Yaqin kunlarda o‘zbek tilida yuritiladigan xorij nashrlarining birida O‘zbekiston musulmonlari idorasi faoliyatiga oid asoslanmagan ma’lumotlar tarqatildi. Mazkur xabarlarda go‘yoki Diniy idorada moliyaviy kamomad kuzatilgani va mablag‘lar o‘zlashtirilgani haqida haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan bir qator iddaolar qilingan.
Ziyrak va oqil kishi mana shunday xabarlar ketma-ketligi va undagi ma’lumotlarning dalillanmaganini kuzatib, jamoatchilik orasida Diniy idorani obro‘sizlantirish maqsad qilinganini yaqqol anglab yetadi.
Eng avvalo, ta’kidlash kerakki, O‘zbekiston musulmonlari idorasi o‘z Ustav talablariga ko‘ra, tashkiliy-huquqiy jihatdan nodavlat notijorat tashkilot bo‘lib, hech qanday tijoriy faoliyat bilan shug‘ullanmaydi. Diniy idoraning sarf-xarajatlari masjidlar, ziyoratgohlar va turli xayriya ishlaridan tushgan ehsonlar hisobidan qoplanadi.
Mazkur yig‘ilgan mablag‘lar tasdiqlangan smeta asosida sarflanadi va moliyaviy aylanmalar O‘zbekiston musulmonlari idorasi Oliy Hay’ati, Taftish komissiyasi, adliya organlari va soliq idoralari tomonidan doimiy nazorat qilib boriladi. Xususan, 2024 yilning 1-12 noyabr kunlari O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi mutaxassislari, soliq idoralari xodimlari tomonidan Diniy idorada qonunchilik hujjatlari bajarilishi va moliyaviy faoliyatlarning qonuniyligi yuzasidan o‘rganish ishlari olib borilgan.
O‘rganishlar yakuni bo‘yicha Adliya vazirligining 2024 yil 18 noyabr kunidagi 21/5-978/9-sonli taqdimnomasida Diniy idorada moliyaviy kamomad va noqonuniy xatti-harakatlar mavjud emasligi qayd etilgan. Bundan tashqari, Taftish komissiyasi O‘zbekiston musulmonlari idorasining 2021-2024 yillardagi moliyaviy faoliyatini batafsil tekshirib, mazkur jarayonlar amaldagi qonunchilikka muvofiq ekani to‘g‘risida O‘zbekiston musulmonlari idorasi Oliy Hay’atiga hisobot bergan.
Tarqatilgan xabarlardagi “Vaqf” xayriya jamoat fondi rahbariga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi esa uning mazkur vazifaga kirishishdan oldingi faoliyati bilan bog‘liq ekanini alohida ta’kidlash kerak. Olib borilgan tergov jarayonlarida ham Fond mablag‘larini noo‘rin sarflash va o‘zlashtirish holatlari o‘z tasdig‘ini topmagan. Fond o‘z faoliyatini qonunchilik hujjatlari va Vasiylik kengashi qarorlari asosida olib boradi. Mazkur Kengash Fond faoliyatining dinimiz talablari va qonunchilik hujjatlariga muvofiqligini muntazam nazorat qilib boradi.
Shuningdek, haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan xabarlarning birida umra ziyoratchilari uchun nimcha va sumka bo‘yicha o‘tkazilgan tanlov haqida ham asoslanmagan ma’lumotlar uchraydi. Ma’lumki, mamlakatimizda haj va umra safarini tashkil etish ishlari Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 7 iyundagi “Haj va umra tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 364-sonli qaror asosida amalga oshiriladi. Ushbu qarorga ilova qilingan Nizomning 17-bandida ziyoratchilar uchun kiyim-kechak va sumka tayyorlab beruvchi tashkilotlarni tanlash uchun alohida tender (tanlov) o‘tkazish va tender (tanlov) xulosalarini Jamoatchilik kengashiga kiritish va Jamoatchilik kengashi qaroriga asosan tender (tanlov)da g‘olib chiqqan tashkilotlar bilan shartnomalar tuzish belgilangan.
Aytish joizki, har yili nimcha (kamzul) va sumka tayyorlab berish bo‘yicha alohida ochiq tanlov o‘tkaziladi va bu haqda OAVda e’lonlar beriladi. Unda firmalar tomonidan taqdim etilgan bir qator hujjatlar bilan birga nimcha (kamzul) va sumka namunalari sifati va narxi mutaxassislar tomonidan o‘rganilib, ularning yakuniy xulosasi Jamoatchilik kengashiga kiritiladi.
Shuningdek, mazkur xabarda umra ziyoratchilari uchun nimcha va sumkalarga pullar o‘tkazilib, o‘zlashtirib yuborilgan, degan mazmundagi ma’lumot ham asossizdir. Chunki, o‘tkazilgan tanlovda g‘olib chiqqan firma bilan tuzilgan shartnomaga asosan har bir nimcha uchun 34.130,91 so‘mdan (QQSsiz), har bir sumka uchun 28.369,09 so‘mdan (QQSsiz) tasdiqlangan smeta asosida mablag‘ ajratilgan. Mazkur nimcha va sumkalar umra ziyoratchilariga tarqatilgan va ular Saudiya Arabistonida ibodatlarini ado etib qaytdilar.
Yana bir xabarda keltirilgan vaj ham haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi, ya’ni haj va umraga oid faoliyat ayrim shaxslarning ko‘rsatmasi bilan emas, balki Vazirlar Mahkamasi, Jamoatchilik kengashi qarorlari va nazorati asosida amalga oshiriladi. Shuningdek, mazkur masalalarga oid barcha tashkiliy-huquqiy ishlar O‘zbekiston musulmonlari idorasi huzuridagi “Haj va umra tadbirlarini tashkil etish markazi” tomonidan amalga oshiriladi.
Ushbu xabarlarda asoslanmagan ma’lumotlarni Din ishlari bo‘yicha qo‘mita faoliyatiga ham bog‘lashga urinilgan. Ta’kidlash kerakki, mazkur qo‘mita davlat organlarining diniy tashkilotlar bilan o‘zaro aloqasi va hamkorligini muvofiqlashtirish hamda vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlariga muvofiq din ishlari sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshirish bilan shug‘ullanadi. Demak, qo‘mita yoki undagi mansabdor shaxslar O‘zbekiston musulmonlari idorasi yoki “Vaqf” xayriya jamoat fondi faoliyatiga bevosita aralashmaydi.
Bayon etilganlardan kelib chiqib, axborot asrida Internet nashrlari va ijtimoiy tarmoq yurituvchilari turli manbalar orqali taqdim etilgan ma’lumotlarni ommaga e’lon qilishdan avval tekshirib ko‘rishlari lozim. Zero, asoslanmagan ma’lumotlarni tarqatish qonunchilikda javobgarlikka, dinimizda esa og‘ir gunohga sabab bo‘ladi. Alloh taolo bunday ogohlantiradi: “Ey iymon keltirganlar! Agar fosiq xabar keltirsa, aniqlab ko‘ringiz, bilmay bir qavmga musibat yetkazib qo‘yib, qilganingizga nadomat chekuvchi bo‘lmangiz” (“Hujurot” surasi, 6-oyat). Mufassirlar oyati karimani sharhlab, keltirilgan har qanday xabarga ishonavermaslikni, agar fosiq kishi biror gap olib kelsa, uni yaxshilab tekshirib ko‘rish zarurligini ta’kidlashadi.
Xulosa o‘rnida aytish joizki, har bir mo‘min-musulmon kishi haqiqatdan yiroq gaplarga uchmasligi, fitnalardan ogoh bo‘lishi darkor. Shuningdek, to‘g‘ri axborot olish, uni to‘g‘ri yetkaza bilish bugungi kun kishisining shiori bo‘lishi kerak.
So‘zimiz nihoyasida, Ramazoni sharif ostonasida turli fitnalarga berilmasdan, ulug‘ kunlarni g‘animat bilishga chaqiramiz. Alloh taolo hammamizga insof-tavfiq bersin.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Shukuh
Mamlakatimizda muborak Qurbon hayitini ko‘tarinki kayfiyatda nishonlash yaxshi an’anaga aylangan. Bayram kunlari yurtimizda mehr-oqibat, insonparvarlik, shukronalik, saxovat va bag‘rikenglik kabi xalqimizga xos ezgu fazilatlar yanada yorqin namoyon bo‘ladi.
Ushbu muborak ayyomda qarindosh-urug‘lar, yaqinlar, yolg‘iz keksalar holidan xabar olinadi, ko‘makka muhtoj insonlarga yordam beriladi, qisqacha aytganda, jamiyatda birdamlik va ahillik muhiti yana ham mustahkamlanadi.
Kezi kelganda, bugun mamlakatimiz yangi taraqqiyot bosqichiga chiqqanini, barcha sohalar qatori diniy-ma’rifiy jabhada ham ko‘plab islohotlar amalga oshirilayotganini, yutuqlarga erishilayotganini alohida qayd etish lozim.
Yangi O‘zbekistondagi bu muvaffaqiyatlar zamirida fuqarolarning vijdon erkinligi huquqlarini ta’minlash borasidagi yangilik va yengilliklarni alohida qayd etish, xususan, ikki muhim hujjatni eslab o‘tish lozim.
Birinchisi — “O‘zbekiston Respublikasida fuqarolarning vijdon erkinligini ta’minlash va diniy sohadagi davlat siyosati konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi Qonun, ikkinchisi — Prezidentimizning “Fuqarolarning vijdon erkinligi huquqi kafolatlarini yanada mustahkamlash hamda diniy-ma’rifiy sohadagi islohotlarni yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni. Ushbu ikki muhim hujjat tom ma’noda diniy-ma’rifiy soha samaradorligini yangi bosqichga olib chiqishning mustahkam huquqiy asosi bo‘ldi.
Farmonga asosan, ko‘hna Buxoroda Bahouddin Naqshband ilmiy-tadqiqot markazi tashkil etildi. Bu xalqimiz, xususan, diniy-ma’rifiy soha vakillari uchun katta xushxabardir. Ushbu markaz tom ma’noda buyuk ajdodimiz Bahouddin Naqshband va naqshbandiylik tariqati allomalarining yuksak insonparvarlik g‘oyalarini ilmiy asosda o‘rganish, yosh avlodni bag‘rikenglik hamda o‘zaro hurmat ruhida tarbiyalashda muhim o‘rin tutadi. Shuningdek, tasavvuf ta’limoti tarixi va uning bugungi kundagi ahamiyatini ilmiy tadqiq etish, “Yetti pir” allomalari va aziz avliyolarning boy ilmiy-ma’naviy merosini xalqaro maydonda keng targ‘ib qilish kabi asosiy vazifalarni bajaradi. Naqshbandiylik ta’limotining ezgu g‘oyalarini tadqiq etish uchun ilmiy-nazariy va uslubiy masalalarga bag‘ishlangan anjuman, konferensiya, ko‘rgazma, seminar-trening, tanlovlar hamda boshqa madaniy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etadi. Tasavvuf ta’limotining ilmiy asoslangan g‘oyalarini targ‘ib qiladi va soxta tariqatchilikning oldini olish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqadi.
Sirasini aytganda, ushbu markaz ham Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari hamda O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi singari uchinchi Renessansni qaror toptirish yo‘lidagi yana bir mustahkam ilm va aql markazi bo‘ladi, albatta.
Shu o‘rinda, O‘zbekiston Prezidentining Qurbon hayiti munosabati bilan yo‘llagan tabrigida ta’kidlanganidek, buyuk tariximiz va madaniyatimiz durdonalarini, mashhur allomalarimizning boy merosini to‘plash va keng targ‘ib etishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Jumladan, ko‘hna Sharq mo‘jizasi — Samarqand shahri 2025 yilda Islom madaniyati poytaxti, deb e’lon qilindi, ulug‘ vatandoshimiz Imom Moturidiyning 1155 yillik tavallud sanasi yurtimiz bo‘ylab keng nishonlanmoqda.
Poytaxtimizda bunyod etilayotgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ilmiy-ma’naviy yo‘nalishdagi ulkan va noyob loyiha sifatida el-yurtimiz hamda xalqaro jamoatchilikda katta qiziqish uyg‘otmoqda. Bu muazzam maskan ko‘p ming yillik qadimiy tariximiz, boy va betakror milliy madaniyatimizning yorqin timsoli sifatida yangi O‘zbekiston hayotidagi g‘oyat muhim voqeaga aylanajak, albatta.
Shukrki, maqtansak arziydigan bu kabi xushxabar va yangiliklar bisyor. Ayniqsa, ayni hayit kunlarida bu yurtdoshlarimiz kayfiyatini yanada ko‘tarishi, bayramga o‘zgacha shukuh qo‘shishi muqarrar.
Kezi kelganda aytish joizki, muborak Qurbon hayitining ahamiyati yangi O‘zbekistonda ijtimoiy davlat barpo etish jarayonlari hal qiluvchi bosqichga kirayotgan bugungi sharoitda tobora ortib bormoqda. Bu muborak kunda yaqinlar bilan ko‘rishish, uzoqlashgan do‘stlar bilan yarashish, qarindosh-urug‘larga ziyoratga borish — barchasi mehr-oqibat va insonlar o‘rtasidagi uzviy aloqalarni mustahkamlaydi.
Hayit faqat bayramgina emas, balki ming yillar davomida shakllangan qadriyatlarimiz tarannumi hisoblanadi. Odatda ushbu ayyomda hamma bir-birini bayram bilan samimiy muborakbod etadi, qurbonliklar qilinadi. Qurbonlik go‘shtidan va taomidan ehtiyojmand, kam ta’minlangan insonlar, turli millat va din vakillariga ulashiladi. Bu, o‘z navbatida, saxiylik, shukronalik, jamiyatdagi tenglikni ta’minlashga qaratilgan ulkan ibrat hamda muhtojlar, yetim-yesirlar va e’tiborga muhtoj insonlar haqida qayg‘urishning amaliy ifodasi, qolaversa, o‘zaro mehr-oqibat rishtalarining yanada mustahkamlanishiga sabab bo‘ladi.
Hayit ayyomingiz muborak bo‘lsin!
Homidjon ISHMATBЕKOV,
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari.