamat qiladi. Ushbu ilohiy hikmatdan ko‘rinadiki, insonlarning turli tillarda so‘zlashishi va har bir xalqning o‘z ona tiliga ega bo‘lishi Yaratganning insoniyatga bergan bebaho boyligidir.
Asrlar davomida Ahmad Yassaviy, Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Bobur kabi ko‘plab allomalarimiz o‘zbek tili rivojiga beqiyos hissa qo‘shganlar. Xususan, Alisher Navoiy hazratlari o‘z asarlari orqali turkiy tilning naqadar boy va balog‘atli ekanini isbotlab, unda ilohiy ishq, go‘zal axloq va ma’rifatni betakror tarzda tarannum etganlar.
Qolaversa, ona tilimizda bitilgan yo o‘zbekchaga o‘girilgan minglab diniy-ma’rifiy, axloqiy manbalar xalqimizning iymon-e’tiqodini yanada mustahkamlashga xizmat qilib kelmoqda.
Dinimiz so‘zga o‘ta mas’uliyatli bo‘lishga chaqiradi. Payg‘ambarimiz Muhammad Mustafo sollallohu alayhi va sallam: "Kim Allohga va oxirat kuniga iymon keltirgan bo‘lsa, yaxshi gap aytsin yoki sukut saqlasin", deb ogohlantirganlar.
Ona tilimizni asrab-avaylash faqatgina uning lug‘at boyligini saqlash emas, balki tilni beadab so‘zlardan, g‘iybat va yolg‘ondan pok tutish, undan xayrli va ma’rifiy ishlarda foydalanish bilan bo‘ladi.
Demak, bizning ona tilimiz ham Allohning bizga bergan omonati. Bu omonatni asrash, uni kelajak avlodga sof va go‘zal holda yetkazish, farzandlarimizga ona tilimizda ezgulik va poklikni o‘rgatish insoniy burchimizdir. Alloh taolo yurtimizni tinch, ona tilimizni hamisha boy va jarangdor aylasin!
Abdulatif ABDULLAYEV