Shayx Muhammad G‘azzoliy rahimahulloh aytadilar:
“Hanafiy va molikiy mazhablari imom juma xutbasini o‘qiyotgan vaqtida masjidga kirgan kishi tahiyyatul-masjid namozini o‘qishi makruh deb biladilar. Holbuki, bu namozni o‘qish haqida hadis kelgan. Buning sababi nima?
Biroz mulohaza yuritib, shunday xulosaga keldim: Juma xutbasi hijratdan keyin shariatga kirgan. Musulmonlar o‘n yil davomida Rasululloh sallallohu alayhi vasallamning orqalarida juma namozini o‘qiganlar, ya’ni bu davrda taxminan 500 ta xutba aytilgan. Lekin ular qayerda? Nega muhaddislar bu xutbalarni yozib qoldirmagan? Ular faqat sanoqligina xutbalarni qayd etgan!
Haqiqat shundaki, Rasululloh sallallohu alayhi vasallam xutba qilganlarida Qur’on tilovat qilar edilar. U zot minbarda turganlarida Allohning kitobini o‘qish bilan band bo‘lardilar, shuning uchun barcha kishilar sukut saqlab, diqqat bilan eshitishlari kerak edi. Hech kim o‘sha paytda boshqa narsa bilan, jumladan, namoz yoki qiroat bilan mashg‘ul bo‘lolmas edi. Chunki Alloh taolo bunday marhamat qilgan: “Qachon Qur’on o‘qilsa, uni diqqat bilan eshiting va jim turing, shoyadki rahm qilinsangiz” (A’rof surasi, 204-oyat)”.
Homidjon qori ISHMATBЕKOV
Hanafiy mazhabining yetuk faqihi Ibn Obidin rahimahulloh “Tanqiyhul fatovol Homidiyya” kitobida bunday deganlar: “Talaba ilm olish uchun yo‘lga chiqsa, uning moddiy sharoitini ta’minlash musulmonlar zimmasiga lozim bo‘lur. Agar unga yetarli mablag‘ni ajratmasalar, shu mablag‘ ulardan qozining buyrug‘i ila majburan undirib berilur. Shuningdek, zakotni vaqtida ado qilmay, zimmasida zakot berish qarzi bo‘lgan kishilarni ham uni ado etishga (tolibi ilmga berishga) majburlanurlar”.
Molikiy mazhabining yetuk faqihi Qasriy ibn Muhammad al-Muxtor ibn Usmon ibn al-Qasriy, al-Iydaylabiy rahimahulloh “Tolibi ilmlar har yili musulmonlardan yuz dinor miqdorida moliyaviy mablag‘ olishga haqli bo‘lurlar” – deb fatvo berganlari aytilgan.
Alloma Ibn Obidin rahimahulloh: “Raddul Muhtor” kitobida bunday deganlar: “Baytul-mol ya’ni davlat budjetidan ajratiladigan yordam pullarining beriladigan o‘rinlaridan biri – olimlar va boshqa ishlarni tashlab, shar’iy ilm olishga astoydil kirishgan talabalardir”. Vallohu a’lam.
Bahodir Bahromjon o‘g‘li,
“Hadis va islom tarixi fanlari” kafedrasi o‘qituvchisi.