Sayt test holatida ishlamoqda!
16 Sentabr, 2026   |   5 Rabi`us soni, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:44
Quyosh
06:04
Peshin
12:18
Asr
16:41
Shom
18:35
Xufton
19:51
Bismillah
16 Sentabr, 2026, 5 Rabi`us soni, 1448

Eng go‘zal namuna

19.02.2025   12768   3 min.
Eng go‘zal namuna

Payg‘ambarlarning vazifasi Alloh taoloning buyruq va qaytariqlarini insonlarga yetkazish, so‘zida va amalida bayon qilib berishdir. Qur’oni karimda  barcha payg‘ambarlar ushbu mas’uliyatli vazifani mukammal bajarganliklari ta’kidlangan.

Payg‘ambarlar qatorida Nabiyimiz sollallohu alayhi vasallam zulmatlarni yorituvchi nur misol ummatni munavvar manzillar sari yetakladilar. Alloh taolo bunday marahamat qiladi:

وَدَاعِيا ً إِلَى اللَّهِ بِإِذنِهِ وَسِرَاجًا مُّنِيرا


“Allohning izni bilan U zotga (Uning diniga) da’vat qiluvchi va (haq yo‘lni ko‘rsatuvchi) nurli chiroq qilib yuborgandirmiz”(“Ahzob” surasi, 46-oyat).


Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam go‘zal o‘rnak, insonlarga to‘g‘ri yo‘lni ko‘rsatuvchi ekanliklari ushbu oyatda bayon qilinyapti. Shu sababdan sahobalar u zotning hayotlarini diqqat bilan kuzatib, o‘zlari uchun o‘rnak qilib olishgan va kelajak avlodlarga katta g‘ayrat bilan yetkazishgan.


Payg‘ambarimiz alayhissalomdan o‘rnak olish har bir musulmon uchun eng oliy vazifa hisoblanadi. Alloh taolo bunday marhamat qiladi:

وَمَا آتَاكُمُ الرَّسُولُ فَخُذُوهُ وَمَانَهَاكُمْ عَنْهُ فَانتَهُوا وَاتَّقُوا اللَّهَ 

“Payg‘ambar o‘zi sizlarga ato etgan narsani olinglar, u zot sizlarni qaytargan narsadan qaytinglar va Allohdan qo‘rqinglar”(“Hashr” surasi, 7-oyat).


Alloh taolo Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan Qiyomatga qadar barcha insonlar o‘rnak olishini ta’kidlagan.  U zot alayhissalom ham so‘zda, ham amalda bayon qilgan asos va qoidalar butun insonlar uchun yo‘l ko‘rsatuvchidir. Shunday vaziyatlar bo‘lganki, u zotdan dushmanlari va ozor bergan shaxslarni la’natlash, ularga azob kelishi uchun duo qilishlarini so‘raganlar. Lekin shunday og‘ir vaziyatda ham: “Men la’natlovchi emas, balki rahmat payg‘ambari qilib yuborildim”, – deb javob berishlari fikrimizning dalilidir.


U zotning axloqlari to‘g‘risida Oisha onamizdan so‘ralganda: “U zotning xulqlari  Qur’on edi”, deb javob berdilar. Oisha onamizning bergan javoblaridan Qur’onning buyruq va qaytariqlariga bo‘ysunish eng chiroyli axloq ekanini yana bir bor anglaymiz. Imom Navaviy: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Qur’on rozi bo‘lgan ishdan rozi, Qur’on norozi bo‘lgan ishdan norozi bo‘lar edilar”, deganlar. Bulardan ayon bo‘ladiki, musulmon kishi oyat va hadislardagi buyruqlarga bo‘ysungan vaqt Payg‘ambarimiz alayhissalomni  o‘zlariga o‘rnak qilib olgan bo‘ladi.


Haqiqatda, Rasululloh alayhissalom arzimas sabablar tufayli bir-birini halok qiladigan, axloqsizlikning yuqori cho‘qqisiga chiqqan qavmdan Saodat asri deya e’tirof etilgan jamiyatni tarbiyaladilar. Payg‘ambar alayhissalomning bu yutuqqa erishishlarida buyuk axloqlari, hayot yo‘llarining ta’siri bor, albatta.


Bundan kelib chiqadiki, go‘zal xulqning inson hayotida tutgan o‘rni beqiyosdir. Zero, Islom dini mohiyatini boshqalarga namoyon etishning eng yaxshi yo‘li go‘zal axloqdir!


Hoshim domla Amanov,

Toshkent islom instituti o‘qituvchisi  

 

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Ozarbayjonda muftiylar anjumani boshlandi

14.09.2026   22403   1 min.
Ozarbayjonda muftiylar anjumani boshlandi

Bugun, 14 sentyabr kuni Boku shahrida Turkiy davlatlar muftiylari kengashining navbatdagi VII yig‘ilishi o‘z ishini boshladi.

Anjumanda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari, Kavkaz musulmonlari idorasi raisi, Shayxulislom Allohshukur Poshshozoda, Turkiya Diyonat ishlari boshqarmasi raisi Safi Arpagush, Qozog‘iston musulmonlari diniy boshqarmasi raisi, bosh muftiy Navro‘zbay hoji Tag‘anuli, Qirg‘iziston musulmonlari diniy nazorati raisi, muftiy Abdulaziz qori Zakirov hamda boshqa qardosh va xorijiy davlatlar ulamolaridan iborat nufuzli delegatsiyalar ishtirok etmoqda.

Yalpi majlisda nutq so‘zlagan muftiylar o‘z ma’ruzalarida quyidagi ustuvor yo‘nalishlarga alohida e’tibor qaratmoqdalar:

– Kengash qoshidagi Fatvo hay’ati faoliyatini rivojlantirish, ummat uchun zarur qo‘shma fatvolar ishlab chiqish va zamonaviy masalalarga shar’iy yechim topish;

– diniy ta’lim muassasalarida ustoz va talabalar almashinuvini yo‘lga qo‘yish, ilmiy-uslubiy loyihalarni amalga oshirish;

– ekstremizm, terrorizm, takfirchilik, islomofobiya va mazhablararo nizo qo‘zg‘ash kabi tahdidlarga qarshi yakdil ma’rifiy kurashni kuchaytirish.

Shuningdek, Ulamolar diniy-ma’rifiy sohadagi ana shunday hamkorlik butun Turkiy dunyo birdamligini mustahkamlashga xizmat qilishini ta’kidladilar.

Anjuman davom etmoqda.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari